Sport | 20:04 / 22.05.2021
24058
4 daqiqa o‘qiladi

Sport vazirligi BO‘SM direktorlarini yoppasiga ishdan bo‘shatmoqchi. Bu qonunga zid

Yangi tashkil etilgan Turizm va sport vazirligi tizimdagi bolalar-o‘smirlar sport maktablari direktorlariga mehnat shartnomasini bekor qilish to‘g‘risida ogohlantirish xatlari yuborgan. Vazirlik rasmiylari tashkilotning boshqa organ bo‘ysunuviga o‘tkazilishi mehnat shartnomasining amal qilishini to‘xtatmasligi haqidagi qonun talabidan bexabar ko‘rinadi.

Jismoniy tarbiya va sport vazirligi hamda Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi negizida Turizm va sport vazirligi tashkil etilgan edi. Yangi vazirlik o‘z tasarrufiga kiruvchi respublikadagi bolalar-o‘smirlar sport maktabi direktorlariga mehnat shartnomasini bekor qilish to‘g‘risida ogohlantirish xatlari yuborgan.

Kun.uz holat bo‘yicha surishtiruv olib borib, bir necha maktab direktorlari bilan suhbatlashdi.

Tahririyatga murojaat qilgan Andijon viloyatidagi sport maktabi direktorining aytishicha, ogohlantirish xatlariga majburiy imzo qo‘ydirishyapti. Vaholanki, sport maktablari tugatilgani yo‘q. Ular o‘z ish faoliyatini olib bormoqda.

«Bir qancha muddat oldin menga 2 oyda ishdan bo‘shash to‘g‘risida ogohlantirish xati keldi. Keyin bilsam, bunday xat respublikadagi barcha sport maktablari direktorlariga kelayotgan ekan.

Shuncha yillik ish tajribamiz bor. Keyin, bu maktablar tugatilgani yo‘q. Ish faoliyatini olib boryapti. Shuncha odam ishsiz qoladimi endi?» – deydi ogohlantirish xati olgan sport maktabi direktorlaridan biri.

Xatga e'tibor qaratilsa, sport maktablari direktorlariga ular bilan tuzilgan mehnat shartnomasining Mehnat kodeksi 100-modda 2-qism 6-bandiga asosan bekor qilinishi to‘g‘risida ogohlantirish xati berilgan.

MKning 100-modda 2-qism 6-bandiga ko‘ra, mulkdor almashgandagina mehnat shartnomasi bekor qilinishi ko‘rsatilgan.

Demak, oldingi ikki vazirlik negizida tuzilgan Turizm va sport vazirligi o‘z ogohlantirish xatini mulkdorning almashgani sababli sport maktabi direktorlariga yubormoqda.

Turizm va sport vazirining matbuot kotibi Lola Rahmanbayevaning izohlashicha, prezidentning 2021 yil 6 apreldagi 5054-son qarori bilan Turizm va sport vazirligining tashkiliy tuzilmasi, markaziy apparati va hududiy tashkilotlari tuzilmasi tasdiqlangan, shu munosabat bilan muayyan lavozimlarda ishlovchi xodimlar bilan mehnat munosabatlarida o‘zgarishlar yuz bermoqda.

Ammo aynan maktab direktorlarining mehnat shartnomalari bekor qilinishi bo‘yicha savol ochiq qolmoqda.

Endi tabiiy savol tug‘iladi: Bu holatda haqiqatan ham mulkdor (ish beruvchi) almashdimi?

Yangi vazirlik tuzish haqidagi prezident farmonida Turizm va sport vazirligi Jismoniy tarbiya va sport vazirligi hamda Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasining huquqlari, majburiyatlari va shartnomalari bo‘yicha huquqiy vorisi hisoblanishi belgilangan.

Farmonga ko‘ra, Turizm va sport vazirligi oldingi ikki vazirlikka huquqiy voris hisoblanishi belgilab qo‘yilgan.

Bundan tashqari, Mehnat kodeksining 98-moddasi 3-qismiga ko‘ra, korxonaning bir organ bo‘ysunuvidan boshqa organ bo‘ysunuviga o‘tkazilishi mehnat shartnomasining amal qilishini to‘xtatmaydi.

Ayni vaqtda respublikada 250 ta sport maktabi bor. Vazirlik nega aynan sport maktabi direktorlarini ishdan bo‘shatmoqchi bo‘layotgani va ular qanday ish bilan ta'minlanishi haqida hozircha izoh bermadi.

Bu o‘rinda xodimlarning maoshidan kamida 1 foizini olib, buning evaziga ularni himoya qilishni zimmasiga olgan kasaba uyushmalari tashkiloti qonunda belgilangan funksiyalarini amalga oshirishga kirishsalar, maqsadga muvofiq bo‘lar edi.

Mavzuga yana qaytamiz.

Rahmatillo Isroilov

Mavzuga oid