Iqtisodiyot | 11:46 / 06.08.2021
12470
2 daqiqa o‘qiladi

O‘rik eksporti hajmi 6,5 barobarga kamaydi

O‘zbekiston 2021 yilning dastlabki 6 oyida xorijga qiymati 7,7 mln dollariga teng bo‘lgan 8,8 ming tonna o‘rik eksport qilgan.

Statistika qo‘mitasi ma'lumotlariga ko‘ra, o‘rik eksporti o‘tgan yilning mos davriga nisbatan solishtirilganda 48,1 ming tonnaga kamaygan.

Joriy yilning dastlabki 6 oyi davomida o‘rik asosan Qozog‘iston (4 ming tonna), Rossiya (3,1 ming tonna) va Qirg‘izistonga (1,4 ming tonna) eksport qilingan.

Ma'lumot uchun, 2021 yilga qadar o‘rik mevalar orasida eng tez o‘sib borayotgan O‘zbekiston eksport mahsuloti bo‘lib, uning miqdor ko‘rsatkichi har yili deyarli bir yarim baravar oshgan.

Joriy yilda ushbu meva eksporti kamayishiga asosiy sabab sifatida fevral oyi oxiri va mart oyi o‘rtalarida respublika hududlariga to‘satdan kirib kelgan sovuq havo oqimini ko‘rsatish mumkin. Bu danakli mevalar, ayniqsa, o‘rik hosiliga katta zarar yetkazdi.

2020 yil O‘zbekistondan o‘rik eksporti rekord darajadagi 74,5 ming tonnani tashkil etgan. Undan avvalgi yillar ko‘rsatkichi esa quyidagicha: 2019 yil – 58 ming tonna, 2018 yil – 43 ming tonna, 2017 yil – 23 ming tonna.

2020 yilda O‘zbekiston o‘rik eksporti hajmi bo‘yicha jahonda ikkinchi o‘rinni egallagan. Birinchi o‘rin Ispaniyaga tegishli bo‘lib, ushbu mamlakat 2020 yilda tashqi bozorlarga 96 ming tonna o‘rik eksport qilgan. O‘tgan yili O‘zbekiston ushbu meva eksporti hajmi bo‘yicha ilk bor hatto Turkiyadan ham ustun kelgan.

Mavzuga oid