Jahon | 12:13 / 17.05.2021
7987
4 daqiqa o‘qiladi

Turkiyada 17 maydan so‘ng qanday cheklovlar amalda bo‘ladi?

Turkiyada to‘liq yopilish davri bugun (17 may, dushanba soat 05.00da) tugaydi.

UzbekLife’ning Turkiyadagi kolumnisti ma'lum qilishicha, 17 may, dushanba kuni soat 05.00dan 1 iyun, seshanba kuni soat 05.00gacha bosqichma-bosqich normallashish chora-tadbirlari amalga oshiriladi.  

Komendantlik soati cheklovlari

Ish kunlari soat 21.00dan 05.00gacha, dam olish kunlari juma soat 21.00dan dushanba kuni 05.00gacha komendantlik soati amal qiladi.

Koronavirus vaksinasining ikkinchi dozasini olgan 65 yosh va undan yuqori yoshdagilar hamda 18 yoshdan kichiklar barchaga tegishli chora-tadbirlardan tashqari qo‘shimcha komendantlik soati bilan cheklanmaydi.

Ammo emlanish haqqi bo‘la turib, emlanmagan 65 yosh va undan oshgan fuqarolar ish kunlari soat 10.00–14.00 oralig‘idagina ko‘chaga chiqishlari mumkin. 

Mahalliy transport

Bosqichma-bosqich normallashish davrida quyidagi shaxslar shahar jamoat transporti (metro, metrobus, avtobus, mikroavtobus)dan foydalana olmaydi:

– 65 yosh va undan oshganlar;

– 18 yoshga to‘lmagan yoshlar;

– bolalar.

Shaharlararo sayohat

Komendantlik soati qo‘llanilmaydigan soatlar va kunlarda:

– shaharlararo sayohat erkin bo‘ladi;

– jamoat transportida sayohat qilish bo‘yicha cheklovlar bo‘lmaydi;

– xususiy transport vositasida sayohat qilishga faqat majburiy holatlardagina ruxsat beriladi. 

Kafe va restoranlar

Ish kunlari soat 07.00–20.00 oralig‘ida «kel-ol» va yetkazib berish xizmati, 20.00–24.00 oralig‘ida esa faqat yetkazib berish xizmati ishlaydi.

Dam olish kunlari esa soat 07.00–24.00 oralig‘ida faqat yetkazib berish xizmati ishlaydi.

Bozorlar

– Bozorlar ish kunlari soat 07.00–19.00 oralig‘ida faoliyat ko‘rsatishi mumkin.

– Dam olish kunlari bozorlar tashkil etilmaydi.

– Onlayn market va oziq-ovqat buyurtmasi bilan shug‘ullanuvchi kompaniyalar ish kunlari va dam olish kunlari soat 07.00–24.00 oralig‘ida uy/manzil xizmatini ko‘rsatishlari mumkin.

Bog‘cha va maktablar

Bolalar bog‘chalari o‘z faoliyatini davom ettirishi mumkin.

Maktab va sinf darajalari Turkiya xalq ta'limi vazirligining ochiqlamasiga muvofiq harakat qiladi.

Faoliyatini vaqtincha to‘xtatib turuvchi ish joylari:

– kazino, bar, pab, chilimxonalar;

– kinoteatrlar;

– qahvaxona, bukkafe, uyushma klublari;

– internet-kafe, elektron o‘yin maydonchalari, bilyard zallari;

– basseynlar, sport zallari;

– hammom, sauna va massaj salonlari;

– istirohat bog‘lari.

Turistlarga cheklov bormi?

Ko‘rsatmaga muvofiq, turistlarning komendantlik soati bo‘yicha imtiyozlari quyidagicha tartibga solinadi:

– Chet elliklarni komendantlik soati cheklovlaridan ozod qilish ko‘lami faqat turistik faoliyat doirasida vaqtinchalik/qisqa muddat davomida Turkiyada bo‘lib turgan chet elliklarni qamrab oladi.

– Turistik faoliyat doirasidan tashqarida bo‘lgan chet elliklar, shu jumladan, yashash uchun ruxsatnoma, vaqtincha himoya statusi yoki xalqaro himoya maqomiga ega bo‘lganlar komendantlik soati cheklovlariga amal qilishlari lozim.  

Otabek Tillayev,

UzbekLife’ning Turkiyadagi kolumnisti

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid