O‘zbekiston | 15:33 / 14.07.2021
6251
2 daqiqa o‘qiladi

Komilov «ShHT-Afg‘oniston» muloqot guruhi yig‘ilishida ishtirok etdi

14 iyul kuni ShHTga a'zo mamlakatlar Tashqi ishlar vazirlari kengashining navbatdagi yig‘ilishida qatnashish uchun Dushanbe shahriga kelgan O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov «ShHT-Afg‘oniston» muloqot guruhi yig‘ilishida ishtirok etdi.

«Afg‘oniston va ShHTga a'zo davlatlarning tashqi siyosat idoralari, tashkilot kotibiyati, ShHT Mintaqaviy aksilterror tuzilmasi ijroiya qo‘mitasi rahbarlari tomonlarning Afg‘oniston yo‘nalishidagi qo‘shma harakatlari, keng qamrovli tinchlik jarayonini qo‘llab-quvvatlash choralari, Afg‘onistonni barqaror rivojlanish va iqtisodiy tiklanish yo‘liga qaytarishga doir masalalarni muhokama qildilar.

O‘zbekiston Tashqi ishlar vaziri o‘z nutqida afg‘on muammosi bilan bog‘liq asosiy dolzarb masalalar bo‘yicha mamlakatimiz mavqeyini ma'lum qildi.

Ta'kidlanganidek, O‘zbekiston Afg‘onistonning mustaqil va suveren davlat sifatida shakllanishidan manfaatdor. Afg‘onistonga nisbatan O‘zbekiston yaxshi qo‘shnichilik, o‘zaro hurmat va tenglik tamoyillariga asoslangan do‘stona siyosat yuritadi», deyiladi O‘zbekiston TIV xabarida.

O‘zbekiston Afg‘onistondagi siyosiy jarayon faqat afg‘onlar tomonidan va Afg‘oniston xalqi rahbarligi ostida amalga oshirilishi zarurligi to‘g‘risidagi asosiy tamoyilga sodiq ekanligi ta'kidlangan.

Tadbir yakunida ShHTga a'zo davlatlar tashqi ishlar vazirlarining Qo‘shma bayonoti qabul qilingan.

Mavzuga oid