Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
«Yashirin flot» tankerlarida Rossiya nefti to‘planib qolmoqda
Bloomberg ma’lumotlariga ko‘ra, Rossiya neftni tankerlarga yuklash hajmini kamaytirmayapti, ammo AQShning yangi sanksiyalari tufayli uni yetkazib berishda qiyinchiliklar yuzaga kelgan. Natijada «soyadagi flot» tarkibidagi tankerlar suzib yuradigan neft omborlariga aylanmoqda.
Oktyabr oyida AQSh tomonidan Rossiya neftiga nisbatan keng ko‘lamli sanksiyalar joriy etilganidan so‘ng, Rossiyaga o‘z neftiga xaridor topishi tobora qiyinlashmoqda. Shu bois, Rossiyaning «yashirin floti»ga mansub, dengizda turgan tankerlarida tobora ko‘proq neft to‘planib bormoqda, deb yozadi Bloomberg seshanba kuni, 2 dekabrda. Agentlikka ko‘ra, Rossiya sanksiyalarga qaramasdan o‘z portlaridan neft eksport qilish hajmini avvalgi darajada saqlab qolmoqda, natijada tankerlar amalda suzib yuradigan neft omborlariga aylanib qolgan.
Shu bilan birga, noyabr oyida olti hafta ichida birinchi marta dengiz orqali Rossiya neftini tashish hajmi o‘sdi. Bloomberg ma’lumotlariga ko‘ra, 30 noyabrda yakunlangan to‘rt hafta ichida Rossiya kuniga o‘rtacha 3,46 million barrel neft yuklab chiqargan — bu 23 noyabrgacha bo‘lgan to‘rt haftadagi ko‘rsatkichdan taxminan 210 ming barrelga ko‘p. Bu ko‘rsatkich AQSh "Rosneft" va "Lukoyl" kompaniyalariga qarshi sanksiyalar e’lon qilganidan keyingi birinchi o‘sishdir.
Noyabr oxiriga kelib Rossiyaning «soyadagi flot»iga mansub tankerlarida 180 million barreldan ortiq neft to‘plangan — bu avgust oxiriga nisbatan 21 foizga ko‘p. O‘shanda, prezident Donald Tramp Rossiya neftini qayta eksport qilgani uchun Hindistonga nisbatan bojlarni oshirgan edi. Shuningdek, Rossiyaning Tinch okeani qirg‘og‘idagi Kozmino portidan Xitoy portlarigacha bo‘lgan yo‘lda tankerlarning harakat vaqti bir yarim barobarga uzaygan: avgustda 8 kun bo‘lgan yo‘l noyabrda 12 kundan ko‘proq vaqt olmoqda.
Bloomberg’ning qayd etishicha, kemalar dengizda ko‘proq vaqt o‘tkazmoqda — dastlab belgilangan manzillaridan (Hindistonning g‘arbiy qirg‘oq portlari yoki Turkiya) chetlab o‘tib, yoki portlarda tushirish navbati kelguniga qadar dengizda kutishga majbur bo‘lmoqda. Ta’minotchilar xarajatlari ortmoqda, bu esa sanksiyalar tufayli allaqachon pasaygan Rossiya nefti narxini yana tushirib, Rossiyaning eksportdan oladigan daromadlarini qisqartirmoqda.
Rossiya neft kompaniyalari — "Lukoyl" va "Rosneft" hamda ularning 34 ta shu’ba korxonalari joriy yil oktyabr oyida Rossiyaning Ukrainaga qarshi urushi davom etayotgan bir paytda Vashington va London tomonidan sanksiyalar ro‘yxatiga kiritilgan edi.
O‘shanda AQSh urushni tugatish bo‘yicha tinchlik jarayoniga Rossiyaning "jiddiy qiziqishi yo‘qligi"ni ta’kidlagan.
Mavzuga oid
09:32 / 20.06.2026
Bokuda sakkiz nafar Rossiya fuqarosi qamoq jazosiga hukm qilindi
22:13 / 19.06.2026
Zelenskiy Lukashenkoga ultimatum qo‘ydi va uni bajarish uchun bir hafta muhlat berdi
12:13 / 19.06.2026
Moskvaga urush davridagi eng yirik hujum – suratlar
08:28 / 19.06.2026