O‘zbekiston | 12:45 / 17.06.2021
9986
6 daqiqa o‘qiladi

Toshkentda chiqindilarni saralash bo‘yicha uch yillik loyiha joriy etilmoqda

Toshkent shahrida 2021-23 yillarda chiqindilarni saralab yig‘ish loyihasi taqdim etildi. Unga ko‘ra, saralangan chiqindilarni qayta ishlash orqali sanoat mahsulotlari, elektr energiyasi ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yiladi.

Toshkent shahrida har kuni 2 ming tonnadan ortiq qattiq maishiy chiqindi olib chiqib ketilib, poligonlarga tashlanadi. Ushbu chiqindilarning katta qismi qayta ishlanuvchi materiallardan iborat. Ularni qayta ishlash orqali 40 foiz chiqindini yana foydalaniladigan buyumlarga aylantirish mumkin. Kunlik 2 ming tonna chiqindidan 800 tonnasi chiqindi poligonlariga emas, qayta ishlash uchun yuborilmoqda. Chiqindilarni saralash ekologiya va atrof-muhitni himoya qilishda muhim ahamiyat kasb etadi.

«Maxsustrans» DUK hamda «O‘zbekiston ekologik qurilish kengashi» NNT hamkorligida chiqindilarni saralash amaliyoti yo‘lga qo‘yildi. Toshkent shahar hokimligida bu amaliyotni yo‘lga qo‘yish bilan bog‘liq jarayonlar muhokama qilindi.

«Maxsustrans» DUK rahbari o‘rinbosari Sherzod Kattaxo‘jayev saralangan chiqindilarni qayta ishlash orqali ishlab chiqarilayotgan mahsulotlar haqida gapirdi: «Chiqindilar ko‘payishi muammoning jiddiyligini bildiradi. Toshkentda ishlab chiqaruvchi korxonalar ko‘p: plastik idishlar, tekstil mahsulotlari ishlab chiqarishadi. Saralangan chiqindilar ularga to‘g‘ri yetkazib borilsa, juda ko‘p mahsulotlar tayyorlashadi. Bizning asosiy vazifamiz shu chiqindilarni saralashga o‘rgatish va yetkazib berishni yo‘lga qo‘yishdan iborat».

Sherzod Kattaxo‘jayev

Korxona mutasaddisi Ismoil Sa'dullayevning ta'kidlashicha, chiqindilarni qayta ishlash orqali elektr energiyasi olishni yo‘lga qo‘yish mumkin.

«Bu konsepsiyani joriy qilishdan asosiy maqsad – aholining ekologik madaniyatini oshirish va chiqindilarni saralash uchun sharoit yaratib berish. Sharoit yaratish deganda Toshkent shahrida mingga yaqin chiqindi yig‘ish maydonlarini nazarda tutyapman. Bu batareyalar, plastik idishlar saralanmasa 100 yilda ham chirimaydi. Saralash orqali chiqindilarni poligonlarga tashlashni kamaytirmasak, ekologiyamizning ahvoli judayam yomon bo‘ladi. Organik chiqindilarni alohida ishlash uchun ularni zavodda gaz olib qishloqlarga elektr energiya yetkazib berish mumkin. Buning uchun aholi o‘rtasida targ‘ibot olib borish kerak, barcha chiqindilarni o‘z joyiga yetkazmasak ahvolimiz yomon bo‘ladi», dedi Sa'dullayev.

Ismoil Sa'dullayev

Shu munosabat bilan Toshkent shahrida chiqindilarni saralab yig‘ish tizimi bosqichma-bosqich joriy etiladi va bu jarayon 2021 yildan boshlanib, uch yil davomida amalga oshirilishi aytildi. Bu jarayon uch bosqichdan iborat va birinchi bosqich 2021 yildan boshlanib, Toshkent shahridagi ayrim mahallalar hududida chiqindilarni «qayta ishlanadigan» va «qayta ishlanmaydigan» toifalarga ajratgan holda yig‘ish yo‘lga qo‘yildi.

Ikkinchi bosqichda, ya'ni 2022 yilda «Maxsustrans» davlat unitar korxonasi tomonidan xizmat ko‘rsatiladigan barcha hududlarda ushbu jarayon amalda qo‘llaniladi. Uchinchi bosqich 2023 yil amalga oshiriladi, bu bosqichda barcha tumanlarda chiqindilarni to‘rtta turga – qayta ishlanadigan, qayta ishlanmaydigan, organik, xavfli maishiy chiqindilar kabi toifalarga ajratgan holda yig‘ish boshlanadi.

«Maxsustrans» DUK 16 iyundan Toshkent shahrida chiqindilarni saralagan holda to‘plash uchun rangli paketlarni tarqata boshlaydi. Maxsus belgilar yopishtirilgan mashinalar yangi ish tartibi asosida 2021 yil 1 iyuldan ish boshlaydi. Aholi o‘rtasida chiqindilarni saralash orqali ekologiyani asrab qolishga bo‘lgan harakatni keng targ‘ib qilish maqsadida «Maxsustrans» DUK va «O‘zbekiston ekologik qurilish bo‘yicha kengashi» NNT jamoalari tomonidan poytaxtdagi 16 ta umumta'lim maktabida ish olib borildi. 2 500 nafardan ortiq o‘quvchi va 40 nafardan ortiq o‘qituvchilarni va 24 ta mahalla aholisi bu harakatda ishtirok etishmoqda.

2021 yilning ikkinchi yarmiga keng ko‘lamli tadbirlar dasturi mo‘ljallangan bo‘lib, ular odamlarning chiqindilarni saralash borasidagi madaniyatlarini barqaror o‘zgartirishga qaratilgan. Chiqindilarni saralash bo‘yicha:

  • 2021 yil 18 iyun kuni Butunjahon tozalik kunini butun shahar miqyosida nishonlash. Bayram kichik hasharlar tariqasida shahar ko‘chalaridagi chiqindilarni saralab, to‘plash maqsadida o‘tkaziladi.
  • Foydalanilgan batareyalarni to‘plash bo‘yicha umumshahar aksiyalar.
  • Poytaxtning barcha yirik tadbirlarida o‘rnatiladigan maxsus axborot stendi.
  • Maqsadli maktablarda barcha o‘quvchilar bilan mashg‘ulotlarni o‘tkazish uchun maktab dasturini kengaytirish, ishtirokchilar soni 25 000 nafarga yetkaziladi. Maktab dasturi o‘z ichiga Train-the-trainer uslubiyatini oladi, ya'ni o‘qituvchilarni o‘qitish va mashg‘ulotlarni mustaqil o‘tkazish uchun jihozlar bilan ta'minlash.
  • Mahalla faollari bilan ishlar ko‘lamini kengaytirish rejalashtirilgan.
Temur Ahmedov

 Dasturni ishlab chiqishga jalb etilgan «O‘zbekiston ekologik qurilish bo‘yicha kengashi» NNT rahbari, xalqaro ekspert Temur Ahmedov bugungi kunda Toshkentning ekologik ahvolidan xavotirda ekanini aytdi: «Hozirgi ekologik holat yaxshi emas, chunki aholi soni o‘syapti. Mana shu saralash dasturi birinchi qadam bo‘ladi. Keyingi loyihalar energotejamkorlik, suv tejamkorligi bo‘yicha bo‘lishi ko‘zda tutilgan».

Mavzuga oid