13:14 / 08.08.2021
32185

«Dacha» kimniki? Zomindagi yong‘in bo‘yicha savollar hamon ochiq qolmoqda

Zomin tumanining tog‘li hududida 80 gektar emas, 27 gektar maydonga zarar yetgani ma'lum qilindi, qancha dov-daraxt nobud bo‘lgani ma'lum emas.

Zomin tuman hokimligi Kun.uz saytida e'lon qilingan «O‘t mansabdorga tegishli “dacha”dan chiqqan bo‘lishi mumkin» – Zomindagi o‘rmon yong‘ini sabablari nega sir tutilmoqda?» sarlavhali maqolaga munosabat bildirdi. Hokimlik munosabatida Zomin tumanidagi o‘rmon yong‘inining kelib chiqish sabablari va yetkazilgan zarar miqdorini aniqlash bo‘yicha respublika darajasida maxsus ishchi guruh tuzilgani, holatning asl sababini aniqlash bo‘yicha o‘rganishlar olib borilayotgani aytilgan.

«Ishchi guruh va tegishli organlarning rasmiy axborotlari e'lon qilinmasdanoq internet tarmoqlarida yong‘inning kelib chiqish sabablari va yong‘in bilan bog‘liq turli taxminlarga asoslangan xabarlar tarqaldi.

Maqolada Zomin tumanida sodir bo‘lgan yong‘in bo‘yicha bir qancha faktlar keltirib o‘tilgan bo‘lib, ularning ayrimlariga aniqlik kiritib o‘tmoqchimiz.

Maqolada keltirilganidek yong‘in chiqqan hudud Zomin davlat qo‘riqxonasiga emas, balki O‘rmon xo‘jaligi davlat qo‘mitasiga tegishli bo‘lgan Zomin milliy tabiat bog‘ining hududi hisoblanadi.

Bugungi kunda O‘riklisoy dam olish maskanida Jizzax viloyati hokimi va Zomin tumani hokimiga shaxsan tegishli bo‘lgan dala hovlilar mavjud emas.

Hozirda ishchi guruhning dastlabki xulosasiga ko‘ra, yong‘in 80 gektar emas, 27 gektar maydondagi o‘simlik va dov-daraxtlarga zarar yetkazgani aniqlandi.

Shuningdek, tuman hokimligi axborot xizmati rahbari O‘.Berdibekov sog‘lig‘idagi muammolar tufayli shifoxonada davolanish jarayonida ekanligi sababli, Kun.uz tahririyati bilan bog‘lana olmaganini ma'lum qilamiz», deyiladi Zomin tuman hokimligining «Gumon iymondan ayiradi» sarlavhali munosabatida.

Eslatib o‘tamiz, Jizzax viloyatining Zomin tumani «Duoba» qishloq fuqarolar yig‘ini O‘riklisoy qishlog‘i yaqinidagi o‘rmon hududlarida 1 avgust kuni yirik yong‘in yuz bergan, soat taxminan 10:40da boshlangan yong‘in salkam sakkiz soatdan so‘ng o‘chirilgandi. Favqulodda vaziyatlar vazirligi 80 gektar maydonda quruq o‘t va daraxtlar yongani, olovni o‘chirishga 1600ga yaqin odam jalb etilgani haqida ma'lum qilgandi.

Jizzax viloyati FVB axborot xizmati rahbari Farrux Abdurahmonov ham «yong‘in asosan inson omili bilan bog‘liq holda yuz bergan bo‘lishi mumkinligi»ni aytgandi. U yong‘in boshlanishi arafasida o‘rmonda havo ochiq, harorat Tselsiy bo‘yicha 26—28 daraja iliq bo‘lgani, shuningdek, hududdan o‘tgan elektr uzatish liniyalarida ham uzilishlar qayd etilmaganini qayd etgan. «Hozirda yong‘inning sababini va ko‘rilgan moddiy zararning miqdorini aniqlash bo‘yicha tergovoldi surishtiruv ishlari olib borilmoqda», degandi Abdurahmonov.

Kun.uz saytida e'lon qilingan maqolada Zomin hududida sodir bo‘lgan yong‘inga mansabdor shaxsga tegishli dala hovlida olib borilgan payvandlash ishlari sabab bo‘lgani ehtimoli aytilgandi. Unda bevosita Zomin tumani hokimining o‘zi emas, rasman ukasiga tegishli ekanligi aytilayotgan dala hovli nazarda tutilgandi.

Yong‘in oqibatida 80 gektar maydonga zarar yetgani haqidagi ma'lumot ham Favqulodda vaziyatlar vazirligi manbasiga tayanilgan holda e'lon qilingandi.

Zomin tuman hokimligi munosabati haqiqatga to‘g‘ri kelmayapti

Kun.uz Zomin milliy tabiat bog‘i ilmiy ishlar bo‘yicha direktor o‘rinbosari Husniddin Hazratqulov bilan telefon orqali bog‘landi.

Hazratqulovning so‘zlariga ko‘ra, Zomin tumanidagi yong‘in 80 gektar emas, so‘nggi hisoblashlarga ko‘ra 27 gektar 80 sotix maydonga zarar yetkazgan. Uch kundan beri o‘simlik dunyosiga yetkazilgan zarar miqdori hisoblab chiqilmoqda. Milliy bog‘ mas'uli bu holat o‘zlarini ham qattiq tashvishga solayotgani va aniq raqamlar ma'lum bo‘lishi bilan OAVda e'lon qilinishini bildirdi.

Shu o‘rinda Zomin tumani hokimligi matbuot xizmatining yong‘in milliy tabiat bog‘i hududidan chiqqani haqidagi iddaosi Hazratqulov tomonidan rad etildi.

«Yong‘in chiqqan joy Zomin milliy tabiat bog‘i hududi hisoblanmaydi. O‘sha payvandlash ishlari olib borilgan dala hovli hali milliy tabiat bog‘i tashkil qilinmasdan avval xususiylashtirib berilgan», dedi Husniddin Hazratqulov.

Savol tug‘iladi. Zomin tumani hokimligi yong‘in chiqqan joyni milliy tabiat bog‘i hududi deyapti. Milliy bog‘ bu ma'lumotni rad qilib, yong‘in hududi deya taxmin qilingan «dacha» bizga tegishli emas demoqda. Vaholanki, o‘sha dala hovli egasi Zomin tuman hokimligiga ma'lum bo‘lmasligi mumkin emas. Shunday ekan, bu ma'lumot nega oshkor qilinmayapti.

Kun.uz mavzuga yana qaytadi.

Mavzuga oid
Top