O‘zbekiston | 22:31 / 08.06.2021
11182
2 daqiqa o‘qiladi

Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirining bir o‘rinbosari lavozimi qisqartirildi

Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirining kasb-hunar ta'limi masalalari bo‘yicha o‘rinbosari Murodullo Xolmuhamedov lavozimidan ozod etildi. Prezident qaroriga asosan, vazirning yana bir o‘rinbosari lavozimi bekor qilinishi kutilyapti.

Vazirlik matbuot xizmati Kun.uz'ga Murodullo Xolmuhamedov boshqa ishga o‘tishi munosabati bilan lavozimini tark etganini ma'lum qildi.

Murodullo Xolmuhamedov 2017 yildan buyon vazirlikning Kasb-hunar ta'limi markazi rahbari hamda 2019 yildan vazir o‘rinbosari sifatida ishlab kelayotgandi. U bungacha vazirlikning Samarqand viloyati boshqarma boshlig‘i lavozimida ham faoliyat yuritgan.

Shu yil aprel oyidagi prezident qaroriga ko‘ra, vazirlik va markaziy idoralarda rahbar o‘rinbosari lavozimlaridan 40 tasi qisqartirishga tushgandiQarorda, oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirining ikki o‘rinbosari lavozimi bekor qilinishi ko‘rsatilgan: ulardan biri kasb-hunar ta'limi masalalari bo‘yicha o‘rinbosar lavozimi ekani ta'kidlanib, ikkinchi o‘rinbosar lavozimi qaysi ekaniga aniqlik kiritilmagan.

Kun.uz manbasiga ko‘ra, qisqartirilayotgan ikkinchi mansab – vazirning axborot texnologiyalari va yoshlar bo‘yicha o‘rinbosari lavozimidir.

Bu lavozimda 31 yoshli Yusuf Absoatov ishlab kelmoqda. U 2020 yil yanvarida prezident o‘tkazgan yig‘ilishda vazir o‘rinbosarligiga tavsiya qilingandi. U o‘sha vaqtda O‘zbekiston Milliy universitetining 2-bosqich magistratura talabasi edi.

Eslatib o‘tamiz, 4 yil mobaynida oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirining fan va innovatsiyalar bo‘yicha o‘rinbosari lavozimida ishlab kelgan Uzoqboy Begimqulov kuni kecha maktabgacha ta'lim vaziri o‘rinbosari etib tayinlandi.

Mavzuga oid