Jahon | 09:15 / 13.07.2021
3671
2 daqiqa o‘qiladi

Iroqdagi shifoxonada yuz bergan yong‘inda 50 kishi halok bo‘ldi 

Foto: Getty Images

Iroq janubidagi An-Nasiriya shahrida koronavirusga chalingan kasallar davolanadigan shifoxonada yirik yong‘in chiqdi. Buning oqibatida kamida 50 kishi halok bo‘ldi, 70ga yaqin odam jabrlandi.

Al Arabiya telekanalining xabar berishicha, yong‘in shifoxonaning koronavirusga chalingan bemorlar davolangan bo‘limini qamrab olgan. 

Taxminlardan biriga ko‘ra, yong‘inga qisqa tutashuv sabab bo‘lgan. Boshqa ma'lumotlarga ko‘ra, yong‘in kislorod balloni portlashi oqibatida chiqqan. 

Ayni vaqtda yong‘inni nazorat ostiga olishga muvaffaq bo‘lingan.   

Ma'lum qilinishicha, yong‘in chiqqan bo‘lim 3 oy oldin ochilgan. U 70 bemorga mo‘ljallangan bo‘lgan.

An-Nasiriya joylashgan Di-Qor muhofazasi sog‘liqni saqlash departamenti vakili Ammar al-Zamiliyning ma'lum qilishicha, yong‘in boshlanganda bo‘limda kamida 63 bemor bo‘lgan. Muhofazada favqulodda holat e'lon qilingan.

Ta'kidlanishicha, qurbonlar soni oshishi mumkin, chunki ba'zi jarohatlanganlar og‘ir ahvolda.

Ma'lumotlarga ko‘ra, bino oson alangalanuvchi materiallardan qurilgan bo‘lgan.

Iroqda kovid-shifoxonada yong‘in birinchi marta yuz berishi emas. Bahorda Bag‘doddagi shiofxonada chiqqan yong‘inda 82 kishi halok bo‘lgandi. O‘shanda yong‘inga kislorod balloni portlashi sabab bo‘lgan.

Ayni vaqtda Iroqda koronavirus tarqalishi yana avj olmoqda. Mamlakatda har kuni 9 mingdan ko‘proq kasallanish holati qayd etilmoqda.

Шуҳрат Раҳимов
Tayyorlagan Шуҳрат Раҳимов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid