Sport | 14:08 / 05.05.2021
17897
14 daqiqa o‘qiladi

Gvardiola beshinchi urinishda uddaladi. «Siti» - ilk bor finalda

«Siti» ikkinchi o‘yinda ham «PSJ»dan ustun keldi. Kataloniyalik murabbiy 10 yil o‘tib yana asosiy yevrokubokning hal qiluvchi o‘yinida bo‘ladi.

Foto: AFP

Chempionlar ligasi. 1/2 final. Javob o‘yini
«Manchester Siti» (Angliya) — «PSJ» (Fransiya) — 2:0 (1:0)
Gollar: Mahrez, 11 (1:0). Mahrez, 63 (2:0).
«Manchester Siti»: Ederson, Fernandinyu, Uoker, Stouns, Zinchenko, Ruben Diash, Gundo‘g‘an, De Bryuyne (Sterling, 82), Foden (Aguero, 85), Mahrez, Bernardu Silva (Gabriel Jyezus, 82).
«PSJ»: Navas, Florensi (Dagba, 75), Markinos, Kimpembe, Diallo (Bakker, 83), Errera (Draksler, 62), Verratti, Paredes (Danilu Pereyra, 75), Di Mariya, Neymar, Ikardi (Kin, 62).
Ogohlantirishlar: Errera, 22. Verratti, 71. Zinchenko, 72. De Bryuyne, 74. Kimpembe, 87. Danilu Pereyra, 89.
Chetlatish: Di Mariya, 69.
Hakam: Kuypers (Niderlandiya).
4 may. Manchester. «Etihad» stadioni.
Birinchi o‘yin — 2:1.

O‘n yil o‘tdi. 2011 yil mayida Pep Gvardiolaning «Barselona»sm finalda «Manchester Yunayted»ni 3:1 hisobida mag‘lub etgan, bir mavsum o‘tib murabbiy ko‘k-anorranglilar boshqaruvidan ketgandi. O‘tgan o‘n yil ichida «Barselona» yana bir bor Yevropaning eng yaxshi jamoasi deb topilgan bo‘lsa, Gvardiola 2021 yilga qadar «Bavariya» bilan ham, «Manchester Siti» bilan ham ushbu turnir finaligacha yetib bora olmadi.

Har qanday katta murabbiy yoki futbolchilarning o‘z heyterlari bo‘ladi. Gvardiolani yomon ko‘ruvchilar bir necha yil oldin unga laqab ham o‘ylab topishgandi — Fraudiola. Bu Pepning familiyasi va inglizcha fraud so‘zi («firibgar») qorishmasidan iborat gibrid so‘z. Gvardiolaning heyterlari aslida uning hech qanday sehri yo‘qligi, u Leo Messi, Xavi va Inesta kabi futbolchilarisiz Yevropa futbolida hech narsa qila olmasligiga amin edilar.

Bu mavsum esa murabbiy bularning barchasi bo‘lmagan gap ekanini isbotladi. Balki «Manchester Siti»da Messi darajasidagi futbolchi yo‘qdir, ammo u Gvardiolaga kerak ham bo‘lmadi. «PSJ»ga qarshi javob o‘yinida dubl qayd etgan Mahrez intrigani o‘ldirish uchun yetarli bo‘ldi.

Safardagi o‘yinda g‘alaba qozongani tufayli «Manchester Siti»da katta ustunlik bor edi - bu taktika tanlashda ham imkoniyatlarni kengaytirardi. Bu mavsumda jamoa maydonda ikkinchi raqamda o‘ynagan o‘yinlar bungacha ham bo‘lgandi (masalan, «Liverpul»ga qarshi). Gvardiola Parijdagi o‘yin bilan taqqoslaganda ikki o‘zgarish amalga oshirdi: Rodri va Kanselu zaxirada qoldirildi, ularning o‘rniga Fernandino va Zinchenko ilk daqiqalardan harakat qilishdi. Bu ikki o‘zgartirish ham pozitsiya bo‘yicha o‘zgartirishlar edi va bir qarashda tuzilma o‘sha-o‘sha holida qolgandi. Ammo baribir Pep nimanidir o‘zgartirgandi.

Foden va Mahrez to‘psiz holatda yarimhimoyada o‘ynashdi, Silva va de Bryuyne oldinda qolib, markaziy himoyachilarni band qilib turishdi. 4-4-2 sxemasi, ammo qanot yarimhimoyachilari yuqori joylashgan. Ularga pressing vaqtida gibrid rol berildi: «PSJ» to‘pni markaz orqali oldinga olib bormoqchi bo‘lganda, ular markazga ko‘chib, mehmonlarning tayanch yarimhimoyachilarini yopishdi, bu orqali «Siti» bu hududda son jihatdan ustunlik qildi. To‘p «PSJ» fulbeklari orqali harakatlantirilgan vaqtda esa Mahrez va Foden qanotlarni egallashdi. De Bryuyne va Silva to‘psiz holatda markaziy himoyachilar bilan o‘ynashdi.

Maurisio Pochettinoda esa variantlar yo‘q edi: uydagi mag‘lubiyatdan keyin «PSJ»ni faqat g‘alaba qanoatlantirardi. Undan tashqari, kadrlar muammosi bor edi: avvalgi o‘yindagi qizil kartochka tufayli Geyye jamoaga yordam bera olmasdi,  Mbappe «Lans»ga qarshi o‘yinda olgan jarohatidan to‘liq tuzalishga ulgurmadi va zaxirada qoldirildi. Natijada Pochettino yarimhimoyaga Verratti-Paredes-Errera uchligini tushirdi, hujumda Neymar va Di Mariya markazdagi Ikardining ikki yonidan joy olishdi.

«PSJ» pozitsion himoyalanganda, Di Mariya to‘rtinchi yarimhimoyachiga aylandi va o‘ng qanotni yopdi. Ammo pressing vaqtida markazga yaqin o‘ynab, Gundo‘g‘anni qo‘riqladi, «PSJ» yarimhimoyasi romb shaklini oldi. Mezbonlardan farqli ravishda, «PSJ» pressingni raqib markaziy himoyachilariga qadar olib bormadi, birinchi navbatda markazda ustunlik qilishga urindi.

O‘yin boshida parijliklar yarimhimoyasi pressing ostida ham to‘pni nazorat qilib turdi. Shu tufayli mehmonlar hududlarda ustunlik qilib, raqib tomonda to‘pni ko‘p vaqt davomida ushlab turishdi. Golga qadar mehmonlar sezilarli ustunlikka ega edi. To‘pga egalik qilish bo‘yicha: 36 foizga 64 foiz, maydonning uchinchi qismidagi paslar soni bo‘yicha 6-17, darvozaga zarbalar bo‘yicha: 0:2.

Lekin «PSJ»ning shunday ustunligi fonida «Siti» gol urdi. Bu mantiqqa zid ko‘rinadi, ammo mezbonlar mehmonlarni kelishmasdan qilingan pressing uchun jazolashdi. Di Mariya Gundo‘g‘anni qo‘riqlash uchun markazga o‘tgandi, shu tufayli qanotda Zinchenko ochiq qoldi. Ederson esa uning yo‘nalishi bo‘ylab 70 metr masofaga to‘pni uzatib berdi, ukrainalik futbolchi to‘pga yetib borib, uni markazdan kelayotgan de Bryuynega tashlab berdi, u esa o‘ngdagi Mahrezga to‘p uzatish o‘rniga zarba berdi, zarba himoyachilarga tegib, yo‘nalishini o‘zgartirdi va baribir Mahrezga borib tushdi, u esa to‘pni Kimpembe va Navasning oyoqlari orasidan o‘tkazdi - 1:0.

Goldan keyin ham «PSJ» hududlar bo‘yicha ustunlikni saqlab qoldi, lekin bu ustunlik kamaydi. 11-daqiqadan boshlab tanaffusga qadar to‘pga egalik qilish bo‘yicha ustunlik mehmonlar foydasiga 54 foizni tashkil etdi, shuningdek, maydonning uchinchi qismida berilgan paslar soni bo‘yicha ustunlik ham ularda edi - 72ga 62. Ya'ni ular goldan keyin ham darhol tashabbusni qo‘lga olib, hujumlar uyushtirishdi, buning sababi, birinchidan, «Siti» o‘yin bunday kechishiga qarshi emasdi, ikkinchidan, bu to‘liq ustunlik emas, shunchaki nisbatan ustunlik edi. Pozitsion hujumlarda «PSJ» hech narsa qila olmadi.

Gvardiolaning «Siti»si bu safar ham o‘ziga xos bo‘lmagan tarzda o‘ynadi. Jamoa nafaqat kuchli pressing uyushtirdi, balki xotirjam himoyalandi. Ammo fakt shuki, birinchi bo‘limda «PSJ» Ederson darvozasi tomon 7 bor zarba yo‘lladi, shundan to‘rttasi himoyachilar tomonidan to‘sildi.

Ikkinchi bo‘lim uchun ham Gvardiola hech narsani o‘zgartirmadi, Pochettinoda esa o‘yinni o‘zgartirib yuboradigan taklifning o‘zi yo‘q edi. «PSJ» yana to‘pga egalik qildi, «Siti» yana chuqur himoyalanib, o‘yinni nazorat qildi. 

Parijliklar birinchi bo‘limda o‘z xatolari qurboni bo‘lishgandi, bu safar esa taktik jihatdan yutqazishdi. 4-3-3 sxemasi ish bermadi, Mauro Ikardi Mbappening o‘rnini bosa olmadi, «PSJ» qanotlari gollarga sabab bo‘ldi. Fransuzlar jamoasi o‘z yetakchisisiz Gvardiolaning puxta mexanizmiga qarshi hech narsa qila olmasligi ma'lum bo‘ldi. 

62-daqiqada Pochettino sxemani o‘zgartirdi va Ikardini maydondan oldi. Bu qarorni avvalroq ham qabul qilish mumkin edi, chunki parijliklar paslar orqali raqib jarima maydoniga kira olishmadi va yuqoridan uzatmalar orqali ham Ikardiga to‘p yetkazib bera olishmadi, Ikardining o‘zi esa raqib hududida paslar orqali harakatlanishda foydasiz futbolchi edi. Bir soat davomida u jami 16 marta to‘pga tegindi. Bu juda yomon ko‘rsatkich, taqqoslash uchun, undan yomon ikkinchi natijani himoyachi Florensi qayd etdi - 40 teginish.

Ikardi o‘rniga Kin, Errera o‘rniga Draksler tushirilishi to‘p Ederson darvozasi yaqiniga olib borilishini ta'minlashi kerak edi. «PSJ» 4-2-3-1 sxemasiga o‘tdi va raqib jarima maydonini qamal qilishga tayyorlana boshladi. Ammo darhol qarshi hujumda ikkinchi gol o‘tkazib yuborildi.

Bu vaziyatda Zinchenko Florensidan to‘pni olib qo‘yib, darhol uni de Bryuynega uzatdi. «Shaharliklar» yetakchisi esa bitta pas bilan Fodenni oldinga tashladi - u bu harakati orqali mehmonlarning yetti futbolchisini vaziyatdan uzib qo‘ydi. Foden to‘pni de Bryuynega uzatib, yana qaytarib oldi. «Siti» o‘ziga xos tarzda qarshi hujum uyushtirdi: hamma oldinga yugurgani yo‘q, yetarli sondagi futbolchilar to‘p bilan maksimal tezlikda oldinga harakatlanishdi. Hujumni yakunlovchi nuqtada yana Mahrez paydo bo‘ldi, Diallo uni bo‘sh qoldirgandi - 2:0.

Bu goldan keyin «PSJ» yana izdan chiqib ketdi, futbolchilar faqat qo‘pol o‘ynay boshlashdi. Ikkinchi goldan besh daqiqa o‘tib Di Mariya maydon tashqarisida Fernandinoning oyog‘ini qasddan bosib, qizil kartochka oldi. Ko‘p o‘tmay Perreyra ham chetlatilishi mumkin edi, ammo u Jyezusning oyog‘iga tashlanganida hakam faqat sariq kartochka ko‘rsatish bilan kifoyalandi, agar u qizil kartochka ko‘rsatganida ham VAR bu qarorni bekor qilmagan bo‘lardi.

Kamchilik bo‘lib qolganidan keyin «PSJ» to‘pni nazorat qila olmasdi, qolgan vaqt «Siti»ning xohishiga qarab kechdi. Darvoqe, ikkinchi bo‘limda ham mehmonlar darvoza tomon yetti bor zarba berishdi va endi bu zarbalarning barchasi himoyachilar tomonidan to‘sildi. O‘yin davomida Ederson birorta seyv qilishiga to‘g‘ri kelmadi.

«PSJ» «Siti»ni yengish uchun kelganini maydonda ko‘rsatib bera olmadi. Uning o‘rniga, jamoa yutqazishni bilmasligi, futbolchilar asab bilan bog‘liq muammolari borligi yana bir bor ko‘rsatib qo‘yishdi. «PSJ» yutqazgan o‘yinlarning deyarli barchasida bir futbolchisi qizil kartochka olib kelmoqda.

Albatta, final — hali sovrin emas. Ammo «Manchester Siti» uchun bu yangi bosqich. Joriy mavsum — Gvardiolaning Angliyadagi beshinchi mavsumi. Shu vaqtga qadar «shaharliklar» yarim finalga ham yetib kela olmagandi, jamoani nisbatan kuchsiz jamoalar turnirdan chiqarib yuborardi: «Monako», «Tottenhem», «Lion». 2018 yilda «Liverpul»dan uchralgan mag‘lubiyatni to‘g‘ri tushunish mumkin, garchi o‘sha mavsum boshida «Siti» APL doirasidagi o‘yinda qizillarni 5:0 hisobida mag‘lub etgan bo‘lsa-da, o‘shanda chorak final qarama-qarshiligida Klopp shogirdlari favorit edi.

«Barselona» bilan Gvardiola ikki marta finalga yetib borib g‘olib bo‘lgan, «Bavariya» bilan uch marta yarim finalga chiqqan. «Manchester Siti»da Pep doim yoki 1/8 finalda, yoki chorak finalda to‘xtardi. Endi — hal qiluvchi o‘yin va bu o‘yin oldidan «shaharliklar» yaqqol favorit. «Real» ham, «Chelsi» ham hozirda «Siti»dan kuchsizroq. Ha, kim bo‘lsa ham hozir qog‘ozda «Siti»dan kuchsiz.

Foto: Peter Powell/PA Images via Getty Images

Pep nega avvalroq emas, endi muvaffaqiyatga erishdi? Gvardiola har yili taktikalar bo‘yicha donolik qilib, o‘z futbolchilarini adashtirib yuborardi, deb hisoblashadi. Bu safar murabbiy hech qanday tajriba qilmadi, sababsiz rotatsiyalarga qo‘l urmadi. «PSJ» bilan o‘yinlar oddiy kechdi: odatiy sxema va odatiy tarkib. Yagona «yo‘q» — to‘pga egalik qilish bo‘yicha ustunlik. «Manchester Siti» uyda o‘ynasa ham, o‘yin vaqtining 44 foizida to‘pga egalik qildi, bu esa umuman noodatiy holat. 

Bu kuni Gvardiola donolik qilmadi, ammo donolarcha yo‘l tutdi. Balki, shu vaqtgacha unga finalga yetib kelish va heyterlarining og‘zini yopish uchun aynan sovuqqonlik yetishmagandir. Ammo bu hali hammasi emas. Finalda ham sovuqqonlik bilan sovrinni yutish talab etiladi.

Азиз Қаршиев
Tayyorlagan Азиз Қаршиев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid