Jahon | 20:34 / 08.09.2021
15087
2 daqiqa o‘qiladi

“Tolibon” ayollarning sport bilan shug‘ullanishini taqiqladi

Ahmadulla Vosiq islom dinida ayollarga faqat zarurat yuzasidangina ko‘chaga chiqishga ruxsat etilgani, sport esa zarurat emasligini aytdi.

Foto: Getty Images

Afg‘onistonlik ayollar sport bilan shug‘ullanmaydi. Bu haqda “Tolibon” harakatining madaniyat bo‘yicha komissiyasi rahbari o‘rinbosari Ahmadulla Vosiq Avstraliyaning SBS News telekanaliga bergan intervyusida aytdi.

“Ayollar kriket o‘ynashi mumkin deb o‘ylamayman, chunki ularga kriket o‘ynash muhimmas. Kriketda ularning yuzlari va tanalari yopiq holda bo‘lmaydigan vaziyatlar bo‘lishi mumkin. Islomda ayollarning bunday holatda ko‘rinishlariga ruxsat berilmaydi. Mass-media davrida foto va videolar chiqadi va odamlar ularni tomosha qiladi. Islom va islom amirligi ayollarga kriket o‘ynash yoki ularning yuzlari va badanlari ko‘rinadigan har qanday sport bilan shug‘ullanishiga ruxsat bermaydi”, – dedi Vosiq.

U shuningdek, islom dinida ayollarga faqat zarurat yuzasidangina ko‘chaga chiqishga ruxsat etilgani, sport esa zarurat emasligini aytdi.

Qayd etilishicha, toliblarning bunday pozitsiyasi kriket bo‘yicha Afg‘oniston va Avstraliya erkaklar milliy jamoalari o‘rtasida o‘tkazilishi rejalashtirilgan uchrashuvni yo‘qqa chiqarishi mumkin. Xalqaro kriket kengashi qoidalariga ko‘ra, kengashning barcha a'zolari erkaklar va ayollar terma jamoalariga ega bo‘lishi shart.

Vosiq “Tolibon” bu masalada hech qanday murosaga bormasligini va har qanday holatda ham “islomiy qadriyatlardan chekinmasligini” ta'kidladi.

Afg‘onistonda kriket eng ommaviy sport turi hisoblanadi.

Дилшод Аскаров
Tayyorlagan Дилшод Аскаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid