Shavkat Mirziyoyev makroiqtisodiy vaziyat, hududlar va tarmoqlarda iqtisodiy o‘sishni ta'minlash bo‘yicha birinchi yarim yillikdagi vazifalar muhokamasiga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishi o‘tkazmoqda.
“Aholini oziq-ovqat bilan ta'minlash kun sayin dolzarb masalaga aylanib bormoqda. Lekin, ayrim hududlarda ba'zi turdagi oziq-ovqat mahsulotlari ishlab chiqarish hajmlari kamayishiga yo‘l qo‘yilmoqda.
Misol uchun, tuxum ishlab chiqarish hajmi Toshkent viloyatida – 5 foizga, Sirdaryoda – 4 foizga kamayishi hisobiga ushbu viloyatlarda tuxumning narxi 7 foizga, respublika bo‘yicha esa 3,6 foizga oshgan. Nahotki shuncha berilgan imkoniyatlarga qaramay, bitta tuxum ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘ya olmayapsizlar?
Go‘sht va o‘simlik yog‘ining ham jahon bozoridagi narxlari 1 yildan buyon to‘xtovsiz o‘sayotgani barcha rahbarlarni zarur chora-tadbirlarni ko‘rishga undashi kerak. Umuman, har bir hokim 3 oylik zaxira yaratilishi bo‘yicha alohida hisobot beradi. Bu masalaga sust qaralsa, odamlar norozi bo‘ladi.
Joriy yilda chorvachilik yo‘nalishida 1 mingta, parrandachilikdagi 277 ta loyihani ishga tushirish hisobiga 13 ming tonna go‘sht, 608 ming tonna sut, 3 milliard dona tuxum va 14 ming tonna parranda go‘shti yetishtirilishi ta'minlanishi lozim.
1,1 million gektar asosiy maydonlarda 224 ming gektar bog‘-tok oralariga hamda g‘alla va ertangi ekinlardan bo‘shaydigan 873 ming gektarga sabzavot, kartoshka, poliz, sholi, moyli va ozuqa ekinlarini yetishtirishni tashkil etish zarur.
Yog‘-moy mahsulotlariga ichki bozorda aholi talabini qondirish maqsadida, joriy yilda 246 ming tonna moyli ekinlarni yetishtirish va buning hisobiga 86 ming tonna moy ishlab chiqarilishini ta'minlash kerak”, dedi davlat rahbari.