O‘zbekiston | 09:33 / 25.10.2025
1506
2 daqiqa o‘qiladi

Irrigatsiya tizimida qurilish ishlari sug‘orish mavsumidan tashqari amalga oshiriladi

Vazirlar Mahkamasi qarori bilan “Budjet tizimi budjetlari hisobidan qurilish va rekonstruksiya ishlari sug‘orish mavsumi bo‘lmagan davrda bajariladigan irrigatsiya tizimi obektlarini moliyalashtirish tartibi to‘g‘risida”gi nizom tasdiqlandi. Hujjat irrigatsiya infratuzilmasiga oid loyihalarni tanlash, ularning loyiha-smeta hujjatlarini ishlab chiqish va moliyalashtirish mexanizmlarini belgilaydi.

Nizomga muvofiq, vegetatsiya (sug‘orish) davrida qurilish va rekonstruksiya ishlarini olib borish imkoni bo‘lmagan irrigatsiya obektlarida qurilish-montaj ishlari sug‘orish mavsumi bo‘lmagan fursatda amalga oshiriladi. Bu, avvalambor, suv ta’minoti barqarorligini saqlagan holda, qishloq xo‘jaligi jarayonlariga kam ta’sir ko‘rsatishni ko‘zlaydi.

Hujjat irrigatsiya obektlarini tanlab olish bosqichidan tortib, loyiha-smeta hujjatlarini tayyorlash va tasdiqlash, shuningdek moliyalashtirishning oyma-oy tartibigacha bo‘lgan jarayonlarni aniq me’yorlashtiradi. Qarorning amaliyotga joriy etilishi qurilish- montaj ishlarida moliyaviy intizomni mustahkamlash, pudratchilar bilan hisob-kitoblarni shaffof tashkil etish hamda obektlarni so‘zsiz muddatda ishga tushirishga xizmat qiladi.

Nizomda irrigatsiya obektlarini budjet mablag‘lari hisobidan moliyalashtirish quyidagi uch bosqichli mexanizm asosida belgilandi:

avvalgi to‘lov (avans): qurilishning dastlabki ikki oyi davomida tanlov (tender) natijalariga ko‘ra belgilangan ishlar qiymatining 30 foizgacha miqdorda ajratiladi;
joriy moliyalash: ajratilgan avansning qurilish muddati davomida mutanosib ushlab qolinishini inobatga olgan holda, har oyda bajarilgan ishlar qiymatining 95 foizgacha to‘lab boriladi;
kafolatdan so‘nggi to‘lov: pudrat shartnomasida nazarda tutilgan kafolat muddati o‘tgach, qolgan 5 foiz miqdordagi mablag‘ to‘lanadi.

Shu bilan birga, agar davlat xaridlari natijasida qurilish muddati uch oydan kam deb belgilansa, birinchi oyning o‘zida obekt qiymatining 30 foizigacha avans beriladi, keyingi to‘lovlar esa umumiy belgilangan tartib asosida amalga oshiriladi.

Moliyalashtirishning yangi tartibi irrigatsiya infratuzilmasini modernizatsiya qilish va ta’mirlashni mavsumdan mustaqil ravishda, agrotexnik kalendarga ziyon yetkazmagan holda tashkil etishga imkon beradi. Shaffof hisob-kitob mexanizmi pudratchi tashkilotlar uchun pul oqimini barqarorlashtirib, obektlarni o‘z vaqtida ishga tushirishni rag‘batlantiradi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid