Yoz issig‘ida ko‘chirilgan daraxtlar qurib qolmaydimi?
Toshkent yer usti metrosining Qo‘yliq–Sergeli yo‘nalishi qurilishi davom etmoqda. Bu jarayonda 700 tupdan ortiq daraxt yo kesiladi, yoki boshqa joyga ko‘chirib o‘tqaziladi.
Toshkent shahar ekologiya boshqarmasi yetakchi mutaxassisi Shahlo Abdujalilova daraxtlar issiq yoz faslida ko‘chirib o‘tqazilishi haqida Kun.uz savoliga javob berdi.
«Shaharda daraxtlarni ko‘chirib o‘tqazadigan maxsus texnikalar olib kelingan. Qonun-qoidalariga asosan, daraxtlarni bahorgi va kech kuzgi mavsumlarda ko‘chirib o‘tqazish maqsadga muvofiq. Bu paytlarda daraxtlar tanalarida suv qochgan, uyqu faslida bo‘ladi. Ularning qayta ko‘karib ketish imkoniyati 80 foizgacha baholanadi.
Agar kech kuzgacha daraxtlar qurilishga xalaqit berishi holatlari yuzaga kelsa, mutaxassislar maslahat qiladi, ignabargli daraxtlar sug‘orilib, atrofidagi loyi bilan ko‘chirilib, agrotexnikasi bajariladi, kuniga ikki martalab ham sug‘orish tashkil etilishi mumkin.
Ushbu ko‘chirilgan daraxtlarga maxsus tashkilotlar biriktiriladi. Agar ular qurib qoladigan bo‘lsa, ma'muriy javobgarlik belgilanadi», dedi shahar ekologiya boshqarmasi vakili.
Shahlo Abdujalilovaning so‘zlariga ko‘ra, diametri 100 sm.dan ziyod daraxtlarni ko‘chirish maqsadga muvofiq emas va ro‘yxatga olinganlar ichida bunday daraxtlar uchramaydi.
«Bu ro‘yxatda juda katta daraxtlar deyarli yo‘q. Misol uchun, noyob va uzoq umr ko‘radigan eman daraxtini olsak, ba'zi hududlarda bitta, ba'zisida umuman yo‘q. Yoki shumtol – 36 tup. Terak kabi umri qisqa daraxtlar ko‘chirib o‘tqazilmasdan, kesilishiga ruxsat berilishi ham mumkin, chunki teraklar uzog‘i 25-30 yil yashaydi. Ularning o‘rniga qarorda belgilanganidek bitta daraxtga o‘nta daraxt ekiladi.
Toshkent shahar ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish boshqarmasida har bir tuman bo‘yicha 5 nafardan inspektorlar tomonidan daraxtlar kesilmasligi nazoratga olingan. Lekin bu besh kishi katta hududni eplashi qiyin, shuning uchun hamshaharlarimizdan daraxt kesilishi holatlariga duch kelishsa, albatta, ishonch telefonlariga qo‘ng‘iroq qilishlarini so‘rab qolaman», deydi u.
Mavzuga oid
17:02 / 22.11.2024
Toshkentda 4 mln dona pirotexnika buyumlari yo‘q qilindi
15:28 / 22.11.2024
Svetoforning qizil chirog‘ida harakatlangan Malibu piyodani urib yuborishiga oz qoldi
21:43 / 21.11.2024
Toshkentda pod’yezdda qoldirilgan velosiped va kolyaskalar PPX tomonidan olib ketilmoqda
19:18 / 21.11.2024