O‘zbekiston | 17:42 / 15.06.2021
3235
2 daqiqa o‘qiladi

Uchko‘prikda 7 ming 700 dan ortiq yangi ish o‘rni yaratiladi

Uchko‘prik tumanida 15 gektar maydonda yengil sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish, logistika va savdo kompleksi tashkil etiladi. Bu haqda Uchko‘prik tumani hokimligi axborot xizmati ma'lum qilmoqda. 

Prezident Shavkat Mirziyoyev “Farg‘ona viloyatining Uchko‘prik tumanida yengil sanoat mahsulotlarini ishlab chiqarishni, logistika va savdo tarmoqlarini rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorni imzoladi.

Qayd etilishicha, qaror bilan, yengil sanoat sohasi salohiyatini yanada oshirish, eksportbop mahsulotlar ishlab chiqarish hajmini kengaytirish, olib borilayotgan islohotlarga va zamon talabiga to‘liq javob beradigan yengil sanoat markazini tashkil etish maqsadida Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi, Farg‘ona viloyati hokimligi va “Mikrokreditbank” ATB taklifi asosida yengil sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish, logistika va savdo kompleksi tashkil etish belgilangan.

15 gektar maydonda barpo etiladigan yangi kompleksda ishlab chiqarish sexlari, savdo do‘konlari, logistika markazi, kichik savdo rastalari va qo‘shimcha xizmat ko‘rsatish maskanlari tashkil qilinadi.

Yirik va zamonaviy yengil sanoat majmuasida 2 ta logistika markazi, 212 ta ishlab chiqarish sexlari, 336 ta savdo do‘koni, 560 ta kichik savdo rastalari tashkil etilishi ko‘zda tutilgan.

Yengil sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish, logistika va savdo kompleksi foydalanishga topshirilishi natijasida ishlab chiqarish, savdo, xizmat ko‘rsatish va logistika yo‘nalishlarida 7 ming 700 dan ortiq yangi ish o‘rni yaratiladi.

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid