O‘zbekiston | 13:44 / 16.06.2021
12672
3 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonda prezidentlik saylovlarini o‘tkazish uchun 300 milliard so‘m ajratildi

Bunda har bir siyosiy partiya tomonidan ko‘rsatilgan nomzod uchun 3 milliard 97 million so‘m to‘g‘ri kelmoqda.

2021 yil oktabr oyida bo‘lib o‘tadigan O‘zbekiston Respublikasi prezidenti sayloviga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish bilan bog‘liq xarajatlarni moliyalashtirish maqsadida Markaziy saylov komissiyasiga ajratiladigan mablag‘larning cheklangan miqdori 300 milliard so‘m etib belgilandi. Bu haqda MSKning 16 iyun kuni bo‘lib o‘tgan navbatdagi majlisida ma'lum qilindi.

Ushbu mablag‘ hisobiga Saylov kodeksi hamda xalqaro saylov standartlari talablaridan kelib chiqqan holda, prezidentlik sayloviga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish jarayonida mablag‘ talab etiladigan barcha jihatlar hisobga olindi.

Jumladan, 14ta okrug saylov komissiyasining har biriga 56 million 991 ming so‘mdan, shuningdek, qariyb 10 800ta uchastka saylov komissiyasining har biriga 11 million 813 ming so‘mdan mablag‘ ajratish rejalashtirilgan.

Okrug va uchastka saylov komissiyalari uchun ajratilayotgan ushbu mablag‘larning 80 foizdan ko‘prog‘i mazkur komissiyalar a'zolarining ish haqi, kompensatsiya hamda yagona ijtimoiy to‘lovlar uchun sarflanadi.

Shuningdek, saylov komissiyalari a'zolari malakasini oshirish bo‘yicha trenerlar va o‘quv mashg‘ulotlari uchun 18,4 milliard so‘m ajratilishi rejalashtirilgan. Ushbu mablag‘ning 92 foizi trenerlar va monitoring guruhi a'zolarining ish haqini tashkil etadi.

Shuningdek, saylov va referendumni tashkil etish hamda o‘tkazish sohasidagi huquqbuzarliklar to‘g‘risidagi ishlar ilgari ma'muriy sudlar tomonidan ko‘rib chiqilgan bo‘lsa, bundan buyon jinoyat ishlari bo‘yicha tuman, shahar sudlari tomonidan ko‘rib chiqilishi bo‘yicha Markaziy saylov komissiyasining tegishli qarori qabul qilindi.

Saylovda ishtirok etadigan siyosiy partiyalarni moliyalashtirish uchun, ya'ni umumpartiyaviy tadbirlar va siyosiy partiya tomonidan ko‘rsatilgan nomzodlarning saylovoldi tashviqoti va targ‘ibot ishlarini amalga oshirish xarajatlari uchun – 15 milliard 486 million so‘m mablag‘ yo‘naltirilishi ko‘zda tutilgan. Bunda har bir siyosiy partiya tomonidan ko‘rsatilgan nomzod uchun 3 milliard 97 million so‘m to‘g‘ri kelmoqda.

Mavzuga oid