Jahon | 23:03 / 18.07.2021
16813
7 daqiqa o‘qiladi

Koronadayjest: Jonson ihotalandi, Tokiodagi Olimpiya qishlog‘i sportchilarida kasallik chiqmoqda

Tokiodagi Olimpiya o‘yinlari boshlanishiga kam vaqt qolganida uch sportchi virusga chalindi. Buyuk Britaniyada kasallanish holatlari o‘sishi davom etmoqda, bosh vazir Boris Jonson va moliya vaziri Rishi Sunak kasallanganlar bilan aloqada bo‘lganliklari tufayli o‘zlarini ihotalashga rozi bo‘lishdi.

Foto: EPA/Vostock-photo

Tokioda sportchilar kasallandi
Tokiodagi Olimpiya o‘yinlari tashkiliy qo‘mitasi Olimpiya qishlog‘ida yashayotgan sportchilar orasida koronavirus infeksiyasi yuqtirib olish bilan bog‘liq ilk holatlar haqida xabar berdi - bu 23 iyul kuni boshlanadigan olimpiadaning ochilish marosimiga bir necha kun vaqt qolganida sodir bo‘lmoqda.

Hozirda uch nafar atletda virus tasdiqlangan. Kasallanganlarning ikki nafari Olimpiya qishlog‘ida yashayotgan JAR futbol jamoasi a'zolaridir. Ulardan tashqari, Janubiy Afrika sport delegatsiyasining yana bir xodimida test natijasi musbat chiqqan. Covid-19 aniqlangan yana bir sportchi qishloqdan tashqarida bo‘lgan, uning shaxsi hozircha ma'lum qilinmadi. Tashkilotchilar kasallik aniqlanganlar alohida qilingani, jamoaning boshqa vakillari ham test topshirgani haqida ma'lum qilishgan.

Tokiodagi olimpiya qishlog‘ida (turar joylar kompleksi va ovqatlanish markazlaridan iborat) 6700 nafar sportchi va rasmiy shaxslar joylashtirilgan.

Yakshanba kuni mobaynida Olimpiada bilan bog‘liq 10ta yangi kasallanish holati aniqlangan. Bir kun oldin 15ta yangi holat tasdiqlangandi.

Olimpiada bilan bog‘liq jami kasallanish holatlari soni 55taga yetgan, ularning aksari rasmiy shaxslar va turnirni o‘tkazish ishlarida ishlayotgan xodimlardir.

Masalan, kasallik Xalqaro olimpiya qo‘mitasining janubiy koreyalik a'zosida aniqlangan - u Tokioga qo‘nishi bilan testining natijasini olgan. Muqaddam stol tennisida Olimpiada o‘yinlarida qatnashib kelgan Yu Sin Min vaksina qabul qilgandi, bu esa turnirning emlangan ishtirokchilarida ham kasallikka chalinish ehtimoli borligini ko‘rsatadi. Hozirda u izolyatorda, u Yaponiya hukumatining qarori bo‘yicha karantindan chiqadi.

So‘nggi kunlarda Tokio aholisi orasida ham kasallanish ko‘rsatkichi ko‘tarilmoqda - qatorasiga besh kun davomida kunlik yangi holatlar soni mingdan oshiq bo‘lmoqda. So‘rovlar yaponlarning ko‘pchiligi Olimpiadani o‘tkazishga qarshi bo‘lganini ko‘rsatmoqda - dunyoning turli nuqtalaridan kelayotgan mehmonlar kasallanish tarqalishi xavfini oshirmoqda.

Yangi holatlar yangi joriy etilgan ko‘p bosqichli testlash tizimi tufayli aniqlanmoqda - bu rejim kasallanganlarni tezlik bilan aniqlash va karantinga olish imkonini beradi.

So‘rovlardagi ma'lumotlarga ko‘ra, bosh vazir Yosixide Suga hukumatining reytingi 35,9 foizgacha pasaygan, bu uning 2020 yil sentyabrida hokimiyatga kelishidan buyon qayd etilgan eng quyi ko‘rsatkichdir. Shu bilan birga, so‘ralganlarning atigi 29,4 foizi o‘tgan dushanba kuni joriy etilgan tayyorgarlikning to‘rtinchi darajasi mamlakatdagi vaziyatni nazorat qilish imkonini beradi deb hisoblaydi.

Tokio Olimpiadasi 23 iyul kuni start oladi, o‘yinlar deyarli tomoshabinlarsiz o‘tkaziladi.

Jonson kasal vazir bilan uchrashgandan keyin izolyatsiya qilindi
Buyuk Britaniya bosh vaziri Boris Jonson shu kunlarda koronavirusga chalingani aniqlangan sog‘liqni saqlash vaziri Sajid Javid bilan kontaktda bo‘lgani tufayli o‘zini ihotalashini ma'lum qildi.

Sog‘liqni saqlash vaziri Sajid Javidning testi musbat natija bergan

Avvaliga Jonson karantinga ketishdan bosh tortib, kasallikning oldini olish bo‘yicha yangi sxemada ishtirok etishini ma'lum qilgandi, bu pilot sxema har kuni test o‘tkazishni nazarda tutadi. Dauning-stritdagilar bosh vazir faqat o‘zining muhim davlat ishlari bilan shug‘ullanishi bildirishgandi.

Ammo shundan ikki yarim soat o‘tib, jamoatchilik tanqidlari to‘lqini fonida u o‘zini ihotalashga rozi bo‘ldi va uchrashuvlarni onlayn formatda o‘tkazishini ma'lum qildi.

Javid bilan aloqada bo‘lgan moliya vaziri Rishi Sunak ham dastlabki qarorini o‘zgartirib, xatosini tan olgan holda o‘zini ihotalagan.

Muxolifatdagi Leyboristlar partiyasi esa hukumat a'zolarini britan jamoatchiligi uchun qabul qilingan qoidalarni chetlab o‘tishga urinishda aybladi. «Odamlar qoidalarga rioya etish uchun ko‘p ish qilishdi. Biz o‘zini ihotalash metodiga ishonchni saqlab qolishimiz kerak, bolalarning ota-onalari, ishchilar va korxonalar Dauning-stritda bo‘layotgan ishlar bo‘yicha haqli savollar berishmoqda», degan leyboristlar yetakchisi Kir Starmer.

Sajid Javid 17 iyul, shanba kuni testining musbat natijasini olgandi, juma kuni u Dauning-stritda uchrashuvga borgan. Bu uchrashuvdan tashqari, hafta davomida Javid Uaytholldagi ofisida ishlagan va uch marta parlamentda bo‘lgan. Shuningdek, u seshanba kuni London janubidagi keksalar uyida bo‘lgani ma'lum.

51 yoshli Javid AstraZeneca vaksinasining ikki dozasini ham qabul qilgandi, u o‘z uyida oila a'zolari bilan ihotalangan. U o‘zidagi kasallik simptomlari «juda yengil» ekanini aytgan. Jonson o‘tgan yil aprelida kasallikni boshdan kechirgandi. Bosh vazir shu yilning martida AstraZeneca vaksinasining birinchi dozasini, iyunda ikkinchi dozasini qabul qilgandi.

BBC korrespondenti xabar berishicha, Britaniya hukumati tarixidagi o‘z niyatini o‘zgartirish bo‘yicha eng tez qaror qabul qilindi - qayta o‘ylab ko‘rish uchun 157 daqiqa yetarli bo‘ldi. Endi hukumat o‘ta noqulay holatda qoldi: hukumatning ikki asosiy vakili o‘zini ihotalagan, avvalroq qabul qilingan qaror bo‘yicha butun mamlakatda 19 iyuldan karantin cheklovlari butunlay bekor bo‘lishi kerak.

Bu vaqtda Buyuk Britaniyada kasallanish ko‘rsatkichlari shitob bilan ortmoqda. Shanba kuni 54,6 mingta yangi kasallanish holatlari qayd etilgan, o‘lim holatlari soni ham kundan kunga o‘smoqda, ammo hozircha shu yil bahoridagi ko‘rsatkichlarga qaytilgani yo‘q: so‘nggi bir kunda koronavirusga chalingan bemorlarning 41 nafari vafot etgan.

Shu bilan birga, mobil telefonlardagi kasallanganlarni kuzatuvchi ilova yanada ko‘proq odamlarni bemorlar yaqinidan o‘tgani haqida ogohlantirib, o‘zini ihotalash bo‘yicha xabarnomalar yubormoqda. Iyul oyining birinchi haftasida 500 mingdan ortiq kishiga shunday xabarlar borgan. Bundan tashqari, bu vaqt mobaynida 840 ming o‘quvchi darslarga kelmagan.

Shanba kuni London metrosining liniyalaridan biri ma'lum vaqt davomida ishlamadi, bunga metro xodimlarining juda ko‘p qismi o‘zini ihotalash bo‘yicha tavsiya olgani sabab bo‘ldi. 

Mavzuga oid