Jamiyat | 10:06 / 27.05.2021
1647
2 daqiqa o‘qiladi

Samarqandda ota farzandlariga aliment o‘rniga uy berdi

Samarqand viloyati Past Darg‘om tumanida ota aliment o‘rniga farzandlariga uy berdi. Bu haqda Majburiy ijro byurosi viloyat boshqarmasi axborot xizmati xabar bermoqda.

Ma'lum qilinishicha, Fuqarolik ishlari bo‘yicha Past Darg‘om tuman sudining 2015 yil 26 avgustdagi qarori bilan qarzdor M.A.dan da'vogar Sh.M. foydasiga ikki farzandi moddiy ta'minoti uchun har oydagi daromadining uchdan bir yarmi miqdorida aliment undirish belgilangan.

Mazkur ijro hujjati MIB Past Darg‘om tuman bo‘limi ish yurituviga kelib tushgan va ijro ishi yurituvi qo‘zg‘atilgan. Majburiy ijro harakatlari davomida aniqlanishicha, qarzdor M.A. aliment pullarini anchadan beri to‘lamay kelgani sababli umumiy qarzdorligi 61 million so‘mni tashkil etgan.

Qayd etilishicha, davlat ijrochilari tushuntirishidan to‘g‘ri xulosaga kelgan M.A. o‘ziga tegishli bo‘lgan hovlini farzandlarining kelajagini o‘ylab, undiruvchi Sh.M.ga rasmiylashtirib berishni lozim topgan. O‘z navbatida, undiruvchi ham aliment pullaridan to‘liq voz kechgan va mazkur ijro hujjati tegishli tartibda tamomlangan.

Mavzuga oid