Jamiyat | 14:42 / 19.05.2021
8871
2 daqiqa o‘qiladi

Metsenat.uz loyihasida 39 mln so‘mlik grant e'lon qilindi

Metsenat.uz loyihasi doirasida tibbiyot, pedagogika va oliy diniy ta'lim muassasasida tahsil olayotgan talabalar uchun 39 mln so‘mlik grant e'lon qilindi.

"BTS Express Cargo Servis" MChJ tomonidan BTS Express "Ilm uchun" nomi ostida 13 nafar talaba yoshlar uchun grant miqdori 39 million so‘m bo‘lgan grant e'lon qilindi.

Tanlovda O‘zbekiston Respublikasi hududida joylashgan Oliy ta'lim muassasalarining tibbiyot, pedagogika va oliy diniy ta'lim muassasasida to‘lov-kontrakt shakli asosida kunduzgi ta'limda tahsil olayotgan 1, 2 va 3-bosqich talabalari ishtirok eta oladi.

G‘olibni tanlashda e'tiborga olinadigan jihatlar: o‘zlashtirish ko‘rsatkichlari yuqori bo‘lgan yetim, ijtimoiy himoyaga muhtoj, nogironligi bor talabalar hamda mehribonlik uyi tarbiyalanuvchilariga ustunlik beriladi.

Tanlov bo‘yicha ro‘yxatdan o‘tish joriy yilning 30 may sanasiga qadar davom etadi.

Ma'lumot uchun, Kun.uz nashri Metsenat.uz loyihasining rasmiy axborot hamkori hisoblanadi va saytda e'lon qilinayotgan barcha grant hamda stipendiyalarni targ‘ib qilishga ko‘maklashadi. Shu o‘rinda yurtimizdagi barcha korxona, tashkilot, kompaniyalar hamda saxovatpesha tadbirkorlarni ilm-fanga, ta'limga beminnat homiylik qilishga chorlab qolamiz.

Mavzuga oid