Ayolni bejiz gulga qiyoslashmaydi. Zero, u nozik xilqat, nafosat timsoli. Ammo, shunday ayollar borki, ularning sabr-matonati metindan qattiq, tog‘lardek mustahkam. Besh nafar farzandning onasi Dilorom Islomova sabr va toqat timsoliga aylanayozgan ayollardan biri. Mana, bir necha oydirki, yolg‘iz ona (turmush o‘rtog‘i turli vajlar bilan jazoni o‘tash muassasasida) uy musodara qilingach, ijarama-ijara yashab kun kechirdi. Ammo voyaga yetmagan farzandlari bilan ijara haqini to‘lash ham qiyin bo‘lib qoldi, tor hovlida tiqilib yashayotgan uch oilaning to‘rtinchisi bo‘lib, Dilorom ota uyiga qaytib kelishga majbur bo‘ldi.

Video: Youtube

Video: Mover (tas-ix)

«Ota-onam pensioner, o‘zlari ham ko‘pchilik: ikki akam, besh nafar farzandi, turmushga chiqmagan singillarim bor» , — deya oilaning tang ahvolini tushuntiradi Dilorom Islomova.

Uyda xonalar yetishmasligi sababli Diloromning akasi 3 nafar farzandi bilan ijaraga chiqib ketgan. Dilorom esa farzandlari bilan oshxonada yashab kelmoqda. Kichik farzandi hali go‘dakligi tufayli (1 yosh) ishlab pul topishga ham imkoniyati ham yo‘qolgan. Shunga qaramay, qora qozonni qaynatish uchun 13 yoshli to‘ng‘ich qizi va besh bolaning onasi pishiriq sotadi.

Bir yoqda esa, ikki farzand maktabga, yana ikkisi bog‘chaga chiqishi kerak. Dilorom barchaning rizqini berib turgan Zot uni ham tashlab qo‘ymasligiga ishonadi. Aynan mana shu ishonch Diloromning: «Bir kun kelib, bu vaziyatdan chiqib ketaman. Agar chiqolmasam sabr qilaman» , — degan so‘zlarida mujassam.

Har bir idrokli shaxs atrofdagi yaqinlari, jamiyatning boshqa a'zolariga e'tiborsiz bo‘lishi mumkin emas. Besh bolaning kelajakda yetuk olim va mehnatkash kadrlar bo‘lib tarbiya topishida Dilorom yordamga muhtoj. Arzimagan ko‘mak, shirin so‘z va e'tibor besh qalbga yaxshilik urug‘ini ekadi, ular mehribon bo‘lib ulg‘ayishiga sababchi bo‘ladi.

Xayriya qilmoqchi bo‘lganlar uchun Dilorom Islomovaning plastik karta raqami: 8600 0417 9510 9991