Sport | 21:55 / 28.07.2021
29502
3 daqiqa o‘qiladi

Tokio-2020. Bahodir Jalolov janglarga qo‘shilmoqda, dzyudochilar jamoasida ham og‘ir vaznlilar boshlaydi

29 iyul kuni Yozgi Olimpiadaning oltinchi kungi bahslari o‘tkaziladi. Ertangi bahslarda yana 6 nafar o‘zbekistonlik sportchi 5 sport turi bo‘yicha o‘z omadini sinab ko‘radi.

Shu kungi bahslarda O‘zbekiston boks jamoasining 3 nafar vakili ringga chiqadi, dzyudo jamoasining eng og‘ir vaznli vakillaridan biri bahslarga kirishadi.

O‘zbekistonliklarning ishtirokini soat 7:20da Shahboz Xolmirzayev va Sobir Safaraliyev boshlab beradi. Bu juftlik akademik eshkak eshish bo‘yicha 12-18-o‘rinlar uchun bahslarda qatnashadi.

Soat 7:25da esa O‘zbekiston sharafini dzyudo bo‘yicha -100 kg vaznda himoya qilayotgan Muhammadkarim Xurramov ishtirokini boshlaydi. Uning ilk raqibi irlandiyalik Benjamin Fletcher bo‘ladi.

Shu kuni O‘zbekiston boks jamoasining uch nafar vakili - Bahodir Jalolov, Tursunoy Rahimova hamda Fanat Qahramonov o‘z janglarini o‘tkazishadi.

Soat 8:05da +91 kg vazn toifasi vakili Bahodir Jalolov Olimpiadadagi yurishini boshlaydi. Ilk jangni u ozarboyjonlik Muhammad Abdullayevga qarshi o‘tkazadi.

25 iyul kungi bahslarda polshalik Sandra Drabikni yengib, Olimpiadalarda o‘zbekistonlik ayol bokschilarning ilk g‘alabasi muallifiga aylangan Tursunoy Rahimova navbatdagi jangini o‘tkazadi. -51 kg vazn toifasi vakili soat 9:10da 1/8 final doirasida turkiyalik Buze Nazga qarshi ringga ko‘tariladi.

Soat 13:15da esa Fanat Qahramonov (-75 kg) qozog‘istonlik Abilxan Amankulga qarshi jang o‘tkazadi. Qahramonov birinchi bosqichda gruziyalik Giorgi Xarabadzedan ustun kelib, 1/8 finalga chiqqandi.

O‘zbekiston boks jamoasi shu vaqtgacha to‘rt yo‘qotishga uchradi. Sanjar Tursunov (-91 kg) va Shahnoza Yunusova (-69 kg) ilk raqiblariga mag‘lub bo‘lib, turnirni 1/16 finaldayoq tark etgandi. Bugungi janglarda ishtirokini 1/8 finaldan boshlagan Mirazizbek Mirzaxalilov (-57 kg) hakamlar qaroriga ko‘ra sensatsion ravishda irlandiyalik Kurt Uolkerga yutqazdi, 1/16 finalda irlandiyalik Emmet Brennanni osonlik bilan mag‘lub etgan Dilshod Ro‘zmetov (-81 kg) asli kelib chiqishi kubalik bo‘lgan va hozirda Ozarboyjon bayrog‘i ostida ringga chiqayotgan Alfonso Dominges qarshisida ojiz qoldi.

Elnur Abduraimov (-63 kg), Shahobiddin Zoirov (-52 kg) va Bobo-Usmon Boturov (-69 kg) ham kurashni davom ettirmoqda. 

Beshinchi kungi bahslardan keyin O‘zbekiston delegatsiyasi 1 oltin va 1 bronza medal bilan umumiy reytingda Xorvatiya va Estoniya bilan bir xil natija qayd etgan holda 24-26-o‘rinlarni bo‘lishib turibdi.

Азиз Қаршиев
Tayyorlagan Азиз Қаршиев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid