Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Ronaldu «Yuve»dan ketdi. Uning keyingi manzili ham oydinlashmoqda
Keyingi yil yozida erkin agentga aylanishi mumkin bo‘lgan Krishtianu Ronaldu «Yuventus» bilan xayrlashdi. Uni Harri Keynni ololmagan «Manchester Siti»da kutishmoqda.
Foto: EMMANUELE CIANCAGLINI/GETTY IMAGES
Yevropada transferlar oynasining so‘nggi haftasi ham qizg‘in kechmoqda. Krishtianu Ronalduning Turinni tark etishi va yangi klubga o‘tishi hal bo‘lgan.
Fabritsio Romanoning yozishicha, portugaliyalik futbolchi bugun 40 daqiqa klub bazasida bo‘ldi va jamoadoshlari bilan xayrlashdi. Uning yagona istagi — yaqin soatlarda jamoasini almashtirish.
Ketish haqidagi xabarlarning boshlanishi
O‘tgan haftada, A Seriyaning birinchi turida ushbu hujumchi zaxira o‘rindig‘ida qoldirildi, u ikkinchi bo‘limda maydonga tushdi va «Udineze» darvozasini ishg‘ol ham qildi, ammo ofsayd tufayli bu gol bekor qilindi.

Avvaliga «Yuventus» rahbariyatidagilar futbolchining zaxirada qoldirilishi uning ketishi bilan bog‘liqligi haqidagi xabarlarni qat'iyan rad etishdi.
«Yo‘q joydan sensatsiya yasash kerak emas. Biz Krishtianu bilan kelishgan holda shunday qarorga kelgandik. Mavsum startida uning formasi yuqori darajada emas. Murabbiy ayni vaqtdagi eng kuchli tarkibni o‘ynatishni istashi tabiiy. Masalan, Jorjo Kellini ham bugun zaxirada qoldi. Barchasi joyida. Men tasdiqlaymanki, Ronaldu qoladi — bu yuz foizga aniq», — dedi «Yuventus» vitse-prezidenti Pavel Nedved DAZN nashriga bergan intervyusida.
«Ronaldu biz uchun bonus, u ko‘plab gollarni kafolatlaydi. Biz jamoa bo‘lib harakatlanishimiz va futbolchilardan maksimum foydalanishimiz kerak. Krishtianu hamisha yaxshi shug‘ullanadi. Men o‘yindan oldin u bilan gaplashdim va unga zaxirada qoldirish qarorimni tushuntirdim. Unga o‘ynashga tayyor turishini aytdim — Ronaldu ikkinchi bo‘limda maydonga chiqdi va ajoyib o‘yin ko‘rsatdi. U bu mavsumda klubda qolishiga ishonchim komil», dedi o‘yindan keyingi matbuot anjumanida klub bosh murabbiyi Massimiliano Allegri.
Lekin Allegri bilan portugaliyalik yulduzning munosabatlari yaxshi emas, qolaversa, klub rahbariyati ushbu mutaxassisni qaytarish uchun uning islohotlar o‘tkazish bo‘yicha talabiga rozi bo‘lgan, bu o‘zgarishlar uchun Ronalduning transferidan tushadigan mablag‘ ham asqatishi mumkin edi.
O‘sha kuniyoq Corriere dello Sport Ronalduning agenti Jorjye Mendesh o‘z mijozining xizmatlarini «Manchester Siti»ga taklif etgani haqida xabar berdi. Keyinroq L’Equipe 36 yoshli futbolchi Xosep Gvardiola boshqaruvidagi jamoaga o‘tish imkoniyatlarini ko‘rib chiqayotganini ma'lum qildi. U «shaharliklar»ning bir necha futbolchisi bilan gaplashib (Portugaliya termasi a'zolari Bernardu Silva, Ruben Diash va Joau Kanselu aynan shu yerda), klubdagi vaziyatni muhokama qilgan.
Jurnalist Janluka Di Marsio bu transfer amalga oshishi qiyinligi, «Manchester Siti» keyingi yozda erkin agent sifatida olish mumkin bo‘lgan futbolchi transferi uchun pul to‘lamoqchi emasligi haqida yozdi. «Shaharliklar» yaqinda Jyek Grilishni Angliya uchun rekord narxga sotib olgan va Harri Keynning transferidan hali umid uzishmagandi. Qolaversa, Ronalduni Gvardiolaning sxemasida tasavvur qilish ham qiyin edi.
Boshqa jurnalist Simone Rovera esa Krishtianu aynan «Manchester Siti»ga o‘tishni istayotgani haqida yozdi. Bu manba futbolchi bu transferni nafaqat «shaharliklar» futbolchilari bilan, balki «Yuventus» futbolchilari bilan ham muhokama qilganini bildirdi.
Mendesh va «Yuve» o‘rtasidagi uchrashuvgacha bo‘lgan vaziyat
Chorshanba kuni Krishtianuning agenti Jorjye Mendesh xususiy samolyotida Turinga uchdi. U dastlab mijozi bilan, keyin klub vakillari bilan uchrashdi - bu uchrashuvda Nedveddan tashqari bosh direktor Mauritsio Arrivabene va sport yo‘nalishi rahbari Federiko Kerubini ham bo‘lgan.
• Krishtianuga asosiy da'vogar – «Manchester Siti». Gvardiola Harri Keynni qo‘lga kiritish orzusi bilan xayrlashishga majbur bo‘ldi va uning ixtiyorida birgina forvard – Gabi Jyezus qoldi. Shu tufayli Pep va shayxlar zaxira rejasini ishga tushirib, boshqa forvard izlay boshlashdi – xuddi shu vaqtda bozorda Krishtianu varianti paydo bo‘ldi. Faqat bir jihati bor, Ronaldu Keyn tipidagi markaziy forvard emas, ammo, superyulduz eksperimentlarga rozi bo‘lishi mumkin.
• La Gazzetta dello Sport Krishtianu avvalboshdan «Man Siti» variantini mo‘ljal qilganini aytdi, ammo transfer to‘lovi masalasini ham hal qilish kerak. «Yuventus» Ronaldu uchun 25 mln yevro so‘ragan, «Siti» esa yulduzli futbolchini pul to‘lamasdan qo‘lga kiritishni istamoqda (hozircha, qanday sxema orqali ekani noma'lum). Shunday davrlar keldiki, Ronaldu uchun 25 mln yevro to‘lashga ham og‘rinishmoqda.
• Ronaldu va «Siti» o‘rtasidagi dastlabki muzokaralar silliq kechgan. Sky Spors Italia inglizlar klubi portugaliyalik futbolchiga 2023 yilga qadar amalda bo‘luvchi shartnoma va yiliga 15 mln yevro miqdoridagi maosh taklif qilishgan – bu Ronaldu «Yuve»da olganidan ikki barobar kam. As ma'lumotiga ko‘ra, Ronaldu rozilik bildirgan.
• Ronalduni «Siti» futbolchilaridan biriga almashtirish varianti ham ko‘rib chiqilgan, ammo bu yerda murakkablik bor. Variantlardan biri – Gabi Jyezus bo‘lgan, turinliklar uni olishni istashgan, ammo Pep braziliyalik hujumchini Krishtianu bo‘yicha transferga qo‘shishni istamagan.

Bu vaqtda «Siti»da boshqa jarayon ham ketmoqda: klub Rahim Sterlingni «Barselona»ga sotish haqida o‘ylamoqda. La Gazzetta dello Sport ma'lumotiga ko‘ra, katta ehtimol bilan, bu kelishuv doirasida Koutino va (yoki) Dembele ham Angliyaga o‘tishi mumkin, shunday holatda inglizlarda Ronalduning transferini pul to‘lab amalga oshirish imkoniyati yuzaga keladi. Ammo bu insayd u qadar mantiqiy ko‘rinmayapti. Italiya matbuoti ingliz klubining ishlari haqida yozganida, bu ma'lumotning uchdan biri ham haqiqat bo‘lib chiqmasligi mumkin.
• «Manchester Siti» – Krishtianu uchun yagona variant bo‘lmagan. Bu vaqtda «PSJ» varianti ham keng muhokama qilindi, Messini erkin agent sifatida qo‘shib olgan parijliklar uni Ronaldu bilan bir jamoada o‘ynatishga qodirligini aytishdi, Ronalduning transferi haqidagi mish-mishlarni «PSJ» xo‘jayinining ukasi Tamim ibn Hamad As-Soniy ham bolalatdi – u Messi va Krish parijliklar formasida aks etgan suratni sahifasiga joyladi va «Bo‘lishi mumkinmi?» deya ilova qildi.
Kechga yaqin italiyalik jurnalist Romeo Agresti («Yuve»dagi vaziyatni yoritib borishga ixtisoslashgan) Jorjye Mendesh Parijga uchgani haqida xabar berdi. Ammo Parij klubi prezidenti bu xabarlarga raddiya berib, bu variant ko‘rib chiqilmayotganini ma'lum qildi.
Nazariy jihatdan «Real»ga qaytish varianti ham bor edi, ammo Marca va As Florentino Peresning maqsadi – Kilian Mbappe ekanini qat'iy qilib yozishdi.
Mendeshning «Yuve» bilan uchrashuvidan keyingi vaziyat
Agent Turinda 18 soatdan ortiqroq vaqt o‘tkazdi. Payshanba kuni tushga yaqin u barcha uchrashuvlarni yakunladi va shaharni tark etdi, endi uning zimmasida mijozining «Yuve»dan ketish bo‘yicha so‘rovini bajarish vazifasi bor edi.

• «Yuve» futbolchini 25 mln yevroga qo‘yib yuborishga rozilik bildirgan, ammo faqat bir shart bilan: payshanba kuni kechqurungacha xaridor topish kerak. Turinliklarga yangi hujumchi topish uchun vaqt kerak bo‘lardi. Ya'ni Mendeshning vazifasi 25 mln yevro topish.
• Aftidan, u buni uddalagan – «Siti» bu summani to‘lashga tayyor. To‘g‘ri, transfer va Ronalduning maoshini hal qilish kerak, buning uchun esa manchesterliklar ko‘p maosh oluvchi yulduzlaridan birortasi bilan xayrlashishi kerak – ko‘p ehtimol bilan bu o‘tgan mavsum zaxira o‘rindig‘ida qolib ketgan Sterling bo‘ladi.
• Ronaldu qat'iy qaror qilgan: u payshanba kungi mashg‘ulotlarda ishtirok etdi, ammo barchadan erta ketdi, kechqurun kiyim almashtirish xonasidagi shkafini bo‘shatib qo‘ydi. Juma kuni esa klub bazasida jamoadoshlari bilan xayrlashdi.
• «Yuventus» Ronalduning o‘rniga, katta ehtimol bilan Moyze Kinni «Everton»dan qaytaradi.
• «Yuventus» bosh murabbiyi Massimiliano Allegri bugungi matbuot anjumanida Ronaldu bilan kecha gaplashgani, u bundan keyin klubda o‘ynamoqchi emasligi, uch yillik faoliyatidan keyin klubni tark etishini aytgani haqida ma'lum qildi.
Yaqin soatlar ichida barchasi hal bo‘lishi mumkin.