O‘zbekiston | 20:32 / 07.08.2021
12014
16 daqiqa o‘qiladi

Populistlikmi yoki qonun ijodkorligi: deputatning vazifasi nimadan iborat?

Oxirgi paytlarda ayrim deputatlar bir-birlarini populistlikda ayblab, siyosiy jarayonlarda nokonstruktiv holatlar vujudga kelishiga sababchi bo‘lmoqda. Ko‘pchilik bu boradagi tortishuvlarga professional baho berishi qiyin, chunki siyosat olamidagi manipulyatsiyalar rivojlangan sari oddiy inson aslida nima yuz berayotganini anglamay, populistlarning qopqoniga ilinganini sezmay qoladi.

Foto: t.me/nurdinjonismoilov

Yuqorida qayd etilgan salbiy holat bo‘yicha kengroq fikr berish maqsadida avvalo «populizm» tushunchasi va deputatning o‘z elektorati oldidagi asosiy vazifalari haqida gaplashsak.

1. «Populizm» nima o‘zi?

Populizmga turli xil ta'riflar berishga urinishlar bor, ularni jamlagan holda populizmning quyidagi asosiy jihatlarini bayon etish maqsadga muvofiqdir:

  • aholining tahlil qilish salohiyati kamligidan o‘z maqsadlarida foydalanish;
  • aholining mamlakatdagi ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishining real holatidan bexabarligini bilgan holda shaxsiy manfaatlarini ro‘yobga chiqarishga intilish;
  • g‘oya va fikrlarni umumiy tarzda bayon etish, aniq va konkretlikdan o‘zini olib qochish, noreal va amalga oshishi imkoni yo‘q, lekin shu bilan birga aholiga yoqadigan takliflarni ilgari surish;
  • xalqning hissiyotlari bilan o‘ynashish orqali o‘zining siyosat olamida mashhurligini ta'minlash.

Xorijiy tajriba va amaliyotga nazar tashlasak, siyosiy populizm salbiy oqibatlarga olib kelishi ta'kidlanadi. Xususan, rossiyalik mashhur iqtisodchi olim va Yevropa populizm tadqiqotlari tarmog‘ining koordinatori S. Guriyev fikriga ko‘ra: «Populistlar mamlakatdagi iqtisodiy muammolardan, shu jumladan ishsizlik, aholining real daromadlari pastligi va jamiyatning ijtimoiy tabaqalanishi holatlaridan foydalangan holda jamoatchilik qulog‘iga yoqadigan fikrlarni va va'dalarni beradilar va amaldagi boshqaruv tizimini tizimli ravishda tanqid qiladilar».

AQShning Stenford universiteti olimlari olib borgan tadqiqotlarga ko‘ra populizm – demokratiyani xavf ostiga qo‘yadigan siyosiy muammo hisoblanadi. Ushbu universitet siyosatshunosi A. Gjimala-Busse ta'kidlashicha, populistlar rasmiy institutlar va funksiyalarni obro‘sizlantirsa, demokratiyaning asoslari buzilishiga olib keladi.

Agar ushbu nazariya orqali bugungi voqeligimizga qarasak, qiziq faktlarga duch kelamiz.

Misol uchun, bitta deputat mamlakatdagi real ijtimoiy-iqtisodiy va demografik holatni har tomonlama tahlil qilmasdan, bola 2 yoshga to‘lguniga qadar uni parvarish qilish nafaqasini oilaning moddiy holatidan qat'i nazar barchaga, ya'ni boy oilalarga ham berilishini ilgari surdi.

Albatta, ushbu taklif aholiga ma'qul keladi va yoqadi, menga ham yoqadi. Qani endi har bir voqea uchun davlat aholiga pul tarqataversa, bu zo‘r-ku, buni qo‘llab-quvvatlamaydigan odamning o‘zi yo‘q Yer sharida.

Biroq deputat bugungi kunda 2 yoshgacha bo‘lgan bolalari bor oilalar sonini, shuningdek, budjetdan ushbu yo‘nalishga yillar kesimida qancha mablag‘ ajratilayotganini, bu taklifni amalga oshirish davlat budjetiga qanchaga tushishini tahlil qilganmikin, degan tabiiy savol tug‘iladi.

O‘z navbatida, moliya organlari hisobotiga nazar tashlaydigan bo‘lsak,

ushbu nafaqa turiga budjetdan ajratiladigan mablag‘lar yildan yilga proporsional ravishda ortib borgan. Xususan, 2019 yilda – 245,5 ming oilaga 1,16 trln so‘m, 2020 yilda – 414,3 ming oilaga 1,77 trln so‘m pul mablag‘lari ajratilgan.

E'tiborlisi shuki, pandemiya munosabati bilan qabul qilingan qarorlar asosida qamrov kengaytirilib, birgina 2021 yilning 6 oyida 568,8 ming oilaga 1,3 trln so‘m ajratilgan. 2019 yilga nisbatan oilalar soni 2,3 barobar oshgan (3 yil ichida).

Barchaga shu pulni to‘lasak nima bo‘ladi? Statistik ma'lumotlarga ko‘ra, 2021 yil 1 yanvar holatiga mamlakat bo‘yicha 2 yoshgacha bo‘lgan bolalar soni 2.4 mln nafarni tashkil qilgan. Vaholanki, bugungi kunda 2 yoshgacha bola parvarishi bo‘yicha nafaqa puli 434 000 so‘m deb belgilanganini inobatga oladigan bo‘lsak, har bir bolaga hech bo‘lmasa mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdorining uchdan bir qismi, ya'ni 249 100 so‘mdan ajratilgan taqdirda ham yiliga budjetdan 7 trln so‘m, ya'ni hozirgidan 4 baravar ko‘p pul mablag‘lari ajratilishini talab etadi.

Raqamlardan ko‘rinib turibdiki, birdan 4 barobarga budjet xarajatlarining oshishi va bunday hajmdagi mablag‘larni ajratish, boshqa ijtimoiy sohadagi davlat majburiyatlariga ta'sir qilmay qolmaydi.

Shuningdek, ushbu nafaqani ijtimoiy holati yaxshi bo‘lgan boy oilalarga ajratish masalasi ham alohida o‘rganilishi zarur.

Xullas, yuqoridagi taklif zo‘r, uni qo‘llab-quvvatlayman, lekin ko‘p yillik reallikdan xabari bo‘lgan inson sifatida, buning imkoni juda cheklanganligini ham tushunaman. Populist ham aslida shuni tushunadi, biladi, lekin aholi oldida muhim masala ko‘tarib, «yaxshi» yechim taklif qilgani uchun masalaning boshqa tomonlariga e'tibor bermaydi.

Aslida xalqqa yoqadigan va uning hissiyotlari bilan o‘ynaydigan yuzdan ko‘p takliflar berish mumkin. Misol uchun, maktablarda bolalarga bepul ovqat berish amaliyotini joriy qilish, barcha pensionerlarni kommunal to‘lovlardan ozod qilish, maktabgacha ta'lim muassasalarini bepul qilish va hokazo. Biroq ming marta gapirgan bilan, bu noreal ekanligini, ayniqsa siyosat ichida yurganlar juda yaxshi biladi.

Ta'kidlash joizki, “O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputatlarining deputatlik odobi” qoidalarida deputat o‘rganilayotgan masalaning tub ildiziga yetib borishi lozimligi belgilangan. Shu asnoda, deputat o‘z takliflarini mamlakatning iqtisodiy ahvolini hisobga olgan va har tomonlama tahlil qilgan holda ilgari surishi mantiqan to‘g‘ri bo‘lardi.

2. Deputatning asosiy vazifalari nima, jamiyat deputatdan nima kutishi kerak?

Davlat hokimiyati tizimida parlamentning rolini oshirish, uning mamlakat ichki va tashqi siyosatiga oid muhim vazifalarni hal etish uchun birinchi navbatda deputatlarning professional korpusi samarali faoliyat yuritishi zarur.

O‘zbekistonning konstitutsiyaviy qonunchiligi va boshqa qonun hujjatlari hamda chet el tajribasi shuni ko‘rsatadiki, deputatlarning aholi oldidagi birinchi darajadagi vazifalari quyidagilardan iborat:

  • qonunchilik tashabbuskori huquqidan foydalangan holda qonun ijodkorligi bo‘yicha faoliyatini kuchaytirish;
  • parlament nazorati talablaridan og‘ishmagan holda ijro hokimiyati faoliyati ustidan samarali nazoratni amalga oshirish;
  • o‘z saylovchilari bilan tizimli ravishda ishlash, ularning kundalik hayotidagi muammolarining yechimini topish, ularining oldida hisobot berish;
  • fraksiya va qo‘mita a'zolari sifatida mamlakatning ichki va tashqi siyosatiga oid bo‘lgan masalalar muhokamasidagi ishtirokini kuchaytirish.

Xususan:

a) “Qonunchilik tashabbuskorligi” masalasi:

Professional parlament shakllantirish uchun Oliy Majlisning har bir deputatining asosiy vazifasi qonunchilik tashabbusi huquqidan keng foydalangan holda qonun ijodkorligi bilan shug‘ullanish hisoblanadi. Bu huquqqa ega bo‘lganlar sanoqli, shulardan bittasi – Qonunchilik palatasi deputati. Bunda har bir deputatning asosiy maqsadi o‘z elektoratiga saylovoldi kampaniyasida bergan va'dalarini qonun ijodkorligi orqali bajarish hisoblanadi. Aynan qonunchilik tashabbusi asosida deputat faoliyatiga baho beriladi va uning reytingi shakllanadi. Albatta, qonunchilik tashabbusi masalasi mahalliy kengashlar faoliyatiga oid emas, u faqat Oliy Majlis deputatlari faoliyati bilan bog‘liq.

Xorijiy tajriba va amaliyot ham shuni ko‘rsatmoqdaki, deputatning reytingini shakllantirishda qonunchilik tashabbusi asosiy ko‘rsatkich hisoblanadi. Misol uchun, Rossiya Davlat dumasida deputatlar reytingi joriy qilingan bo‘lib, ushbu reytingning asosiy indekslaridan biri deputatning faolligi hisoblanadi. Ushbu faollik deputatning qonun hujjatlari loyihalarini ishlab chiqishdagi ishtiroki orqali aniqlanadi.

Buyuk Britaniyada qonun hujjatlariga binoan deputatlarga qonunlar ishlab chiqish, ijro hokimiyati ustidan nazoratni amalga oshirish,

o‘zi saylangan hududdagi saylovchilarning barcha muammolarini o‘rganish, o‘zi saylangan partiya manfaatlarini himoya qilish hamda faoliyati yuzasidan keng jamoatchilikka ma'lumot berish kabi aniq majburiyatlar yuklatilgan.

Agar biron muammo bo‘lsa, uni o‘rganib, tahlil qilib, yechimni qonunchilik tashabbusi tarzida taklif kiritish deputatlarning asosiy vazifasiga aylanishi kerak.

Oliy Majlis deputatlarining qonunchilik tashabbusi yillar kesimida tahlil qilinganda, afsuski ularning ushbu yo‘nalishdagi faoliyati boshqa hokimiyat organlariga nisbatan qoniqarsizligini ko‘rish mumkin. Vaholanki, Qonunchilik palatasining 150 nafar deputati qonunchilik tashabbusi huquqiga ega.

Jumladan, 2020 yilda Qonunchilik palatasiga kiritilgan jami 121 ta qonun loyihalarining 92 tasi – prezident va Vazirlar Mahkamasi, 12 tasi – deputatlar, 10 tasi Oliy sud, 6 tasi – Bosh prokuratura va bittasi – Konstitutsiyaviy sudning tashabbusi asosida kiritilgan. O‘z navbatida, 2021 yilning 6 oyi davomida Qonunchilik palatasiga kiritilgan jami 78 ta qonun loyihalarining 59 tasi – prezident va Vazirlar Mahkamasi, 8 tasi – Bosh prokuratura, 6 tasi – deputatlar va 5 tasi – Oliy sud tashabbusi asosida kiritilgan.

Shunga ko‘ra, 2020 yil va 2021 yilning 6 oyi davomida Qonunchilik palatasiga kiritilgan jami 199 ta qonun loyihalarining atigi 18 tasi (9 %) deputatlar tashabbusiga to‘g‘ri kelmoqda. Eng ajablanarlisi shuki,

150 nafar deputatga 18 ta qonun loyihasi taqsimlanganda har bir deputatga hattoki bitta tashabbus ham to‘g‘ri kelmaydi. Ushbu holat deputatlarimiz o‘z professional faoliyatini juda sust darajada olib borishidan dalolat bermoqda.

Ta'kidlash joizki, deputatlarning ushbu 18 ta tashabbusi ham yaxlit qonunlarni ishlab chiqish bo‘yicha emas, balki qonun hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish yuzasidan kiritilgan. Shu o‘rinda, yuqorida qayd etilgan hozirgi paytda bir-birini populistik harakatlarda ayblayotgan 2 ta turli partiyalarga a'zo bo‘lgan deputatlar mazkur 18 ta qonun loyihalarining birortasida tashabbuskor sifatida ishtirok etganmikin degan yana bir savol tug‘ilishi tabiiydir.

Ushbu raqamlardan ko‘rinib turibdiki, deputatlar qonunchilik tashabbuskorligi yo‘nalishidagi faoliyatini yanada jadallashtirishi lozim, bunda ular ijro va sud hokimiyati organlariga o‘rnak va namuna bo‘lishlari shart.

b) Parlament nazorati masalasi:

Xabaringiz bor, demokratik davlat qurilishining asosiy prinsiplaridan biri bu hokimiyatning qonun chiqaruvchi, ijro va sud hokimiyatiga bo‘linishidir. Mazkur 3 ta hokimiyat mustaqil ravishda o‘z faoliyatini olib borishi natijasida samarali davlat boshqaruvi tizimi shakllanishi barchaga ma'lum.

O‘z navbatida, Oliy Majlisning ayrim deputatlari tomonidan o‘zlarining professional faoliyati prinsiplariga rioya qilmagan holda ijro va sud hokimiyati organlarining qonuniy faoliyatiga aralashish holatlari uchramoqda. Bunda, ular siyosat olamida mashhurlikka erishish maqsadida «populizm» instrumentlaridan keng foydalanmoqda.

«O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputatlarining deputatlik odobi» qoidalarida deputat ommaviy axborot vositalarida, matbuot konferensiyalarida, boshqa jamoat tadbirlaridagi chiqishlarida, omma oldidagi bayonotlarida davlat organlari va boshqa organlarning, tashkilotlarning, mansabdor shaxslar hamda fuqarolarning faoliyatiga munosabat bildirganda o‘z nutqida, shuningdek ijtimoiy tarmoqlardagi shaxsiy sahifalarida fuqarolar bilan muloqot qilishda ularning sha'ni va qadr-qimmatiga putur yetkazadigan qo‘pol, haqoratomuz ibora va so‘zlarni qo‘llashga, asossiz ayblovlarga yo‘l qo‘yishga haqli emasligi belgilangan.

Albatta, deputatlar ijro hokimiyati faoliyatini nazorat qilish vakolatiga egadir, biroq ushbu vakolat faqatgina “Parlament nazorati to‘g‘risida”gi qonun talablariga qat'iy rioya qilgan holda amalga oshirilishi shart. Lekin Parlament nazorati sud hokimiyati faoliyatiga tegishli emas, hatto parlament yoki deputat so‘rovi aniq bir sud ishi yuzasidan bo‘lishi mumkin emas.

Shu sababli, hurmatli deputatlar o‘z vaqtini boshqa hokimiyat organlari va vakillarini asossiz tanqid qilishga emas, balki parlament nazorati talablariga qat'iy rioya qilgan holda sifatli va samarali tahliliy o‘rganishlar o‘tkazishga sarflasa, o‘z ijobiy natijasini beradi.

v) Saylovchilar bilan ishlash masalasi:

Deputatlar – ularni saylagan xalqning qonuniy vakillari hisoblanadi. Shu bois, deputatlarning kundalik professional faoliyati bevosita ular elektoratining dardi va muammolarini hal qilish bilan bog‘liq bo‘lishi darkor. Har bir deputat o‘z saylovchilari bilan tizimli ravishda uchrashuvlar o‘tkazishi, ularning muammolarini tinglashi va hal qilishi uchun barcha resurslarni safarbar qilishi shart. Modomiki, har bir saylovchi tomonidan deputatga berilgan baho, oliy vakillik organi hisoblangan Oliy Majlisga berilgan baho deb qarash lozim. Shu bilan birga, saylovchilarga deputat o‘zi amalga oshirgan ishlari bo‘yicha hisobot taqdim qilib borishi zarur.

g) Fraksiya va qo‘mitalar masalasi:

So‘nggi vaqtlarda deputatlarning Oliy Majlis qo‘mitalari

va fraksiyalarida faolligi past darajada ekanligini kuzatish mumkin. Shunga ko‘ra, har bir deputat tegishli qo‘mita va fraksiya a'zosi sifatida quyidagi yo‘nalishlarda o‘z faoliyatini yanada jonlantirsa, shubhasiz, deputatlarning professional korpusini yaratish imkoni paydo bo‘ladi:

  • Qonunchilik palatasida muhokama qilinayotgan qonun loyihalari va boshqa qarorlarning loyihalari yuzasidan o‘z takliflarini kiritish;
  • qonun loyihalarini tayyorlash ishini olib borish;
  • Qonunchilik palatasi muhokamasiga kiritiladigan masalalarni dastlabki tarzda ko‘rib chiqish va tayyorlash.

Xulosa o‘rnida aytish lozimki, deputatlar populizm instrumentlaridan voz kechib, hokimiyatlar bo‘linishi prinsipiga qat'iy rioya qilgan holda o‘z elektorati oldida bergan va'dalarini bajarishlari uchun parlament nazorati va deputatlik odobi qoidalari doirasida

o‘z faoliyatini amalga oshirishlari, shuningdek, qonunchilik tashabbuslarini kuchaytirishga alohida e'tibor qaratishlari maqsadga muvofiq.

Qonun loyihalarini muhokama qilishda hurmatli deputatlarimiz diqqat-eʼtiborlarini puxta o‘ylangan, ilmiy asoslangan va uzoq muddatga xizmat qiladigan qonunlarni qabul qilishga qaratsalar yaxshi bo‘lar edi. Afsuski, ayrim hollarda yangi qabul qilingan qonunlarga juda ko‘plab o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilishi oqibatida qonunning obro‘yi tushib, qonunosti hujjatlariga ko‘proq amal qilinayotganga o‘xshaydi. 

Shu bilan birga, ommaviy axborot vositalarida 2 ta turli partiyalarga a'zo bo‘lgan deputatlar tomonidan bir-birini populistik harakatlarda ayblash, shaxsiy yoqtirmaslik fikrlarini va yurish-turishlarini bayon etishlari ham bir vaqtning o‘zida kulgili va achinarli holatdir. Bu harakatlar parlament obro‘yiga putur yetkazmasdan qolmaydi va aholini ushbu eng muhim konstitutsion institutga ishonchini so‘ndiradi.

Umid qilamanki, ushbu maqolada ko‘rsatilgan belgilar, mezonlar va tahlillarga asosan, aholimizning populistni uzoqdan ko‘ra olish imkoniyati oshadi va deputatlardan nimani talab qilishni yanada to‘g‘ri anglab olishadi.

Halim Boboyev,
Yuridik fanlari doktori, professor

Mavzuga oid