O‘zbekiston | 15:16 / 13.09.2021
3468
2 daqiqa o‘qiladi

To‘rtko‘lda yomg‘irlatib sug‘orish texnologiyasi ishga tushirildi

To‘rtko‘l tumanida suv tejovchi, yomg‘irlatib sug‘orish texnologiyasi ishga tushirildi. Bu haqda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Suv xo‘jaligi vazirligi matbuot kotibi xabar berdi.

Qayd etilishicha, tumanda kelgusi yil hosili uchun ekiladigan g‘alla maydonlarida jami 1 000 gektar yer maydonida yomg‘irlatib sug‘orish texnologiyasini joriy qilish rejalashtirilgan.

Hozirgi kungacha 610 gektar maydonda ushbu texnologiyani joriy qilish bo‘yicha fermer xo‘jaliklari va quruvchi tashkilot “Omad Start” MChJ o‘rtasida shartnomalar rasmiylashtirildi. Shunga muvofiq, «Tozabog‘yop» OFYdagi “Agro Absolyut” fermer xo‘jaligiga qarashli 2 gektar g‘alla maydonida yomg‘irlatib sug‘orish texnologiyasi ishga tushirildi.

Mutaxassislarning ta'kidlashicha, yomg‘irlatib sug‘orish texnologiyasida sug‘orish ishlari to‘liq avtomat tarzda amalga oshiriladi. Cug‘orish me'yorini kamaytirish yoki ko‘paytirish orqali tuproqning namiqish chuqurligini ehtiyojga qarab o‘zgartirish mumkin. Bunda suv dala bo‘ylab bir tekis taqsimlanadi.

Shuningdek, yomg‘irlatib sug‘orilganda dalada mikroiqlim yaratilib, ekinning jadal o‘sib-rivojlanishiga qulay sharoit yaratiladi. Bundan tashqari, mineral o‘g‘itlar va boshqa kimyoviy vositalarni suvga qo‘shib berish ham mumkin. Dalada sug‘orish egatlari va o‘qariqlar olishga zarurat tug‘ilmaydi. Oqava suvlar bo‘lmaganligi tufayli dalani kam me'yordagi suv bilan ham sifatli sug‘orishga erishiladi.

Ma'lumot uchun, joriy mavsumda ushbu texnologiyani Qoraqalpog‘istonning boshqa tumanlaridagi 10 ming gektardan ortiqroq maydonlarda o‘rnatish rejalashtirilgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq 2050 yilga borib Amudaryo havzasida suv resurslari 15 foizgacha kamayishi mumkinligi aytilgandi.

Mavzuga oid