O‘zbekiston | 10:48 / 24.06.2021
63819
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonda koronavirusning «hindcha» shtammi aniqlandi

Innovatsion rivojlanish vazirligi huzuridagi Ilg‘or texnologiyalar markazida koronavirusning “hindcha” shtammi aniqlandi. Bu haqda Kun.uz’ga vazirlik axborot xizmati ma'lum qildi.

Yangi shtammni aniqlash ustida Ilg‘or texnologiyalar markazi olimlari ish olib borishgan. Mazkur shtamm hozirgacha dunyoning 74 davlatida aniqlangan edi. Koronavirusning “hindcha” shtammi tez yuquvchanligi bilan boshqa shtammlariga nisbatan xavfli deb hisoblanmoqda. Bu shtamm aniqlangan Hindiston davlatida hozirgi kunda 30 mln kasallanish, 390,2 ming o‘lim holati qayd etilgan.

23 iyun kuni Qozog‘iston hukumati bu shtamm mamlakat poytaxti Nur-Sultonga yetib kelganini ma'lum qildi. So‘nggi haftada shaharda kunlik kasallanish ko‘rsatkichi 40 foizga oshgan, qator bemorlarning tahlil natijalari ularga yangi shtamm yuqqanini ko‘rsatgan. Qo‘shni davlatda so‘nggi bir kunda 1248ta kasallanish holati qayd etilib, 12 bemor vafot etdi.

O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vazirligi esa so‘nggi bir kunda 442 kishida kasallik qayd etilib, 400ga yaqin bemor tuzalgani, bir nafar bemor vafot etgani to‘g‘risida xabar berdi.

Mamlakatda yangi kasallanish holatlari soni kundan kunga oshmoqda, so‘nggi marta may oyi boshida 442tadan yuqori holat (+452) qayd etilgandi.

Ayni paytda tibbiyot muassasalarida 3513 nafar bemor davolanmoqda.

Mavzuga oid