Iqtisodiyot | 22:34 / 30.07.2021
17348
3 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonda neft mahsulotlari ishlab chiqarish 32 foizga qisqardi

2021 yilning 1-yarmida O‘zbekistonda neft mahsulotlari ishlab chiqarish hajmi o‘tgan yilning mos davriga nisbatan qariyb uchdan bir qismiga kam bo‘ldi.

Foto: Global Look Press

Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi 2021 yilda O‘zbekistonning iqtisodiy o‘sish tendensiyalari sharhini taqdim etdi. Unda joriy yilning yarim yilligidagi sanoat ishlab chiqarish statistikasi ham keltirilgan.

E'tiborlisi, yilning 6 oyida neft mahsulotlarini ishlab chiqarish (jami sanoatdagi ulushi – 2,6 foiz) 32,1 foizga qisqargan. Biroq buning sabablari keltirilmagan.

Ma'lumotlarga ko‘ra, yarim yilda avtotransport vositalari, treylerlar va yarimpritseplar ishlab chiqarish (ulushi – 7 foiz) – 17,3 foizga qisqargan. Ishlab chiqarishda eng keskin kamayish yilning birinchi choragiga to‘g‘ri keladi. Bu davrda qisqarish 38 foizni tashkil qilgan.

Sharhda ishlab chiqarish qisqarishiga UzAuto Motors AJda 2020 yil 20 dekabridan 2021 yil 1 fevraliga qadar Asaka zavodi faoliyati vaqtincha to‘xtatilgani, shuningdek, global bozordagi yarimo‘tkazgichli mikrosxemalar tanqisligi sabab qilib ko‘rsatilgan.

Sanoat ishlab chiqarishda yuqori o‘sish kuzatilgan mahsulotlar qatoriga kompyuterlar, elektron va optik mahsulotlar (81 foiz), to‘qimachilik (23,4 foiz), kiyim-kechak (17,3 foiz), metallurgiya (13 foiz), qurilish materiallari (9,5 foiz) kirgan.

Asosiy farmatsevtika mahsulotlari va preparatlari ishlab chiqarish esa 7,1 foizga qisqargan.

Elektr energiyasi va gaz

Elektr energiyasini ishlab chiqarish hajmi o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 8,8 foizga oshgan bo‘lsa, uning iste'moli 10,2 foizga ko‘paygan. Bunda aholiga yetkazib berilgan elektr energiyasi hajmi 7,3 foizga va xo‘jalik yurituvchi sub'yektlarga 11,4 foizga oshgan.

Bir oylik o‘rtacha elektr energiyasi iste'moli 2021 yil yanvar-iyun davomida o‘tgan 2020 yilga nisbatan 330 GVt/soatga (7 foiz) ortishi kuzatilgan. Elektr energiyasining importi 2,6 mlrd kVt/soatni tashkil etib, o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 10,9 foizga oshgan.

Tabiiy gazni qazib chiqarish hajmi (26,2 mlrd kub m) 3,6 foizga oshgan bo‘lsa-da, uning umumiy ichki iste'moli hajmi (21,6 mlrd kub m) tezroq sur'atlarda – 7,5 foizga o‘sgan.

Tabiiy gazga bo‘lgan qo‘shimcha talab 2,1 mlrd kub m import hisobiga ta'minlangan. Xususan, aholi iste'moli – 9,3 foizga, IES – 4,4 foizga, “O‘zkimyosanoat” AJ – 8,6 foizga, “O‘zqurilishmateriallari” uyushmasi – 23,8 foizga, AGNKS 29,6 foizga oshgan.

Mavzuga oid