O‘zbekiston | 11:20 / 07.08.2021
29262
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zLiDeP prezidentlik saylovida Shavkat Mirziyoyev nomzodini tavsiya qildi

O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasi ham bu yilgi prezidentlik saylovida o‘z nomzodini e'lon qildi. 

Foto: Prezident matbuot-xizmati

Partiya 7 avgust kuni bo‘lib o‘tgan navbatdan tashqari plenumida Shavkat Mirziyoyevni nomzod sifatida ilgari surdi. Uning nomzodi O‘zLiDeP qurultoyida tasdiqlanishi lozim bo‘ladi. 

Shavkat Mirziyoyev 1957 yil 24 iyulda Jizzax viloyatining Zomin tumanida tug‘ilgan. 1981 yili Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari institutini tugatgan. 

Mehnat faoliyatini 1981 yilda Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari institutida boshlab, kichik ilmiy xodim, katta o‘qituvchi, dotsent, o‘quv ishlari bo‘yicha prorektor lavozimlarida ishlagan. 

1992 yilda Toshkent shahrining Mirzo Ulug‘bek tumani hokimi lavozimiga tayinlangan. 1996–2001 yillarda Jizzax viloyati hokimi, 2001–2003 yillar mobaynida Samarqand viloyati hokimi lavozimlarida ishlagan. Ijro hokimiyatidagi faoliyati bilan bir paytda 1995–2003 yillarda Oliy Majlis deputati bo‘lgan.

Bugun, shuningdek Xalq demokratik partiyasi ham prezidentlik saylovlarida o‘z nomzodini ilgari surdi. Bundan avval, «Milliy tiklanish», Ekopartiya va «Adolat» partiyasi ham o‘z raislarini prezidentlik saylovida nomzod sifatida tavsiya etgandi.

Shunday qilib, O‘zbekistondagi barcha partiyalar bu yilgi prezidentlik saylovlari uchun o‘z nomzodlarini ilgari surib bo‘ldi. 

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston prezidenti saylovi kampaniyasiga 23 iyul kuni start berildi. Saylovlarda 5 ta partiya – «Adolat» SDP, «Milliy tiklanish» DP, O‘zLiDeP, XDP va O‘zbekiston Ekologik partiyasi o‘z nomzodini ilgari surish huquqiga ega. 

Saylov 24 oktabr kuni bo‘lib o‘tadi. 

Qonunchilikka ko‘ra, partiya yuqori organi uning nomzodini ma'qullashi, respublikadagi jami saylovchilarning kamida 1 foizi nomzodni qo‘llab-quvvatlab imzo qo‘yishi kerak bo‘ladi.

Mavzuga oid