Iqtisodiyot | 14:06 / 20.05.2021
11360
5 daqiqa o‘qiladi

Kriptovalutalar qiymati keskin pasaydi

Chorshanba kuni bitkoin 30 foizga pasayib, qiymati 30 ming dollarni tashkil qildi. Unga boshqa kriptovalutalar ham ergashib, keskin tushish tendensiyasini namoyon qildi. Tahlilchilar bunga asosan, ikkita sababni keltirmoqda.

So‘nggi bir hafta davomida bitkoin (BTC) sezilarli darajada tushib ketdi va tushish chorshanba kuni ertalabdan yana davom etdi. Bitkoin uchun bu fevraldan buyon eng yomon pasayish deb qaralmoqda.  

Kriptovalutalar bilan vaziyat qanday?

O‘tgan hafta bitkoin narxi sezilarli darajada pasayib, 59,500 dollardan eng past darajaga – 43,825 dollarga tushdi. Bu fevral oyidan beri narxlarning eng past darajasidir.

Eng ommabop va qimmatbaho token bo‘lgan bitkoin chorshanba kuni ertalabki savdolarda 20 foizdan ko‘proqqa tushib ketdi. U yanvar oyidan beri kuzatilmagan darajadan eng pastga cho‘kdi. Boshqa kriptovalutalar unga ergashdi. Bu yil astronomik o‘sishdan bahramand bo‘lgan dogekoin sarmoyadorlari 10 ming foiz oshishdan so‘ng, ayniqsa kuchli zarbaga uchrashdi. Dogekoin 30 foizga tushib ketdi.

Chorshanba kuni bitkoin uch oylik eng past ko‘rsatkich – 30 foizdan ko‘proqqa tushib ketib, uning qiymati taxminan 30,000 dollarni tashkil qildi. Ethereum blokcheyn tarmog‘i uchun asosiy kriptovaluta bo‘lgan Ether ham keskin – 2000 dollardan pastga tushdi, bu 24 soat vaqt ichida 40 foizdan ko‘proq pasayish bo‘ldi.

Bitkoin va boshqa kriptovalutalarning keskin pasayishiga nima sabab bo‘ldi?

Bitkoin va boshqa kriptovalutalarning keskin pasayishi Tesla bosh direktori Ilon Maskning kriptovalutalardan foydalanmaslikni ma'lum qilgani va Xitoy hukumatining bayonoti bilan bog‘liq bo‘lishi mumkin, deb qaralmoqda.  

Tesla qazib olinadigan yoqilg‘i, shu jumladan, ko‘mirdan foydalanish tobora ko‘payib borayotganligi sababli bitkoin orqali elektromobillarni sotib olish imkoniyatini to‘xtatdi. Kompaniya kriptovaluta bilan savdo operatsiyalarini amalga oshirmaslikka va'da berdi. Bu haqda Ilon Mask o‘zining Twitter’dagi sahifasida ma'lum qilgandi.

«Kriptovalutalar balki yaxshi g‘oya, biz ularning istiqbolli kelajagiga ishonamiz, ammo bu atrof-muhit uchun qimmatga tushishi kerak emas», — deb yozdi Mask bir hafta oldin.

Kompaniya ishlab chiqarish yanada ekologik toza energiya manbalariga o‘tguniga qadar bitkoinlardan foydalanmaslikni va bitkoinni energiya va tranzaksiya nisbatining 1 foizdan kamrog‘ini ishlatadigan boshqa kriptovalutalarni ham ko‘rib chiqayotganini ma'lum qildi.

Shuningdek, kecha Xitoy hukumati kriptoaktivlar bilan operatsiyalarni amalga oshirishni yuqori darajada xavfli va ularning narxi keskin ko‘tarilib tushib turishi xususiy firma yoki kompaniyalar faoliyatiga ta'sir qiladi, degan bayonot bilan chiqdi.

 Hukumat kriptovalutalarning haqiqiy qiymatini tasdiqlovchi hujjat yo‘qligi va shuning uchun doimiy manipulyatsiya obekti ekanligini va undan foydalangan shartnomalar Xitoy qonuni bilan himoyalanmaganligini eslatdi. Xitoy yuridik shaxslarga kriptovaluta orqali operatsiyalar amalga oshirishni taqiqladi.

Ko‘plab tahlilchilar kriptovalutalarning narxi bir hafta davomida tushib kelgani va chorshanba kuni qiymat yanada yomonroq darajada pasayib ketganini asosan shu ikki sabab bilan izohlamoqda.

Endi nima bo‘ladi?

 BitXmi mutaxassislariga ko‘ra, bitkoin shunday keskin tushish bilan ham o‘tgan yilgi prognozlardan yuqori savdo qilmoqda va yirik investorlar foyda bilan chiqib ketishadi.

Kriptovaluta kotirovkalari 20 mart kuni, 60 ming dollarlik chiziqdan oshib o‘tib ketolmagandan so‘ng, keskin pasayishni boshladi. Bir hafta oldin ushbu aktiv tarixiy maksimal qiymati $ 61,8 mingdan yuqori darajaga ko‘tarilgan edi.

Bitkoin allaqachon maksimal darajada tarixiy savdoni amalga oshirmoqda, shuning uchun katta qiymatda kriptovaluta sotib olganlar yanada o‘sishini kutmay, o‘z daromadlarini qisman tuzatishni afzal ko‘rishlari ajablanarli emas, deydi tahlilchilar. Endi bozorda kutilgan va klassik vaziyat mavjud: yirik investorlar vaziyatdan foyda bilan chiqib, kichik va o‘rta sarmoyadorlar tufayli daromadlarini shakllantiradilar.

Bitkoin o‘zining qisqa muddatli salohiyatini deyarli tugatdi va endi aktiv yana o‘sishi uchun qo‘shimcha kuchga ega drayverlarga muhtoj, ammo hozirda bunday drayverlar yo‘q. Shuni ta'kidlash kerakki, asosiy kriptovaluta allaqachon o‘tgan yilgi eng optimistik prognozlardan yuqori savdo qilmoqda.

Mavzuga oid