O‘zbekiston | 11:48 / 02.07.2021
2696
2 daqiqa o‘qiladi

Italiya kompaniyasi Surxondaryoda yirik sement zavodi quradi

Italiya kompaniyasi Surxondaryoda yangi yirik sement zavodi quradi. Bu haqda viloyat hokimligi axborot xizmati xabar bermoqda.

Ma'lum qilinishicha, Surxondaryo viloyati hokimi To‘ra Bobolov «Team Network» kompaniyasining xalqaro aloqalarni rivojlantirish masalalari bo‘yicha direktori o‘rinbosari Sebastiano Zappala boshchiligidagi italiyalik mutaxassislar bilan uchrashgan.

Uchrashuvda Surxondaryoda 220 million yevro miqdorida to‘g‘ridan to‘g‘ri xorijiy investitsiya jalb etish evaziga yiliga 1 million tonna portland navidagi sement ishlab chiqarish quvvatiga ega zavod qurish loyihasi muhokama qilingan.

Qayd etilishicha, mazkur zavod qurilishi uchun Sherobod tumanidan 250 gektar yer maydoni ajratish masalalari, shuningdek, loyiha doirasida xorijiy kompaniyaga beriladigan soliq, bojxona imtiyozlari va boshqa preferensiyalar haqida fikr almashilgan.

Ta'kidlanishicha, yangi zavodni 2023 yilning 1-choragida ishga tushirish rejalashtirilgan. Zavod ishga tushgach 500 kishini ish bilan ta'minlash aytilgan.

Ma'lumot uchun, «Team Network» kompaniyasi sement ishlab chiqarish zavodlarini loyihalash, qurish, fuqarolik va sanoat muhandisligi, logistika, menejment hamda ixtisoslashgan xodimlar tomonidan taqdim etiladigan texnik maslahat xizmatlarini ko‘rsatish bilan shug‘ullanadi.

Ғайрат Йўлдошев
Tayyorlagan Ғайрат Йўлдошев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid