O‘zbekiston | 12:28 / 08.09.2021
10951
7 daqiqa o‘qiladi

Jamoat transporti islohotlarga muhtoj. Muammolar tizimli hal qilinadimi?

Jamoat transporti tubdan isloh qilinib, ularning qulayligini oshirish va ularda harakatlanish mashinada manzilga yetib borishdan tezroq va afzalroq bo‘lmas ekan, ko‘chadagi tirbandliklar yildan yilga ortaveradi.

Kundalik hayotimizda jamoat transportining alohida ahamiyati va o‘rni mavjud. Ammo avtomobillar sonining yil sayin oshib borishi, yo‘l harakatini nazorat qilishdagi kamchiliklar sabab transport vositalarining tirbandligi yil sayin ortib bormoqda. Ayniqsa, o‘quv yili boshlanishi va ko‘plab talabalar poytaxtga kelishi natijasida bu muammo naqadar dolzarb va unga jiddiy e'tibor qaratish kerakligiga yana bir marta amin bo‘ldik.

Ma'lumotlarga ko‘ra, birgina Toshkent shahridagi jamoat transporti yo‘nalish tarmoqlari o‘tgan asrning 80-yillarida tuzilgan bo‘lib, shu vaqtga qadar mukammal tarzda qayta ko‘rib chiqilmagan. Bu esa o‘z navbatida shahar jamoat transporti tizimida jiddiy muammolar yig‘ilib qolishiga sabab bo‘lmoqda.

Ba'zi rivojlangan davlatlarda yo‘lning o‘ng cheti avtobus haydovchilari uchun ajratilgan bo‘lib, bu yo‘lda to‘xtash, to‘sib qo‘yish qonun bilan taqiqlanadi. Favqulodda vaziyatdan tashqari boshqa mashinalar avtobus yo‘liga to‘xtab unga xalaqit berishsa, katta miqdorda jarimaga tortiladi. Bir tasmali yo‘llarda esa avtobusni quvib o‘tish taqiqlangan. O‘zbekistonda esa ko‘pchilik markaziy yo‘llar ham avtobus uchun alohida yo‘lak qilish darajasidagi talabga javob bermaydi. Bir tasmali yo‘llarga bunday talabning joriy qilinishiga esa ko‘pchilik haydovchilar aslo toqat qila olmasa ham kerak.

Oxirgi 10 yilda birgina poytaxt Toshkent shahrida avtomobillar soni 2 baravardan ziyodroqqa oshgan. Mashina ko‘paygan sari tirbandliklar ortadi. Shaharda harakat qilish sekinlashadi va bir qancha jiddiy muammolarni yuzaga keltiradi.

Sohani isloh qilish borasida davlat rahbari tomonidan ham bir nechta alohida topshiriqlar berilgandi. Xususan, Yunusobod tumanidagi metropoliten qurilish ishlari bilan tanishish jarayonida Shavkat Mirziyoyev bekatlarda yo‘lovchilar to‘planishini va harakatini monitoring qilish, tahlillar asosida yo‘nalishlarni optimallashtirish, yo‘lovchilarni ko‘paytirish hisobidan yo‘l haqini arzonlashtirish masalalariga to‘xtalib o‘tgan.

Shuningdek, prezident Maxtumquli va Ohangaron ko‘chalari kesishmasida transport bog‘lamasi qurish loyihasi bilan tanishish jarayonida shahar jamoat transportida to‘la qulaylik ta'minlanmaganini ta'kidlab o‘tgan. «Odamlarning noroziligi shundan. Mana, qancha uylar qurilyapti, shahar rivojlanyapti, yana rivojlanadi. Shularni inobatga olib, shahar jamoat transportini aholiga qulay, arzon, xavfsiz qilib berishimiz kerak», degandi davlat rahbari.

Bundan tashqari, jamoat transporti tizimida yangi boshqaruv uslubini joriy etish, metropoliten, avtosaroylar va yo‘nalishli taksi korxonalarini bir-biriga bog‘lash, axborot texnologiyalari asosida ularning o‘zaro integratsiyasini ta'minlash kerakligiga alohida urg‘u berilgan.

Ammo bu borada shuncha topshiriqlar berilgan bo‘lsa-da, ijroni ta'minlashda jiddiy muammolar borligini kuzatish mumkin.

Ko‘pchilik jamoatchilik faollari ham bu masalaga o‘ta jiddiy e'tibor berib, muammoni hal qilish kerakligi haqida fikr bildirishmoqda.

Telegram'da Davletovuz kanali muallifi ham bu borada o‘z fikrlarini bildirgan.

«Jamoat transportining egasi shaharliklar, shahar deputatlari va shahar hokimligi bo‘lishi kerak. Toshkentga “genplan” kerak, Toshkent jamoat transportiga strategiya kerak. Haftada hechqursa bir kun jamoat transportida yurmaydigan hokim ham, vazir ham buni tushunmaydi. To‘liq tonirovka qilingan, sovitkichi to‘xtovsiz ishlaydigan mashinada yuradigan, muzdekkina kabinetidan, muzdekkina mashinasidan qaraydigan hokim ham, vazir ham tashqaridagi vaziyatni boshqacha ko‘radi. Jamoat transportini rivojlantirish uchun esa velosipedni qayta kashf qilish kerak emas. Yuzlab shaharlar allaqachon muvaffaqiyatli amaliyotga, tajribaga ega. Buning uchun ozgina siyosiy xohish, aqlli rejalashtirish bo‘lsa, bas», deya ta'kidlaydi kanal muallifi.

Bakiroo kanali muallifi, iqtisodchi Otabek Bakirov ham bu muammoga e'tibor qaratdi.

«Mening bir gipotezam bor. Bu gipotezaga ko‘ra o‘zbek chinovniklari, ular kattami yo kichikmi, toki muammo ularga foyda keltirishda davom etar ekan, ularning o‘ziga ziyon yetkazishni boshlamagunicha muammoni yechish haqida o‘ylab ham ko‘rmaydilar. U ma'noda poytaxtda va yirik shaharlarda jamoat transporti, jamoat makoni, ekologiya, maktab va umuman ijtimoiy ne'matlar sifati bilan bog‘liq muammolar yechim topishiga men uncha ishonmayman. Chunki bu muammolar o‘zbek chinovniklariga hali-beri ziyon keltirayotgani yo‘q. Chunki ular mahalliy aholi bilan ijtimoiylashmagan. Ular avtobusda yoki piyoda yurmaydi. Ularning bolalari xalqning maktabi yoki poliklinikasiga bormaydi. Ularga ekologiya va yashillik kerak emas», deydi iqtisodchi.

Xo‘sh, bu muammoni hal qilish uchun nima qilish kerak. Metroning vaqtini qisqartirish, avtobuslar sonini ko‘paytirish bilan bu narsalarni hal qilish imkonsiz. Poytaxt va markaziy katta shaharlarga viloyatlar va hududlardan har kuni o‘n minglab avtomashinalar kirib keladi. Katta shaharlarga kiraverishda bepul avtoturargohlar tashkil etilib, tranzit tizimiga o‘tilsa, shahardagi tirbandliklar bir qancha kamayadi. Buning uchun, avvalo, shaharda jamoat transportini tubdan isloh qilish, ularning qulayligini oshirish va ularda harakatlanish mashinada manzilga yetib borishdan tezroq va afzalroq bo‘lishi kerak.

Shu bilan bir qatorda jamoat transportining soni ko‘paytirilishi va vaqti qisqartirilishi natijasida ular zarar bilan ishlay boshlashi ehtimoli oshadi. Shu sabab hukumat doimiy ravishda ularni qo‘llab-quvvatlashi zarur.

Ayni paytda Toshkentda avtobus yoki metroda harakatlanish juda qiyin. Odam soni haddan ziyod ko‘pligi sabab, ayniqsa, qiz bolalar, ayol kishilar va yosh bolali ayollarga juda noqulay. Jamoat transporti tubdan isloh qilinib, ularning harakatlanish tezligi va qulayliklari oshirilmas ekan, odamlarda avtomobilda harakatlanishga bo‘lgan talab yildan yilga oshaveradi. Bu esa “O‘zavtomotors” kabi monopol tashkilotlarga millionlab dollar foyda olishlari uchun zamin yaratadi.

Poytaxt bekatlarida avtobuslarning harakatlanish sxemasi va grafiklari kabi ma'lumotlar qo‘yilgan bo‘lsa-da, viloyatlarda bunday emas. Asosiy jamoat transporti avtobuslar hisoblangan viloyatlarda bu bir qancha tushunmovchiliklar va noqulayliklarni yuzaga keltirmoqda.

Достон Аҳроров
Tayyorlagan Достон Аҳроров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid