Iqtisodiyot | 21:20 / 08.07.2021
12998
2 daqiqa o‘qiladi

Davlat ulushidagi ikkita bank sotuvining birinchi bosqichi yakunlandi

«O‘zagroeksportbank» ATB va «Poytaxt bank» AJ ustav kapitalidagi davlat aksiya paketlarini sotib olish uchun jami 7ta taklif kelib tushgan.

Foto: Toshkent shahar hokimligi matbuot xizmati

Davlat aktivlarini boshqarish agentligi tomonidan 20 may kuni e'lon qilingan «O‘zagroeksportbank» ATB va «Poytaxt bank» AJ ustav kapitalidagi davlat aksiya paketlarini sotish jarayonining birinchi bosqichi yakunlandi.

Agentlik xabariga ko‘ra, 5 iyulga qadar «Poytaxt bank» AJ ustav kapitalidagi davlat aksiya paketlarini sotib olish uchun 3ta, «O‘zagroeksportbank» ATB paketlariga esa 4ta taklif kelib tushgan.

«Barcha takliflar sotish uchun dastlabki malakaviy talablarga mos kelgan deb hisoblandi hamda keyingi bosqichga o‘tkazildi», deyiladi xabarda.

Qayd etilishicha, ikkinchi bosqichda talabgorlar bilan oshkor etmaslik to‘g‘risida tegishli bitimlar imzolanadi va banklar to‘g‘risidagi qo‘shimcha ma'lumotlar, jumladan, talabgorlarga axborot memorandumi, moliyaviy, yuridik va soliq jihatdan o‘rganish hisobotlari taqdim etiladi.

Agentlik davlat ulushini sotish bo‘yicha konsultantlar sifatida «Deloitte» va «Grant Thornton» kompaniyalari jalb qilinganini eslatib o‘tgan.

Avvalroq, «Poytaxt bank» AJ ustav kapitalidagi 100 foiz davlat aksiya paketlari sotuvga qo‘yilgani xabar qilingandi.

Mavzuga oid