Jahon | 08:57 / 20.07.2021
27893
28 daqiqa o‘qiladi

Shahardagi eng asosiy joy. Istirohat bog‘lari qanday ko‘rinishda bo‘lishi kerak?

Shahar umumiy manzarasi qanday bo‘lishi kerak? Mutaxassislarning fikricha, mana bunday: bog‘lar, xiyobonlar, yo‘llar, daryo va ko‘llar, uylar hamda bo‘sh sanoat zonalari. Ha, shaharda faqat uylar, «dom»lar, «kottejlar», do‘konlar, biznes markazlari, xullas, faqat sotish mumkin bo‘lgan joylar bo‘lmasligi kerak.

AQSh. Nyu-Yorkdagi markaziy istirohat bog‘i

Shaharlarda binolar joylashgan hududlardan kam bo‘lmagan miqdorda yashillik, parklar, bog‘lar, sayilgohlar bo‘lishi shart. Aks holda ekologik balans yo‘qoladi, bu tabiatning «jahlini chiqaradi». Jahli chiqqan tabiat esa insoniyatga aytaylik qurg‘oqchilik bilan «hujum qilishi mumkin».

Bugun shaharlarda yashillik yo‘qolib borayotgani haqida ko‘p gapirilmoqda. Chindan katta shaharlarimizga qarasangiz, asosan, binolar va asfaltni ko‘rasiz. 34Travel.me sayti A1 ekoloyihasi bilan birgalikda tayyorlagan quyidagi materialni o‘qisangiz, bizda yashillik yo‘qolib borayotgani haqida fikringiz keskin o‘zgaradi. Bizda yashillik va parklar yo‘qolib boryapti emas, ular deyarli bo‘lmagani haqida xulosaga kelasiz.

Bizda istirohat bog‘i deganda ichi to‘la magazin, bolalar uchadigan va albatta, pulli bo‘lgan atraksionlar qo‘yilgan, aksar hollarda hatto kirish ham pulli bo‘lgan joylar tushuniladi. Odamlarga to‘rt tomonida qurib qolgan archa ekilgan va quyosh qizdirib, sarg‘ayib yotgan ochiqlikni «mana shu park» deb ko‘rsatishlari ham hech gap emas. Xo‘sh, aslida park qanday bo‘lishi kerak? Mariya Gulina tayyorlagan maqola shu xususida.

Istirohat bog‘i – bu shunchaki daraxtlar to‘p bo‘lib o‘sadigan joy emas

Urbanizatsiya rivojlanib, qurilayotgan binolar zichligi oshgani sayin shahar landshaftiga bo‘lgan munosabat o‘zgaryapti. Ilgari tabiat va shahar bir-biriga qarama-qarshi bo‘lgan hamda istirohat bog‘lari shaharlarda sun’iy ravishda yaratilgan tabiat makoni edi. Endi shaharsozlik tendensiyasi o‘zgarib, arxitektorlar unda ekologik asoslar yaratish ham muhim ekanini ta’kidlashmoqda. Ya’ni istirohat bog‘lari va ularni tabiiy infratuzilma sifatida bog‘laydigan yashil yo‘laklar (xiyobonlar, daryolar, kanallarni) yaratish shaharsozlikning muhim bo‘lagiga aylanmoqda. Bunday sharoitda istirohat bog‘lari yagona tabiiy tarmoq yaratishi va yashil yo‘laklar ular orasidagi ekologik aloqani ta’minlashi kerak.

Eron. Mamlakat poytaxti Tehron juda xiyobonlaga boy. Suratda Ob va otash (suv va olov) bog‘ining yuqoridan ko‘rinishi

Landshaft arxitekturasi oddiy arxitekturadan biroz murakkab va maftunkor. Bunda arxitektor uchun o‘simliklar qurilish materiallari hisoblanadi va doimiy ravishda ularning hajmi, shakli, rangi va tuzilishi o‘zgarib turadi.

Istirohat bog‘larida daryolar, kanallar va tepaliklardan foydalanib, turli xil landshaftlarni yaratish mumkin. Bunda holatni ozgina o‘zgartirish yetarli bo‘ladi va ular yangicha ko‘rinishga ega bo‘ladi. Hatto qishda ham istirohat bog‘lari rang-barang bo‘lishi mumkin: oq, yashil rang, qora tanalar, kulrang va qizg‘ish novdalar. Shahardagi salqin istirohat bog‘laridagi daraxtlar soni oz bo‘lishi mumkin, ammo yirik va sershox daraxtlarning bo‘lishi yetarli bo‘ladi. Bunday joy daraxtlar zich joylashgan yovvoyi o‘rmonga o‘xshamaydi. Landshaft arxitektorlari kelajak landshaftining me’mori hisoblanadi.

Zamonaviy va ideal parklarda qurib qolgan daraxtlar ham saqlanishi mumkin. Ko‘rinishni chiroyli saqlash uchun qurigan daraxtlar kesilishi kerak, deb o‘ylarsiz, ammo ular ayrim hollarda shunchaki qurigan xunuk daraxt sifatida emas, balki o‘nlab yillar davomida tabiiy jarayonlarni kuzatishga imkon beradigan tabiat elementi sifatida saqlanadi. Ana shunda qurigan daraxt ham istirohat bog‘lariga atmosfera bera oladi.

Avstraliya. Melburndagi botanika bog‘i

Chiroyli shoxlari bo‘lgan quruq daraxt bog‘ landshaftining bir qismiga aylanishi va avangard haykalga o‘xshashi mumkin. Hatto kesilgan daraxtning to‘nkasini ham saqlab qolish va chiroyli tarzda umumiy ko‘rinish bilan uyg‘unlashtirish mumkin. Bunda har bir daraxt o‘z hayoti va tarixiga ega bo‘ladi.

Park – faqat odamlar uchun emas, hayvonot olami uchun ham muhim

Istirohat bog‘larida nafaqat maxsus maysazorlar, balki butalar va tabiiy o‘tloqli maydonlar ham bo‘lishi muhim. Ular hasharotlar, mayda hayvonlar va qushlar uchun yashash joyi hisoblanadi. Oxirgi paytlarda istirohat bog‘lari bioxilma-xillikni saqlash uchun «qaynoq nuqta»ga aylanib bormoqda. Bu ayniqsa, har yili yo‘qolib borayotgan turlar soni ma’lum darajada o‘sib borayotgani uchun ham ahamiyatli.

Avstraliya. Sidney bog‘ida sayr qilayotgan itlar. Bu bog‘ arxitekturasi bo‘yicha dunyoda eng zo‘rlaridan biri deb e’tirof etiladi

Masalan, Avstraliyada biologik xilma-xillik yuqori bo‘lgan hududlar yovvoyi tabiatda emas, balki shaharlarda, aniqrog‘i shahar istirohat bog‘larida shakllanyapti. Shuningdek, istirohat bog‘larida biologik xilma-xillikni saqlab qolish uchun ular ba’zi joylarda o‘tlarni o‘rmasdan qoldirishi yoki xazon bo‘lgan barglarni yig‘ishtirmasligi mumkin. Shu bilan birga, istirohat bog‘lariga tashrif buyuruvchilar uchun o‘tlar nega o‘rilmagani va xazonlar nega yig‘ishtirilmagani haqida izoh berilgan maxsus belgilar o‘rnatilishi kerak.

Istirohat bog‘larida yorug‘lik juda ko‘p bo‘lmasligi muhim. U odamlarni ko‘rish, tashrif buyuruvchilar o‘zini xavfsiz his qilishi uchun yetarli bo‘lishi kifoya. U yerda fonar ustunlari bo‘lishi shart emas – yoritkichlarni devorlarga yoki yo‘laklarga o‘rnatish kifoya qiladi. Yoki bo‘lmasa, aniq ko‘rinib turuvchi yo‘lkalar ham adashib qolmaslik uchun yetarli.

Zamonaviy shahar istirohat bog‘larining vazifalari nimadan iborat?

Shaharda bitta katta markaziy istirohat bog‘i bo‘lishi kerak, degan fikr allaqachon eskirdi. Endi shaharsozlarning fikriga ko‘ra, shaharning turli qismlarida bir nechtalab kichik istirohat bog‘lari bo‘lishi kerak. Shahar parklarining afzalliklari quyidagilardan iborat: unda odamlar estetik zavq oladi, tabiiy ekotizimlarni saqlashga yordam beradi, odamlarni jismoniy faollikka undaydi, iqtisodiy rivojlanish omili hisoblanadi. Parklarda yolg‘izlikni istayotganlar uchun ham, muloqot xohlovchilar uchun ham sharoitlar bo‘lishi kerak.

London. Grinvich bog‘i. Britaniya poytaxti hududining ko‘p qismini bog‘lar egallashi bo‘yicha dunyoda yetakchilardan

Bugungi kunda istirohat bog‘larining me’morlari o‘z mahorati bilan tabiat va odamlarni bir-biriga foyda keltiradigan qilib birlashtirish uchun harakat qilmoqda.

Nima uchun shaharga tabiiy muhit muhim?

Bugun aksariyat mamlakatlarda aholining yarmidan ko‘pi shaharlarda istiqomat qiladi. Kelajakda bu raqam yana o‘sishi kutilyapti. Shaharlar odamlarning hissiy va jismoniy farovonligiga, sog‘ligi va farovonligiga ta’sir qiladi. Shaharlar iqlim o‘zgarishlari va boshqa inqirozlarga moyil. Bularning barchasi shaharda uzoq, qulay va faol hayot tobora muhim ahamiyat kasb etishini anglatadi.

Amerikalik jurnalist Richard Lou o‘zining «O‘rmondagi oxirgi bola» kitobida bir qator tadqiqotlar natijalarini taqdim etadi. Unga ko‘ra, tabiat bilan kam aloqada bo‘lgan kishida diqqatning buzilishi, depressiya va sog‘liq bilan bog‘liq muammolar kelib chiqishini isbotlovchi dalillar keltirilgan. Jurnalist bu holatni «insonda tabiat yetishmovchiligi» deb ataydi.

Shaharlardagi yashil hududlar sershovqin shahar hayotida insonlardagi jizzakilik va asabiylikni yengillashtiradi. Odamlar asabiylashganda tabiat bilan tez-tez aloqada bo‘lishga intiladi. Ha, istirohat bog‘larida qisqa muddatli sayr ham shahar aholisining asabini tinchlantiradi. Yashil hududlar odamlarga quvonch ulashadi, ulardagi tashvishlarni kamaytiradi, qiyinchiliklarni yengishga yordam beradi va ijtimoiy aloqani ta’minlaydi. Oddiy qilib aytganda, tabiat odamlarni sog‘lom, baxtli va aqlli qiladi.

Litva. Vilnyusdagi Bernardinov bog‘i
Litva poytaxtidagi ajoyib bog‘ning ichidan daryo ham o‘tgan. Uning atrofi doim tozalab turiladi va odamlar dam olishi uchun sharoit yaratilgan

Yaxshi istirohat bog‘larini qanday loyihalashtirish kerak?

Yaxshi qurilgan istirohat bog‘lari, bir qarashda, boshqa jamoat joylaridan deyarli farq qilmasligi mumkin. Ammo unda boshqa istirohat bog‘lariga nisbatan tashrif buyuruvchilar ko‘p bo‘ladi va odamlar unda o‘zlarini qulay va xavfsiz his qiladi.

Yaxshi istirohat bog‘larini loyihalash uchun maxsus joy izlash kerak emas. Katta yo‘l yoqasi yoki temir yo‘l ko‘prigi ostidagi bo‘sh joyda ham yaxshi park qurish mumkin. Asosiysi mavjud yerdan to‘g‘ri foydalanish kerak. Bundan tashqari, istirohat bog‘larining dizaynerlari davlat, investor va jamiyat bilan birgalikda ularning manfatlarini inobatga olib ishlashi kerak.

Yaxshi istirohat bog‘lari o‘zi joylashgan makonni uning atrofidagi barcha jamoalar bilan bog‘laydi. U yerga qanday odamlar borishi va nima qilishini, albatta, inobatga olish kerak. Eng muhimi bu haqda odamlarning o‘zlaridan so‘rash kerak va ularning xohish hamda istaklari bilan hisoblashish kerak.

Rossiya. Krasnodar. Mahalliy «Krasnodar» stadionining to‘rt tomoni xiyobonlar bilan o‘ralgan 

Istirohat bog‘lari har bir kishi tabiat qo‘ynida o‘z vaqtini zavq bilan o‘tkazadigan muhim jamoat joyi hisoblanadi. Bundan tashqari, «har bir kishi» tushunchasi haqiqatan ham shahar aholisining barcha toifalarini: qariyalar, bolalar, nogironlar, uy hayvonlarini yetaklagan odamlar, shuningdek, jinsi, yoshi, irqi va kasbidan qat’i nazar, barcha odamlarni qamrab oladi. Iste’molchilarning barcha guruhlari manfaatlarini hisobga olish istirohat bog‘larini qurishda muhim hisoblanadi.

Inklyuziv yondashuvda nafaqat tashrif buyuruvchilarning turli ehtiyojlari, balki ular o‘rtasidagi o‘zaro muloqot uchun ham dasturlar ishlab chiqilgan. Masalan, nogiron va sog‘lom bolalarning birgalikda o‘ynashi uchun sharoitlar yaratilishi, o‘yin maydonchasiga hech qanday to‘siqsiz kirish imkoniyati, bog‘dagi infratuzilma – soya qiladigan ayvonlar va o‘rindiqlarni moslashtirish kabi ishlar shular jumlasidan. Shuningdek, barcha uchun qulay yo‘laklar, bepul, toza va kirish qulay hojatxona va aniq navigatsiya joriy qilinishi ham muhim ishlar sirasiga kiradi.

Shaharda himoyasiz guruhlarga noto‘g‘ri munosabatda bo‘lish ko‘p uchraydi. Shuning uchun, istirohat bog‘lari 8 yoshli boladan tortib, 80 yoshli keksalar uchun ham qulay bo‘lishi kerak. Bolalar uchun parklar turli o‘yinlarni o‘rganish, boshqalar bilan ijtimoiy aloqalar o‘rnatish uchun qulay joy hisoblanadi. Shuningdek, bog‘lar bolalarning turli ko‘nikmalarini rivojlantiradi va ularga do‘stlar orttirishga yordam beradi.

Germaniya. Frankfurtdagi Gyuntersburg istirohat bog‘i

Aksariyat shaharlarda aholining umr ko‘rish davomiyligi oshmoqda, demak endi bundan buyog‘iga shahar aholisi tarkibida keksa yoshdagi insonlar soni oshib boraveradi. Keksalar uchun istirohat bog‘lari yolg‘izlikni yengib o‘tish uchun eng yaxshi joy bo‘lishi lozim. Ular bog‘larda sayr qiladi, yoga bilan shug‘ullanadi yoki boshqa qariyalar bilan muloqotda bo‘ladi.

Umuman, parklar turli yosh vakillari birgalikda yig‘ilib, o‘zaro muloqot qilishi uchun ham mos maskan hisoblanadi. Yaqin kelajakda asta-sekinlik bilan istirohat bog‘lariga bo‘lgan talablar ham o‘zgaradi va tashrif buyuruvchilar orasida o‘zaro munosabatlarning yangi shakllari paydo bo‘ladi. Tabiiy, tarixiy va madaniy merosni saqlab qolish yanada ijtimoiylashadi.

Kelajakdagi istirohat bog‘lari ko‘ngilochar usullar bilan ta’lim olish maskanlari va multimedia komplekslari ko‘rinishida ham bo‘ladi. Kuchli konsepsiyalarga yo‘g‘rilgan g‘oyalar va puxta o‘ylangan dizaynga ega istirohat bog‘lari bir tarafdan sayyohlar uchun muhim joyga, ikkinchi tomondan mintaqa uchun alohida diqqatga sazovor joyga hamda shahar brendining bir qismiga aylanadi.

Ukraina. Uman shahridagi Sofiyevka parki

Istirohat bog‘larini qanday qilib gavjum joylarga aylantirish mumkin?

Ba’zida istirohat bog‘lari jamoat joylari emas, shunchaki shaharning bo‘sh qismiga aylanib qoladi. Ya’ni ularga turli sabablar bilan odamlar bormay qo‘yadi. Bunday bo‘lmasligi uchun istirohat bog‘laridan keng foydalanish imkoniyatini yaratish kerak. Agar istirohat bog‘lari piyodalar harakatlanishi uchun maksimal tarzda moslashtirilmasa, shahar infratuzilmasi bilan bog‘lanmasa hamda katta ko‘chalardan kirish qulay bo‘lmasa, unday bog‘lar huvillab yotaveradi.

Urbanizatsiyalashuvning yangi talablariga ko‘ra, shahardagi barcha ko‘chalar yoqasidagi yo‘laklarda, atrof-muhit obektlari o‘rtasida piyodalar harakatlanishi uchun maksimal qulaylik yaratish kerak. Piyodalarning harakatlanishi uchun qulay sharoit yaratilgan dunyoning ko‘plab shaharlarida 10-Minute Walk (10 daqiqali piyoda yurish) tizimi amalda. Unga ko‘ra shaharda ishlaydigan har bir fuqaro ko‘pi bilan 10 daqiqa piyoda yurgach, qaysidir xiyobonga bora olishi kerak. Salqinlash, dam olish, kitob o‘qish va boshqa ruhiyatni ko‘taruvchi mashg‘ulot uchun.

Istirohat bog‘ini shahar ijtimoiy hayotining muhim qismiga aylantirish uchun odamlar bilan bog‘ o‘rtasida aloqa o‘rnatish kerak. Birinchi bosqichda odamlarni avvalo, bog‘larga jalb qila olish muhim. Keyin esa bog‘larda shunday qulay sharoitlar yaratish kerakki, u yer odamlar qayta-qayta keladigan sevimli maskanga aylansin.

Albatta, bu tavsiyalar katta-katta parklari bo‘lmagan shaharlar uchun. Bunday xiyobonlari bor shaharlarda istirohat bog‘ida vaqt o‘tkazib, ruhiyatni yaxshilash madaniyat darajasiga ko‘tarilgan. Ular parklar buzilishi tugul, parkka bormaslikni tasavvur qila olmaydi. O‘z navbatida bunday shaharlarda parklarni daraxsiz qoldirish yoki umuman buzib tashlash haqida o‘ylashmaydi ham. Odatda bunday madaniyat paydo bo‘lgan shaharlarda yanada ko‘proq bepul va zamonaviy landshaftdagi parklar barpo etish haqida o‘ylashadi. Ha, parklar, jamoat joyiga aylangan yashilliklar basma-basiga qursa arziydigan va shaharlar bir-biriga maqtanishga arzigulik narsalar hisoblanadi.

Yangi Zelendiya. Queens Park

Daraxtlarni asrash. Daraxtlar xaritasi

Odamlarni parklarga jalb qilish uchun eski va chiroyli daraxtlarga nom berish, mavjud afsonalarni shahar tarixi va madaniyatining bir qismi sifatida targ‘ib qilish mumkin. Bu borada istirohat bog‘larini parvarish qilish bilan shug‘ullanishni istovchi ko‘ngillilarni bemalol topish mumkin. Chunki odamlar orasida daraxtlarni, yashillikni va eng asosiysi, yaxshi yangilikni qo‘llab-quvvatlovchilar yetarlicha topiladi.

Chexiyadagi «Hnuti Brontosaurus» notijoriy ekologik tashkiloti shahar daraxtlariga e’tiborni jalb qilishning qiziqarli usuli – audio marshrut dasturini ishga tushirdi. Istalgan odam xarita va audio faylni maxsus saytdan yuklab olib, shahar bilan tanishishi mumkin. Yo‘nalishda shahardagi eng qadimgi eman daraxtlaridan birini (rasmiy tabiiy yodgorlik), ekzotik daraxtlarni (ginkgo) va ulkan chinorning saqlanib qolgan tanasini ham uchratasiz.

Smart-istirohat bog‘i nima?

Shinam zamonaviy istirohat bog‘lari – bu nafaqat qulay rejalashtirilgan dam olish maskani, balki geografik axborot tizimlari, sensorli tarmoqlar va boshqa aqlli texnologiyalardan foydalanadigan joydir.

Istirohat bog‘larini boshqarish uchun mikroiqlimni, tashrif buyuruvchilar soni va tarkibini baholash, texnik xizmat ko‘rsatishga muhtoj obektlar to‘g‘risida ma’lumotlarni to‘plash kerak bo‘ladi. Mehmonlar uchun istirohat bog‘i to‘g‘risida ma’lumot olish, chiptalarni nnternet orqali xarid qilish va bog‘ haqidagi sharhlarni qoldirish imkoniyati yaratiladi. Ko‘pgina istirohat bog‘larida qulay xaritalar va o‘simliklar, qushlarning identifikatorlari bo‘lgan o‘z ilovalari mavjud.

Bugun bolalar qo‘lidagi smartfondan bosh ko‘tarmayapti. Istirohat bog‘larida bundan unumli foydalanish mumkin. Masalan, virtual sayohatlarni amalga oshirsa bo‘ladigan mobil ilovalar yaratish va shu bilan o‘sha joyning tarixi, tabiati haqida hikoya qilib berilsa, bu ko‘pchilik uchun qiziq bo‘lishi mumkin.

Ba’zida yangi texnologiyalardan foydalanish kutilmagan ijobiy natijalar ham berishi mumkin. Masalan, Melburn shahridagi barcha daraxtlar elektron xaritaga qayd qilindi va internet orqali ularni tomosha qilish hamda har bir daraxt uchun sharh qoldirish imkoniyati yaratildi. Xaritani yaratuvchilar avvaliga bu loyiha shikastlangan daraxtlar haqida tezkor ma’lumot berishga yordam beradi deb taxmin qilishgan edi. Ammo voqealar rivoji boshqacha tus oldi va shahar aholisi to‘satdan o‘zining sevimli daraxtiga samimiy tarzda shaxsiy xabarlarni yozishni boshlab yubordi.

Avstraliya. Dunyodagi eng smart shaharlardan biri bo‘lgan Melburn

Yashil emas, balki yashil va ko‘m-ko‘k shahar

Shaharlar nafaqat ko‘kalamzorlashtirilishi, balki suv bilan ta’minlanishi ham muhim. Masalan, shahar manzarasi nuqtai nazaridan Minskni misol qilganda uning suv havzalariga qorishib ketgan yashil tizimini o‘rnak qilib ko‘rsatishadi. Minskning suv havzalari bo‘yidagi yashil hududi shaharning shimoli-g‘arbiy tomonidan janubi-sharqigacha davom etadi va shaharning istirohat bog‘lari, xiyobonlari, maydonlarini qamrab oladi.

Minsk aholisining diqqatini ushbu joylarga jalb qilish uchun landshaft biznesi bilan shug‘ullanuvchi kampaniyaning koordinatori Igor Korzun istirohat bog‘lari va yashil maydonlari bo‘ylab shaharning eng qiziqarli joylaridan o‘tadigan marshrutni taklif qildi. Uning nomi «Shahar bo‘ylab yurish marafoni» deb nomlanadi va uning uzunligi haqiqiy marafon masofasicha bor.

Daryo istirohat bog‘larini bog‘lovchi vazifasini bajarishiga Seulda guvoh bo‘lish mumkin. Janubiy Koreya poytaxtidagi Chxongechxon istirohat bog‘i daryo bo‘yida joylashgan. Ilgari bu yer qarovsiz holda, kollektorlar bilan to‘silgan, tepasida yo‘l o‘tkazgich bor edi. Ya’ni suv ancha masofaga quvurlardan oqib o‘tgan. Vaholanki, hatto kichik suv yo‘llarini to‘sish ham yaxshi oqibatlarga olib kelmaydi: tabiiy muvozanat buziladi va quvur orqali oqadigan daryolar o‘zini tozalay olmaydi.

Janubiy Koreya. Seuldagi Chxongechxon istirohat bog‘i

Seulda daryoni ochib, uning atrofini xiyobonga aylantirishdi. Bu nafaqat odamlarga ekzotik zavq berdi, balki tabiiy jarayonlarga ham ijoyib ta’sir qildi. Daryoning shahar bo‘ylab oqishi undagi ekologik vaziyatni yaxshiladi, flora va fauna nisbatan ancha tiklandi. Masalan, ko‘plab baliqlar, hasharotlar va qushlar bu yerga qaytib kelishdi va umumiy bioxilma-xillik o‘sdi.

Istirohat bog‘ining paydo bo‘lishi shahar aholisi uchun foydali bo‘ldi, ular suv havzalari atrofida maroqli dam ola boshladi. Bundan tashqari, qirg‘oqbo‘yi hududlariga kiritadigan investitsiya hisobidan shahar iqtisodiyoti ham o‘sdi. Bugun daryoning bir qismi sun’iy, ya’ni unga o‘sha atrofdan oqib o‘tadigan daryodan irmoq qo‘shildi. Ikkala qirg‘oqni bir-biriga bog‘lash uchun osma ko‘priklar, yer osti yo‘llari va kichik tosh ko‘priklar qurildi. Bog‘ning jami uzunligi 5,8 kilometrni tashkil etadi. Hozir qamoqda bo‘lgan Koreya sobiq prezidenti Li Myon Bak daryoning ochilish loyihasiga bosh bo‘ladi. O‘shanda u Seul meri edi. 2005 yilda deyarli 1 milliard dollar sarflangan Chxongechxon daryo-bog‘i ochiladi.

Avval daryoning ustida mana shunday yo‘l o‘tkazgich bo‘lgan va daryo o‘zidan badbo‘y hid chiqara boshlagach, 2000 yillarda yo‘l o‘tkazgichni buzish bo‘yicha yakuniy qarorga kelinadi

Bog‘dagi flora juda xilma-xil: u yerda turli xil o‘simliklarning 250 turi mavjud. Bu istirohat bog‘ida yil bo‘yi yashil rangda turadigan ko‘plab buta va o‘simliklar ekilgani uchun, bog‘ to‘rt faslda ham yam-yashil ko‘rinadi. Bu yerda o‘sayotgan o‘simliklar, butalar va daraxtlarning barchasi ro‘yxatga olingan – tashrif buyuruvchilar bog‘da yurib, ularni o‘rganishi mumkin.

Ushbu istirohat bog‘ining paydo bo‘lishi u yerdagi yerning qiymatini oshirdi va kichik biznes shoxobchalari paydo bo‘ldi. Shu bilan birga mazkur bog‘ning sharofati bilan shahar markazidagi iqlim o‘zgardi: havo tozalandi va daryo bo‘yidagi harorat sal naridagi kvartallar joylashgan hududning ob-havosiga qaraganda 3-6 daraja salqinlashdi.

Istirohat bog‘ida ekilgan daraxtlar tufayli yo‘l va undagi avtomobillar oqimi ko‘zga tashlanmaydi. Ko‘chaning shovqini kelmaydi. Ushbu istirohat bog‘ida o‘simlik, buta va daraxt ko‘chatlarini yetishtiruvchi burchaklar ham bor. Ularda yetishtirilgan ko‘chatlar shaharning boshqa bog‘lariga ekish uchun beriladi.

Bog‘da bir nechta mavzular bo‘yicha yo‘nalishlar mavjud: toshlardan turli ko‘rgazmalar terilgan qism, XVIII asr rassomlarining asarlari aks ettirilgan qism, qadimgi Seul aholisi hayotini aks ettiruvchi tarixiy qism. Bog‘ning bir qismi zamonaviy rassomlarga berilgan. Boqqa tashrif buyuruvchilar o‘z orzusini yozishi mumkin bo‘lgan «orzular devori» ham mavjud. Shuningdek, ushbu istirohat bog‘ida dam olish kunlarida shahar bayramlari o‘tkaziladi, turli paradlar va bozorlar tashkil etiladi.

Bog‘da eng kichik detallargacha puxta o‘ylab topilgan: ichimlik suvi favvoralari, quyoshdan himoyalangan joylar, suvga tushish joylarigacha. Yana bir e’tiborli jihati shundaki, Seul ko‘rkiga aylangan bog‘ni qurish va daryoni qayta tiklash uchun 75 foiz materiallar bu yerdagi eski ko‘prik jihozlaridan tayyorlandi.

Sanoat landshaftlaridagi istirohat bog‘lari

Tarixan aksariyat yirik shaharlarning markaziy qismlarida sanoat hududlari joylashgan. Bugun bunday hududlarni jonlantirishning samarali vositalaridan biri – bu shaharlarning iqtisodiy va madaniy hayotini rivojlantirish uchun tashlandiq sanoat hududlarida jamoat joylarini yaratish. Bu sanoatlashishdan qolgan merosga yangicha yondashuv bo‘ladi.

Masalan, Nyu-Yorkdagi Dominopark ana shunday joylardan biri hisoblanadi. U bir asrdan ko‘proq vaqt faoliyat ko‘rsatgan va olti yil davomida tashlab qo‘yilgan eski shakar zavodining o‘rnida qurilgan. Ushbu istirohat bog‘ini tashkil etishdan maqsad – daryo yoqasidagi ko‘chani kengaytirish va bog‘ni shahar bilan bog‘lab, bu joyni ommaviy dam oladigan joyga aylantirish bo‘lgan.

AQSh. Nyu-Yorkdagi sobiq shakar zavodi o‘rnida qurilgan Dominopark

Bundan tashqari, ushbu istirohat bog‘i qirg‘oq bo‘ylab joylashganligi sababli, u shahar atmosferasidagi changlarni yutuvchi «changyutkich» va shaharni dengiz tarafdan keladigan dovul hamda bo‘ronlardan himoya qiladigan birinchi himoya vositasi hamdir. Shuningdek, bu park past-baland ko‘chalarni bir-biri bilan bog‘laydi. Bu yerda zinapoyalar umuman yo‘q (ba’zi kuzatuv maydonchalari bundan mustasno) va u hamma uchun ochiq.

Ushbu istirohat bog‘ida bir vaqtning o‘zida shovqinli va sukunat hukm suradigan alohida hududlar qilingan. Bundan tashqari bu yerda plyaj voleyboli, bochche (boulingga o‘xshagan oilaviy o‘ynaladigan sport turi) korti, o‘yin maydonchalari, itlarni mashq qildiradigan joylar, mini-kafe, favvoralar, maysazorlar va o‘tirib dam oladigan joylar, sukunatda dam olishni xohlovchilar uchun maxsus joylar mavjud. Tashrif buyuruvchilar bog‘ bo‘ylab sayohat qilishi, plyajda cho‘milishi va maysazorda yonboshlab dam olishi mumkin.

Shuningdek, ushbu istirohat bog‘ida sanoat qismi ham bor va u yerda turli tarixiy eksponatlar saqlanib qolgan. Bular shakar zavodning binolari ichida joylashgan elementlar, burama bog‘lamlar, vintli va chelakli konveyerlar, sirop saqlash idishlari, kranlar hamda ombor ustunlari. Bolalar uchun bir nechta sanoat o‘yin maydonchalari mavjud. Ular bu yerda sayr qilib shakarqamishni qayta ishlash jarayonidan tortib, qand omborigacha bo‘lgan jarayonlar bilan tanishishlari mumkin. Har bir bo‘lim, shakar zavodidagi jarayon qanday bo‘lsa, shu taxlitda yasalgan.

Ushbu istirohat bog‘ida ishlatilgan materiallarning aksariyati sobiq shakar zavod binosidan olingan. Loyihachilar devor vazifasini bajargan yog‘ochdan va metall g‘ildiraklardan foydalangan. Istirohat bog‘idagi turli yo‘l ko‘rsatkichlar va belgilar ham zavoddagi yo‘l belgilari va ko‘rsatkichlarni qayta ishlab tayyorlangan. Bog‘dagi aksariyat narsalar: uy hayvonlari va tashrif buyuruvchilar uchun alohida ichimlik suvi oqib turgan favvoralar, telefonlarni quvvatlash uchun rozetkalar va qishda ishlaydigan isitgichlar – bularning hammasi yangicha yondashuv bilan tashkil etilgan.

Ana shunaqa gaplar. Bugun dunyoda bir necha yil avval qadrli narsa ekani haqida odamlar o‘ylab ham ko‘rmagan toza havo, salqinlik, soya-salqin joylar tobora qimmatli narsalarga aylanib bormoqda. Ayniqsa qurilishlar to‘xtamayotgan shaharlarda. Tabiat insonga qarshi qurg‘oqchilik bilan «hujum qilayotgan» oxirgi yillarda yashilliklarni ko‘paytirish ayniqsa dolzarb mavzuga aylandi. Umid qilamiz, bizda ham katta-katta, ko‘p-ko‘p va bepul yashil hududlar, xiyobonlar, salqinlovchi, dam oluvchi joylar ko‘payadi. Tabiatning sinovlariga munosib javob bermasak, oqibati yanada jiddiy bo‘lishi mumkin. Bu ketishda Xitoyda bo‘lgani kabi toza havoni konserva bankalarida sotib olishimiz hech gap emas...

G‘ayrat Yo‘ldosh va O‘tkir Jalolxonov tayyorladi.

Mavzuga oid