O‘zbekiston | 13:49 / 06.07.2021
3190
2 daqiqa o‘qiladi

Ustyurtda vodorod stansiyasi ishga tushirildi 

«O‘zbekneftgaz» AJ tomonidan Ustyurt gaz-kimyo majmuasi negizida vodorod to‘ldirish stansiyasi qurilishi amalga oshirilyapti.

Loyihani amalga oshirish boshqaruv bo‘limi va markaziy zavod laboratoriyasi analizatorlari uchun ishlatiladigan yuqori tozalikdagi vodorod (99,999%) import o‘rnini bosishga imkon beradi.

Ta'kidlash joizki, bugungi kunga qadar Ustyurt gaz-kimyo majmuasida yiliga 950 ballon vodorodga ehtiyoj bo‘lib, har bir ballon uchun o‘rtacha 209 dollar miqdoridagi mablag‘lar sarflanar edi. Vodorod Rossiya Federatsiyasi, Janubiy Koreya, Xitoy Xalq Respublikasi va boshqa davlatlardan import qilinyapti.

Ushbu loyihaning amalga oshirilishi import o‘rnini bosish va yuqori tozalikdagi vodorod bilan bog‘liq muammolarni bartaraf etish tufayli kompleksning onlayn analizatorlari uzluksiz faoliyat yuritishini ta'minlash imkonini beradi.

Loyihaning qiymati 150 ming dollarga teng bo‘lib, u korxonaning o‘z mablag‘lari hisobidan moliyalashtirilyapti. Loyiha «Yeast-West Engineyering» MChJning loyiha instituti tomonidan tayyorlangan ishchi hujjatlarga muvofiq amalga oshirilyapti.

Zavodning yillik quvvati 15 000 kub/metr vodorod gazini tashkil etadi. Bu quvvat yuqori tozalikdagi vodorodning ortiqcha hajmini (yiliga taxminan 9 000 kub/metr) olish va uni O‘zbekiston Respublikasi ichki bozorida sotish imkonini beradi. Loyihani amalga oshirish natijasida yiliga 200 ming dollarga yaqin valuta mablag‘lari tejalishiga erishiladi.

Ayni paytda mazkur loyiha doirasida vodorod quyish stansiyasi to‘liq qurib bitkazildi va loyiha hujjatlariga muvofiq mahsulot ishlab chiqarish boshlab yuborildi, deb xabar beradi  «O‘zbekneftgaz» AJ matbuot xizmati.

Mavzuga oid