Jahon | 21:44 / 12.07.2021
11557
2 daqiqa o‘qiladi

Qozog‘istonda karantin choralari kuchaytiriladi

Qozog‘istonda epidemiologik vaziyat yomonlashayotgani sababli koronavirus tarqalishi yuqori darajada bo‘lgan “qizil” hududlarda karantinni kuchaytirishga qaror qilindi.

Hozirda poytaxt Nur-Sulton, Almati, Chimkent shaharlari, Oqmola, Oqto‘be, Atirau, G‘arbiy Qozog‘iston, Qarag‘anda, Qo‘stanay, Mang‘istau va Pavlodar oblastlari “qizil” hududlarga kiritilgan.

Bu hududlarda shaharlararo, oblast ichidagi, shaharlardagi muntazam va nomuntazam (turistik) avtobus va mikroavtobus qatnovini amalga oshirish taqiqlanadi, yopiq plyajlar va akvaparklar faoliyati to‘xtatiladi.

Shuningdek, dam olish va bayram kunlari jamoat transporti, umumiy ovqatlanish shoxobchalari, fitnes-markazlar, sport-sog‘lomlashtirish obektlari, suv havzalari, kinoteatrlar, teatrlar, konsert zallari, kompyuter klublari, bilyardxonalar, karaokelar faoliyati taqiqlanadi. Bundan tashqari, ushbu kunlar ochiq bozorlar, yarmarkalar, sport obektlari, ta'lim markazlari, bolalar va kattalar uchun to‘garaklar, fudkortlar ham ishlamaydi.

Ish kunlari esa “qizil” hududlarda fitnes-markazlar, sport-sog‘lomlashtirish obektlari, suv havzalarining faoliyatini soat 20gacha; savdo uylari, savdo tarmoqlari, umumiy ovqatlanish obektlari faoliyatini esa soat 18gacha cheklashga qaror qilingan.

Shuningdek, davlat idoralari va oblastlar rahbarlariga tushuntirish ishlarini kuchaytirish hamda aholini koronavirusga qarshi emlash qamrovini kengaytirish vazifasi topshirilgan.

Шуҳрат Раҳимов
Tayyorlagan Шуҳрат Раҳимов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid