O‘zbekiston | 14:23 / 10.05.2021
21441
4 daqiqa o‘qiladi

Muammoli sochlar: ularni uy sharoitida davolash mumkin

Soch parvarishini tashkil etishda nafaqat, yil fasllari inobatga olinadi, balki ovqatlanish ratsioniga ham alohida e'tibor qaratish lozim. Chunki sochlar bilan bog‘liq muammolarning aksariyat qismi organizmda ba'zi kerakli moddalarning yetishmasligi oqibatida vujudga keladi. Quyida sochlar parvarishiga oid bir qancha tavsiyalarni keltirib o‘tamiz.

Sochlarim mustahkam bo‘lsin desangiz...

Iqlim o‘zgarishi natijasida sochlarning to‘kilishi, sinishi va qazg‘oq paydo bo‘lishi kabi holatlar tez-tez kuzatiladi. Bu muammolarni bartaraf etish uchun uy sharoitida ham ko‘pgina muolajalarni amalga oshirish mumkin.

Buning uchun ikkita tuxum sarig‘iga yarimta limon sharbati va besh tomchi repey (chakamug‘) yog‘i (dorixonalarda mavjud) tomizib, aralashtiriladi. Aralashmani sochlarning butun uzunligi bo‘ylab surtib, 20 daqiqaga qoldiriladi. Yuvib tashlangan sochlar xona haroratida quritiladi. Bu muolajani har sakkiz kunda bir marta amalga oshirish kerak. Bu niqob sochlarni mustahkamlab, ularning jilolanishini ta'minlaydi. Soch to‘kilishi va sinishiga qarshi kurashda samarali.

Gullagan sochlarni bartaraf etamiz

Ko‘pchilik sochi uzun bekalarimiz aynan shu muammodan aziyat chekishsa ajabmas. Buni bartaraf etishning ham turli yo‘llari mavjud.

Buning uchun 500 g qichitqi o‘tning ustidan yarim litr qaynab turgan suv quyiladi. Sovitib, dokadan o‘tkazib olinadi. Damlamani toza sochlar ildiziga surtib, yarim soatdan so‘ng yuvib tashlanadi. Bu niqob soch ildizini mustahkamlaydi va sochning to‘kilishiga yo‘l qo‘ymaydi. Muolajani haftada bir marta qaytarish kerak.

Bir oshqoshiq oqqayin bargining (dorixonalarda mavjud) ustidan yarim litr qaynab turgan suv quyiladi. 2 soatdan so‘ng dokadan o‘tkazib olinadi. Bu damlamani har safar sochlar yuvilgandan so‘ng, soch ildiziga yaxshilab surtiladi. Ushbu niqob qazg‘oqqa barham berish bilan bir qatorda, sochlarning qalin va serjilo bo‘lishini ta'minlaydi.

Bir choy qoshiqdan asal, smetana, kanakunjut moyi va ikki bo‘lak ezilgan sarimsoqpiyoz aralashtiriladi. Bu vosita sochlaringizdagi qazg‘oqlarni kamaytirishda samarali yordam beradi. Mazkur niqobdan haftada bir marta foydalanishingiz mumkin.

Sochlarni serjilo qilish usullari

Bu to‘g‘rida turli xil tavsiyalar mavjud. Ularning sinovdan o‘tgan va foydalilari quyidagilar:

Yarim litr kefir, bir choyqoshiq asal, bir choyqoshiq o‘simlik yog‘ini aralashtirib, sochlarga surting. So‘ng qalpoqcha kiyib, sochiq bilan o‘rab qo‘ying. Yarim soatdan keyin sochlaringizni iliq suvda yuvib tashlang. Ushbu niqobni bir haftada bir marta takrorlash tavsiya qilinadi. Ular sochlaringizni serjilo qilishda muhim vositalardan hisoblanadi.

Oq piyozni qirg‘ichdan chiqarib, sochga 1 soat davomida surtib qo‘yiladi. Sochga surtib qo‘yilgan piyozli massani iliq suvda yuvib oling. Besh daqiqadan so‘ng, shampun yordamida yuvib tashlang. Ushbu niqob sochlarni mustahkamlab qolmay, ularga mayinlik va jilo baxsh etadi.

Foydali niqoblar

Yog‘li sochlar uchun: bir dona tuxumga, 50 gramm sut va ikki oshqoshiq petrushka (kashnichsimon ko‘kat) sharbati solib, aralashma tayyorlanadi. Tayyor massani sochlarga surtib, 30 daqiqaga ushlab turiladi va iliq suvda chayib olinadi.

Quruq sochlar uchun: bir dona tuxum sarig‘iga, 30 gramm moychechak damlamasi va 50 gramm smetana aralashtirib olinadi. Sochlarga surtilgach, qirq daqiqa davomida ushlab turiladi.

Bu niqoblar nafaqat soch ildizini mustahkamlaydi, balki ularning serjiloligini ham ta'minlaydi.

Maxsuma OQQO‘ZIYeVA tayyorladi.

Mavzuga oid