Jahon | 18:51 / 05.05.2021
4770
2 daqiqa o‘qiladi

Pfizer yil yakuniga qadar 72,5 milliard dollar daromad qilishni ko‘zlamoqda

BioNTech kompaniyasi bilan birga koronavirusga qarshi vaksina ishlab chiqarayotgan Pfizer farmatsevtik kompaniyasi joriy yilning birinchi choragida o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 45 foiz ko‘proq daromad qildi. Shuningdek, kompaniya yil yakuniga qadar vaksina savdosidan ko‘rishi mumkin bo‘lgan daromad prognozini ham oshirdi.

Pfizer 2021 yilning birinchi choragida 14,6 milliard dollar daromad qildi. Bu o‘tgan yilning shu davriga qaraganda 4,5 milliard dollarga (45 foiz) ko‘proq degani. Kompaniya yil boshida vaksina savdosidan 15 milliard dollar daromad qilishni taxmin qilgandi. Oxirgi hisob-kitoblarga ko‘ra bu prognoz 26 milliard dollargacha oshgan. Bu esa kutilganidan 70 foizga ko‘proq degani.

Vaksina va boshqa ko‘plab o‘ta muhim dori vositalari ishlab chiqaruvchi Pfizer yil yakunida ko‘pi bilan 61,4 milliard dollar daromad ko‘rishni taxmin qilgandi. Bu prognoz ham 72,5 milliard dollargacha ko‘tarilgan. Xususan, Pfizer'ning kam uchraydigan kasalliklar uchun chiqaradigan dorilari savdosi 29 foizga, onkologik preparatlar savdosi 18 foizga, immunitetni himoya qilish bo‘yicha dorilar savdosi 9 foizga oshgan. Ya'ni, Pfizer'ning koronavirus vaksinasi ko‘rsatayotgan samarali ta'siri kompaniyaning boshqa mahsulotlari savdosiga ham ijobiy turtki bo‘lgan.

Ma'lumot uchun, 3 may holatida Pfizer va BioNTech hamkorlikda 91 ta davlatga 430 million doza vaksina yetkazib bergan. 14 yoshgacha bo‘lgan odamlar uchun koronavirusga qarshi Pfizer vaksinasi 99 foiz o‘lim holatidan qaytarishi ma'lum qilingandi. AQShda keyingi haftadan Pfizer vaksinasini 12-15 yoshli bolalarda ham zarur hollarda qo‘llash boshlanishi aytilmoqda.

Ўткир Жалолхонов
Tayyorlagan Ўткир Жалолхонов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid