Jahon | 21:16 / 19.08.2021
29726
1 daqiqa o‘qiladi

“Tolibon” Kobul aeroportidagi evakuatsiya ishlariga qarshilik qilmoqda - OAV

“Tolibon” jangarilari Afg‘onistondan odamlarning evakuatsiya qilinishiga to‘sqinlik qilib, Kobul aeroportini qurshab oldi. Bu haqda Times nashri xabar berdi. Natijada mamlakatni tark etishni istovchilar samolyotlarga o‘tira olishmayapti. 

Ta'kidlanishicha, Afg‘onistondan evakuatsiya reyslarini bajarayotgan britan harbiy samolyotlariga tushishga harakat qilayotgan afg‘onlar toliblarni aeroportni “temir halqa”ga olib, ularni mamlakatni tark eta olmasliklari uchun kaltaklayotganlikda ayblashgan. 

Nashrning Britaniya hukumatidagi manbalarining ma'lum qilishicha, 17 avgustda bir samolyot 70dan ko‘proq britaniyaliklar va afg‘onlar aeroportga yetib borolmaganidan keyin kutilgandan kamroq odamlar bilan uchib ketgan.

Nashrning ta'kidlashicha, toliblar evakuatsiya reyslariga yetib borishni istayotganlarni plastik quvurlar bilan kaltaklamoqda va odamlarni tarqatish uchun havoga o‘q uzmoqda.

Bu vaziyat haqida Kobulda qolayotgan amerikalik jurnalist Klarissa Vard ham ma'lum qilgan. U o‘zining Twitter’dagi sahifasida ushbu vaziyat videosini e'lon qilgan.

Mavzuga oid