Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Fransiya AQShdagi tantanali tadbirda ishtirok etishdan bosh tortdi
Fransiya AQShdagi elchixonasida Chesapik jangining 240 yilligiga bag‘ishlangan tantanali tadbirni bekor qildi. AFP va The New York Times nashrlarining xabar berishicha, Parij ushbu qarorni AQSh, Britaniya va Avstraliya mudofaa alyansi tashkil etishini e'lon qilgandan keyin qabul qildi. Bu hamkorlik oqibatida Fransiya Avstraliyaga suvosti kemalari yetkazib berish bo‘yicha 66 mlrd dollarlik shartnomani yo‘qotdi.
Chesapik jangi AQSh mustaqilligi uchun urushda dengizda kechgan hal qiluvchi jang hisoblanadi. Chesapik ko‘rfazida o‘tgan jang 1781 yil sentyabrda Britaniya va Fransiya flotlari o‘rtasida kechgan. Ushbu jangda AQShni qo‘llab-quvvatlagan Fransiya floti Britaniya ustidan g‘alaba qozongan.
Ta'kidlanishicha, tantanali tadbirda Fransiya harbiy-dengiz kuchlarining yuqori mansabdor vakili ishtirok etishi kerak bo‘lgan. Biroq u ortga qaytarilgan.
Avvalroq AQSh, Britaniya va Avstraliya o‘rtasida mudofaa sohasida yangi alyans – AUKUS’ga asos solindi. Alyansning birinchi tashabbuslaridan biri sifatida Avstraliyani suvosti kemalari bilan ta'minlash ko‘rsatilgan. Shu sababli Avstraliya Fransiya bilan suvosti kemalari yetkazib berish bo‘yicha shartnomadan chiqqan. Parij o‘z ittifoqdoshlarining bu qarorini “orqadan pichoq sanchish” deb baholagan.