Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Iyun–dekabr oylarida «Fermerga madad» huquqiy aksiyasi o‘tkaziladi
Adliya vazirligi shu yilning iyun oyidan boshlab dekabr oyi so‘ngiga qadar «Fermerga madad» huquqiy aksiyasini o‘tkazadi.
Aksiya davomida fermerlar huquqlarini tushuntirish tadbirlari bo‘lib o‘tadi, qishloq xo‘jaligi sohasida huquqni qo‘llash amaliyoti hamda fermerlarning murojaatlari o‘rganilishi, fermer xo‘jaliklarining muammolarini aniqlash bo‘yicha so‘rov o‘tkazilishi, sohani tubdan isloh qilish va qonunchilikni takomillashtirish yuzasidan takliflar ishlab chiqilishi rejalashtirilgan.
«So‘nggi vaqtlarda fermerlar adliya organlariga murojaat etib, ayrim mansabdor shaxslar tomonidan huquqlari buzilayotgani (shartnomalar tuzishda majburlash, ruxsatisiz bankdagi pul mablag‘larini o‘zboshimchalik bilan olib qo‘yish, homiylik ishlariga majburiy tartibda jalb qilish, majlislar hamda boshqa ommaviy tadbirlarda fermerning sha'ni va qadr-qimmatini kamsitish), banklar tomonidan subsidiya, kredit ajratilmayotgani, shuningdek, yetishtirilgan mahsulotlarni sotish bo‘yicha tuzilgan shartnomalar asosida pul mablag‘lari to‘lab berilmayotgani yoki o‘z vaqtida qoplanmayotganini bayon qilmoqda.
Qishloq xo‘jaligi sohasidagi huquqiy munosabatlarda fermer xo‘jaliklarining huquq va manfaatlariga rioya etilishi ahvolini o‘rganish, huquqni qo‘llash amaliyotini tahlil qilish orqali sohani tubdan isloh qilish yuzasidan takliflar tayyorlash, «Fermerlar qishloq xo‘jaligi rivojining drayveri» sifatida ularning iqtisodiyot va jamiyatdagi mavqeyini oshirish maqsadida joriy yilning iyun–dekabr oylarida «Fermerga madad» huquqiy aksiyasini o‘tkazish bo‘yicha adliya vazirining buyrug‘i qabul qilindi», deya adliya vaziri matbuot kotibi Sevara O‘rinboyevaning so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.
Qayd etilishicha, aksiyani amalga oshirish bo‘yicha chora-tadbirlar rejasi tasdiqlangan bo‘lib, mazkur rejalar adliya vazirining buyrug‘i bilan tasdiqlangan 5ta ishchi guruh tomonidan amalga oshiriladi. Fermerlar murojaatlari bilan ishlashda murojaatlar an'anaviy shaklda, 1008 – ishonch telefoni, @fermermadadbot maxsus telegram-bot orqali hamda sayyor va uyma-uy qabul qilinadi.
Qishloq xo‘jaligi sohasida huquqni qo‘llash amaliyotini o‘rganish
va monitoring tegishlicha adliya xodimlari, jalb qilingan mutaxassislar, «Yosh huquqshunos» ko‘ngillilar guruhi a'zolari tomonidan olib boriladi.
Fermer xo‘jaliklarining 6 yo‘nalishida, xususan, tashkiliy-huquqiy, ishlab chiqarish va xo‘jalik, shartnomaviy-huquqiy va mehnat munosabatlari, yer sohasi, ma'muriy-boshqaruv, bank, moliya va soliq yo‘nalishlarida qonunchilik xatlovdan o‘tkaziladi, xorijiy tajriba va milliy amaliyot o‘rganilib, sohani isloh qilish bo‘yicha takliflar tayyorlanadi.
Aksiya yakuni bo‘yicha har bir yo‘nalishga oid alohida ma'lumotnomalar tuziladi. Ular asosida Yig‘ma tahliliy ma'lumot hamda Axborot xati, normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari tayyorlanadi.
Mavzuga oid
10:45 / 12.05.2026
Fermerlar uchun dizel yonilg‘isi bo‘yicha subsidiya joriy etildi
09:57 / 12.05.2026
Paxta va bug‘doy yetishtiruvchilarga yangi moliyaviy imtiyozlar beriladi
09:40 / 06.04.2026
3,7 gektar yerni 7 gektar deb sotmoqchi bo‘lgan fermer ushlandi
12:08 / 19.03.2026