Uchko‘prik tumanidagi 24-umumta’lim maktabining 3-sinf o‘quvchisi Shavkatjon Ne’matjonov chet tilini bilish darajasi bo‘yicha B2 sertifikatini qo‘lga kiritdi. Shavkatjonning otasi gaz saqlash omborxonasida operator, onasi esa o‘qituvchi. “Kelajakdagi orzum Harvardda o‘qib, ota-onamni xursand qilish”, deydi u.

Shavkatjon Ne’matjonovning otasi Shuhrat Jumaboyevning aytishicha, o‘g‘li ikkinchi urinishda B2 sertifikatini qo‘lga kiritgan:

“Gaz saqlash omborxonasida operator bo‘lib ishlayman. Oylik maoshim unchalik ham katta emas. Ro‘zg‘ordan orttirib maoshimdan farzandlarimning o‘qishi uchun alohida pul ajrataman.

O‘g‘lim Shavkatjon 2025 yilning dekabr oyida chet tilini bilish darajasi bo‘yicha ikkinchi urinishda B2 sertifikatiga imtihon topshirib, nihoyat niyatiga erishdi. Bu yil nasib qilsa IELTSʼdan eng yuqori ball bo‘lgan to‘qqiz darajani olmoqchi. Buning uchun hozirdan qattiq mehnat qilyapti. Shavkatjonni birinchi sinfdan boshlab alohida o‘quv kurslariga bergan edik. Mana, ko‘rib turganingizdek, natijasi barchani xursand qildi.

Sertifikatga imtihon topshirish uchun Farg‘ona shahriga borganimizda ichki ishlar xodimlari, o‘sha yerdagi nazoratchilar o‘g‘limni ko‘rib, “kim bilan kelding, nega bu qatorda turibsan?” deb hayron bo‘lishdi. Chunki Shavkatjon imtihonga kelganlar orasida eng yoshi edi. O‘g‘lim kulib, “ruxsatnomam bor, mana ID kartam, men ham imtihon topshirgani kiraman”, deganidan keyin barchasi quvonib, “e, otangga rahmat, barakalla o‘g‘lim”, deb Shavkatjonni hammadan oldinga, birinchi qatorga chiqarib qo‘yishdi.

Shavkatjon oilada to‘ng‘ichi. Farzandlarimni bilim olishga qiziqtirib, ularni ruhlantirib turaman. Tez-tez poytaxtga, Zomin tog‘lariga olib borib aylantirib kelaman. Ilmli bo‘lishlari uchun qo‘ldan kelganicha sharoit yaratib berganman.

Ota-onadan bolaga qancha e’tibor bo‘lsa, bola o‘shancha quvonadi, o‘qishga qiziqishi ortadi. Buni o‘z tajribamda sinab ko‘rdim. Shavkatjonni ingliz tili to‘garagiga berganimizda qiyinchiliklarga ham duch keldi. Boshida so‘z yodlashga tili kelmadi. Keyin u barchasiga ko‘nikdi.