O‘zbekiston | 14:51 / 16.07.2021
29213
4 daqiqa o‘qiladi

Lavrov: Afg‘onistondagi vaziyat qo‘shni davlatlarga real xavf tug‘dirmoqda

Rossiya TIV rahbari Sergey Lavrov Toshkentdagi konferensiyada chiqish qilib, Afg‘onistondagi vaziyat kun sayin yomonlashib borayotganini qayd etdi.

Toshkentda o‘tkazilayotgan «Markaziy va Janubiy Osiyo: mintaqaviy bog‘liqlik. Tahdidlar va imkoniyatlar» xalqaro konferensiyasiga tashrif buyurgan Rossiya tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov tadbirda nutq so‘zladi.

«Avvalo bunday konferensiya tashkillashtirilgani uchun O‘zbekistonga va prezident Mirziyoyevga minnatdorchilik bildiraman.

Afg‘onistondagi vaziyat kun sayin murakkablashib borayotgani kun tartibidagi qator masalalar yechimi uchun bunday tadbirlar qanchalik muhimligini ko‘rsatadi. So‘nggi paytda AQSh va NATO harbiy kontingentining bu davlatdan tezkor olib chiqilishi katta noaniqliklar hamda inqiroz holatini keltirib chiqarmoqda. 

Vaziyat terroristik xavf hamda katta miqdordagi narkotik moddalar savdosiga zamin yaratyapti. Bu davlatdagi notinchlik qo‘shni davlatlarga tarqalishi xavfi bor. Bunday real xavf esa Afg‘onistonni hududiy hamkorlikka jalb etishga jiddiy to‘siq bo‘ladi», deya xavotirlarini bildirgan Lavrov. 

U rasmiy Moskva ziddiyat tomonlarining faol muloqoti va muzokaralar formatini kengaytirish tarafdori ekanini qayd etgan.

«Rossiya Afg‘onistonda yovlashayotgan tomonlarning sulhga erishishi tarafdori ekanligini yana bir bor ta'kidlayman. Faqat xalqaro hamkorlar ko‘magidagi to‘g‘ridan to‘g‘ri muzokaralargina masalaning yechimi bo‘la oladi.

Biz Afg‘onistonda tinchlik o‘rnatishga qaratilgan barcha harakatlarni, shu jumladan, bu boradagi O‘zbekiston taklif qilayotgan g‘oyalarni ham qo‘llab-quvvatlaymiz.  

O‘zbekiston prezidentining yangi transport koridorlari yaratish bo‘yicha g‘oyalariga qiziqish bildirmoqdamiz va muhokama qilishga tayyormiz. Hamkorlikdagi rejalarimiz orasida energetik loyihalar muhim o‘rin egallaydi. Bu borada o‘nlab loyihalar bor va ular orasidagi hamkorlikdagi loyihamiz Markaziy Osiyoda birinchi bo‘lgan va O‘zbekistonda yo‘lga qo‘yilayotgan atom elektrostansiyasini alohida ta'kidlamoqchiman», deya Rossiya Tashqi ishlar vazirining so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

Afg‘onistonda hukumat kuchlari va «Tolibon» harakati vakillari o‘rtasida to‘qnashuvlar davom etmoqda, ko‘p vaqt davomida asosan mamlakatning qishloq hududlarida faoliyat ko‘rsatgan toliblar, amerikalik harbiylar mamlakatdan olib chiqilishi boshlangach, keng ko‘lamli yurishlar boshladi va ko‘plab tumanlar markazlari egallab olindi. 

2020 yilda Donald Tramp ma'muriyati «Tolibon» bilan 20 yilga yaqin davom etgan urushni yakunlash va xorijiy harbiylarni Afg‘onistondan olib chiqish bo‘yicha kelishuv imzoladi, unga ko‘ra, toliblar mamlakat hududida terrorchi kuchlar faoliyatiga yo‘l qo‘ymasligi va Kobuldagi rasmiy hukumat bilan asirlar almashib, tinchlik muzokaralariga kirishishi ko‘zda tutilgandi.

Aksar mutaxassislar Amerika harbiylari sentyabrda to‘liq olib ketilgach, Kobuldagi hukumat yarim yil ichida qulashini prognoz qilishmoqda. Rossiya prezidentining Afg‘oniston masalalari bo‘yicha maslahatchisi Zamir Kabulovning hisoblashicha esa, urush yana ikki oy davom etadi, ammo toliblar hozirgacha tumanlarning qariyb yarmini qo‘lga kiritgan bo‘lishsa-da, respublikani to‘liq egallay olishmaydi.

 

Mavzuga oid