Jahon | 13:27 / 15.09.2021
13493
2 daqiqa o‘qiladi

Qozog‘istonda ijtimoiy tarmoqlar bloklanishiga olib kelishi mumkin bo‘lgan qonun loyihasi ishlab chiqildi

Barcha xorijiy messenjerlar va ijtimoiy tarmoqlar Qozog‘istonning vakolatli organlarida ro‘yxatdan o‘tishlari va bu yerda o‘z vakolatxonalarini ochishlari kerak bo‘ladi. Aks holda mamlakatda ularning faoliyatiga nuqta qo‘yilishi mumkin.

Ikki deputat Dinara Zakiyeva va Aydos Sarimning bola huquqlari to‘g‘risidagi qonunchilikka kiritishni taklif etayotgan tuzatishlari sabab qozog‘istonliklar ijtimoiy tarmoqlar va messenjerlarsiz qolishi mumkin.

Xususan, yangi qonun loyihasi Qozog‘istonda chet el ijtimoiy tarmoqlari va messenjerlarini respublikada o‘z vakolatxonalarini ochishga, davlat ro‘yxatidan o‘tishga va o‘z filiallari rahbarlari tomonidan faqat Qozog‘iston fuqarolarini qabul qilish majburiyatini belgilaydi.

«Qozog‘iston Respublikasi hududida xorijiy onlayn-platforma yoki tezkor xabarlar xizmatining filiallari (vakolatxonalari) rahbarlari chet elliklar yoki fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar bo‘la olmaydi. Barcha xorijiy messenjerlar va ijtimoiy tarmoqlar Qozog‘istonning vakolatli organlarida ro‘yxatdan o‘tishlari va bu yerda o‘z vakolatxonalarini ochishlari kerak bo‘ladi», deyilgan qonun loyihasida.

Deputatlar Sarim va Zokirova o‘z pozitsiyasini ijtimoiy tarmoqlar va messenjerlar yordamida amalga oshirilayotgan kiberhujumlar bilan izohlagan. Xorijiy ijtimoiy tarmoqlar Qozog‘iston hukumatining tegishli tashkilotlarida ro‘yxatdan o‘tish va mamlakatda 6 oy muddatda vakolatxonasini ochishni rad etishsa, ular bloklanishi ko‘zda tutilmoqda.

Ma'lumot uchun, O‘zbekiston Respublikasining «Shaxsga doir ma'lumotlar to‘g‘risida»gi qonuniga qo‘shilgan 27-1 modda 2021 yil 16 apreldan kuchga kirdi. Shu asosda yirik internet kompaniyalar va ijtimoiy tarmoqlardan O‘zbekiston fuqarolarining shaxsiga doir ma'lumotlarni jismonan O‘zbekiston hududida joylashgan serverlarda saqlash talab etilmoqda.

Mavzuga oid