Hafta oxirida salqin havo kutilmoqda
Avgust oyining o‘rtasi yaqinlashmoqda. Ushbu hafta oxiri yoz oyining oxirgi oyi o‘rtasiga to‘g‘ri keladi. Shu kunlarda O‘zbekistonning barcha hududidagi aholini qulay ob-havo sharoiti kutmoqda.
“O‘zgidromet” xabariga ko‘ra, kecha kunning o‘rtasiga kelib havo harorati 36-37 daraja issiqqacha, shimol, janub va cho‘l hududlarining ba'zi joylarida 38-40 daraja issiqqacha ko‘tarildi.
Bugun esa G‘arbiy Qozog‘iston hududidan salqin havo kirib kelishi hisobiga kunduz kungi harorat 32-34 daraja issiqqacha pasayadi va faqat janubning eng chekkasida 36-38 daraja issiqqacha bo‘lgan nisbatan issiq harorat saqlanib turadi.
Dam olish kunlari respublika hududiga salqin kirib kelishi davom etadi va kunduz kungi harorat 28-31 daraja issiqqacha, janubda esa 33-36 daraja issiqqacha pasayadi. Kechalari ham salqin bo‘ladi. Kechasi va erta tongda harorat 13-18 daraja iliqqacha pasayadi.
Sovuq front ӯtishi hisobiga ba'zi joylarda shamol tezligi 17-22 m/s gacha kuchayishi bilan kuzatiladi.
Hududning tekislik qismida hali ham quruq ob-havo saqlanib turadi, faqat ba'zi joylarda osmonda bulutlar paydo bo‘ladi.
Ammo tog‘li hududlarda mahalliy qisqa muddatli yomg‘ir yog‘ishi mumkin. Buning hisobiga respublikaning tog‘oldi va tog‘li hududlarida sel kelishi xavfi bor.