O‘zbekiston | 18:43 / 11.06.2021
33433
4 daqiqa o‘qiladi

Katta Langar Qur'onini restavratsiya qilish jarayonlari yakunlandi

Qur'onning eng qadimgi va nodir qo‘lyozma nusxalaridan biri – Katta Langar Qur'oni restavratsiyasi yakunlandi. Madaniyat va san'atni rivojlantirish jamg‘armasi raisi o‘rinbosari Saida Mirziyoyeva tashabbusi bilan, loyiha ustida Fransiyaning Luvr muzeyi restavratorlari va mahalliy mutaxassislar ish olib bordi.

Islom olamining muqaddas kitobi Qur'oni Karimning eng qadimgi qo‘lyozmalaridan biri – Katta Langar Qur'onini restavratsiya qilish ishlari nihoyasiga yetdi.

Restavratsiya ishlari 2019 yilda boshlangan edi. Madaniyat va san'atni rivojlantirish jamg‘armasi hamda O‘zbekiston musulmonlar idorasi hamkorligidagi loyiha uchun Fransiyaning Luvr muzeyi mutaxassislari jalb etilgan.

Jamg‘arma boshqaruv raisining o‘rinbosari Saida Mirziyoyeva qadimiy mushaf endilikda yana ko‘p asrlar butun insoniyatning ma'naviy boyligi bo‘lib qolishini ta'kidladi.

«Katta Langar Qur'oni sahifalari yana ko‘p asrlar nafaqat biz – o‘zbekistonliklar, balki butun dunyo musulmonlari, butun insoniyatning ma'naviy boyligi bo‘lib xizmat qiladi, degan umiddamiz», – deya yozib qoldirdi Saida Mirziyoyeva ijtimoiy tarmoqdagi sahifasida.

Ma'lumot uchun, Katta Langar Qur'oni Qashqadaryo viloyati Qamashi tumanidagi Langar ota masjidida uzoq vaqt saqlangani bois shunday nom olgan.

Bugungi kunda O‘zbekistonda mazkur qo‘lyozmaning 17 ta sahifasi mavjud. Mushaf VIII asrda bitilgan deb hisoblanadi, uning charm muqovasi XIV asrga tegishli.

Arabiy yozuv usullarining eng qadimiy turlaridan bo‘lgan ko‘fiy-hijoziy xatida bitilgan qo‘lyozma oshlangan buzoq terisi – pergamentga muhrlangan. Sahifalarning o‘rtacha hajmi – 53x35 sm.

Restavratsiyaning 1-bosqichi. 2019 yil noyabr

Restavratsiya ishlari O‘zbekiston musulmonlari idorasi kutubxonasining restavratsiya laboratoriyasida olib borildi. Jarayonda Luvr muzeyi restavratorlari Aksel Delo va Aurelya Streri, O‘zbekiston musulmonlari idorasi kutubxonasining mudiri Kamoliddin Mahkamov va kutubxonaning yetakchi mutaxassisi, restavrator Saidrahmat Ikromov, O‘zbekiston milliy kutubxonasi konservatsiya va restavratsiya bo‘limi bosh mutaxassisi Shuhratilloh Po‘latov, Madaniyat va san'atni rivojlantirish jamg‘armasining Madaniy hamkorlik bo‘limi boshlig‘i Bobur Mirzo Sayomov ishtirok etdi.

«Katta Langar Qur'oni sahifalari restavratsiyadan avval juda quruq edi. Varaqlari to‘lqinsimon bo‘lib qolgan va juda ko‘p chang yig‘ilgan. Biz konservatsiya jarayonini birinchi navbatda har bir sahifani tozalashdan boshladik. Kuchli deformatsiya tufayli kitob yomon ahvolda edi», – deydi Luvr muzeyi restavratori Aksel Delo.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi kutubxonasining mudiri Kamoliddin Mahkamovga ko‘ra, restavratsiya davomida fransiyalik mutaxassislar tomonidan olib kelingan maxsus qog‘ozlar va maxsus kleylardan foydalanilgan.

«Hamma ishlar bajarilgach, sahifalar og‘irlik ostiga, maxsus pressga qo‘yildi. Sahifalar 15 oy davomida press ostida saqlandi», – deydi u.

Restavratsiya uch bosqichda amalga oshirildi. Fransiyalik mutaxassislar uning 3-bosqichi uchun salkam 15 oy deganda Toshkentga qaytib kelib, maxsus press ostida turgan Katta Langar Qur'oni sahifalari restavratsiyasini yakunlashdi.

Qadimiy mushafning yangilangan holatdagi taqdimoti juma kuniga to‘g‘ri keldi, deyiladi loyiha tashabbuskorlari tomonidan taqdim etilgan videolavhada.

Eslatib o‘tamiz, Kun.uz restavratsiyaning 1-bosqich jarayonlaridan ko‘rsatuv tayyorlagan edi.

Mavzuga oid