Jamiyat | 12:37 / 18.09.2021
16160
9 daqiqa o‘qiladi

G‘ildirakdagi moy va loy: korrupsiya darajasini qanday o‘lchash mumkin?

Korrupsiya fenomeni turli mamlakatlarda turli darajadagi ijtimoiy, siyosiy va iqtisodiy ta'sirlarga ega. Lekin u bilan bog‘liq bo‘lgan umumiy bir savol mavjud: korrupsiya darajasini o‘lchash mumkinmi? Mumkin bo‘lsa qanday?

Foto: KUN.UZ

Albatta, bu savolga javob berish oson emas. Biroq shu narsa aniqki, barcha sohalarda korrupsiyaga qarshi kurashni ta'minlash, bu boradagi muammolarni aniqlash va natijalarni nazorat qilish uchun ham korrupsiya darajasi o‘lchanmog‘i darkor.

Korrupsiya – to‘g‘ridan to‘g‘ri o‘lchanadigan o‘zgaruvchidir. Korrupsiya darajasini o‘lchashga qaratilgan indekslar soni keyingi yillarda ortib bormoqda. Ko‘p murojaat qilinayotgan mazkur indekslar Transparency International (Xalqaro shaffoflik) tashkilotining korrupsiya indeksi, Jahon bankining global boshqaruv ko‘rsatkichlari, yangi turdagi o‘lchash va baholash vositalari sanalmish Xalqaro shaffoflik tashkiloti barometri (GCB) va Global Integrity tashkilotining global yaxlitlik indeksidir. Shuningdek, PricewaterhouseCoopers shaffoflik indeksi ham o‘ziga xos nufuzga ega. 

Korrupsiya darajasining aniqlanishi Jahon banki va fuqarolik jamiyatiga korrupsiyaga qarshi choralar ishlab chiqishda katta yordam beradi. Ayni shu zarurat bugun korrupsiyani qanday o‘lchash va kuzatib borish mumkinligi haqidagi yangidan yangi bahslarni keltirib chiqarmoqda.

Ta'kidlash joizki, dunyo xalqlarida korrupsiya bilan bog‘liq asosan ikki xil qarash keng tarqalgan: ayrimlar korrupsiyani g‘ildirakning moyi deb bilishadi va ular korrupsiyani qiyinroq kechadigan jarayonni tezlashtirish va osonlashtirish vositasi sifatida qabul qilishadi. Ba'zilar esa korrupsiyani g‘ildirakka ilashib qolgan loy deb bilishadi. Loy hajmi ortgani sari, tabiiyki, g‘ildirakning aylanishi ham qiyinlashadi. Shuningdek, korrupsiya bilan bog‘liq turli noto‘g‘ri qarashlar ham mavjud:  

1-yanglish fikr: Korrupsiya darajasini o‘lchash mumkin emas.

Korrupsiyani quyidagi uch usul bilan o‘lchash mumkin:

1. Tegishli manfaatdor tomonlarning fikrlarini o‘rganish orqali.

Bu nodavlat-notijorat tashkilotlar, xususiy sektor, davlat xizmatchilari va jismoniy shaxslar o‘rtasida o‘tkazilgan so‘rovlarni o‘z ichiga oladi.

2. Mamlakatlarning institutsiyaviy xususiyatlarini tadqiq etish orqali. Bu xarid qilish amaliyoti, budjet shaffofligi kabi korrupsiya imkoniyatlari-imtiyozlari to‘g‘risida ma'lumot beradi.

3. Aniq loyihalarni sinchkovlik bilan nazorat qilish orqali. Bu usul muayyan loyihaning natijalari va xarajatlarini batafsil taqqoslashga asoslanadi.

2-yanglish fikr: Sub'yektiv ma'lumotlar obektiv xarakter kasb etmaydi. Ular korrupsiya haqidagi noaniq va umumiy tushunchalarni aks ettiradi.

Insonlarning korrupsiya haqidagi o‘z real hayotiy tajribalariga asoslangan tushunchalari ba'zan mavjud bo‘lgan eng yaxshi va yagona ma'lumotdir. Masalan, agar fuqarolar sudlar va ichki ishlar tizimini korrupsiyaga aloqador deb hisoblasalar, ular obektiv haqiqat qanday bo‘lishidan qat'i nazar, ularning xizmatidan foydalanishni istashmaydi.

3-yanglish fikr: Korrupsiyani o‘lchashda ishlatilgan sub'yektiv ma'lumotlar ishonchli emas.

Ta'kidlash lozimki, korrupsiya darajasini aniq o‘lchashda hech bir o‘lchov 100 foiz ishonchli emas.

Korrupsiyaning ayrim shakllarini, xususan, mamlakat darajasidagi korrupsiyani kuzatib borish muqarrar ravishda bir yoki bir nechta o‘lchov muammosiga olib keladi. Korrupsiyani o‘lchashga oid barcha yondashuvlar muayyan noaniqliklarni o‘z ichiga oladi.

4-yanglish fikr: Korrupsiyaga qarshi kurashda oldinga siljish uchun keskin obektiv choralar zarur.

Korrupsiya yashirin tabiatga ega ekanligi bois aniq obektiv choralarni ko‘rish deyarli imkonsiz. Bundan tashqari, obektiv ma'lumotlar mutaxassislar, fuqarolar va kompaniyalarning hisobotlaridan ko‘ra ahamiyatliroq ekaniga doir qat'iy to‘xtam mavjud emas.

5-yanglish fikr: Korrupsiyaning sub'yektiv o‘lchovlaridan amalda foydalanib bo‘lmaydi, ular siyosatchilarga yo‘l ko‘rsata olmaydi.

Bir necha turdagi kompaniyalar va shaxslar tomonidan o‘tkazilgan so‘rovnomalar hukumatga turli sohalaridagi korrupsiyaviy holatlar bo‘yicha ma'lumot berishi mumkin. Qolaversa, korrupsiyaga oid umumiy fikrlarni kuzatib borish hukumatning korrupsiyaga qarshi strategiyasi muvaffaqiyatini ta'minlaydigan omillardan biri bo‘lishi mumkin.

6-yanglish fikr: Korrupsiya darajasi yuqori bo‘lgan aksariyat mamlakatlar ham tez rivojlana olgani sababli korrupsiya bilan bog‘liq vaziyatni kuzatishga hojat yo‘q.

Daniel Kaufmanning fikricha, korrupsiyani baholashda past natijalarga erishgan, ammo so‘nggi o‘n yilliklarda jiddiy o‘sish ko‘rsatkichlarini qayd etgan mamlakatlar korrupsiyaga qarshi kurashda e'tiborga loyiq ishlarni amalga oshirgan.

Korrupsiyani amalda o‘lchashda ham katta qiyinchiliklar mavjud. Korrupsiyani o‘lchashni istagan shaxs yoki firma duch keladigan ilk qiyinchilik – bu tushunchaga oid barcha birday tushunadigan yagona va aniq bir ta'rifning yo‘qligidir. Chunki korrupsiya turli madaniyat va muhitlarda har xil ma'nolarda qo‘llanadi. Garchi xalqaro tashkilotlar uning umumiy ta'rifini yaratishga harakat qilishayotgan bo‘lsa-da, qonuniy ravishda vujudga keladigan korrupsiyaga oid xatti-harakatlar sohalarga ko‘ra bir-biridan farq qiladi.

Korrupsiyaning umumiy ta'rifi mavjud deb faraz qilingan taqdirda ham tadqiqotchilar korrupsiyaning o‘lchanadigan umumiy asoslarini topishda qiyinchiliklarga duch kelishadi. Hatto korrupsiya holatlarining soniga ko‘ra olingan aniq o‘lchov-natijalar ham befoyda bo‘lishi mumkin. Statistik ma'lumotlar (korrupsiya bilan bog‘liq jinoyatlarga aloqador aybdorlar soni va boshqalar) mavjud bo‘lsa-da, korrupsiya bilan bog‘liq aksariyat holatlar aniqlanmay, jazosiz qolib ketadi.

Qolaversa, barcha korrupsiyaviy holatlar bir-biriga teng ravishda sodir bo‘lmaydi – albatta, kichik korrupsiyaviy holatlarning davlat tenderlaridagi katta jinoyatlardan farqi bor. Bundan tashqari, bunday farqlar jinoyatlar statistikasidan ham o‘rin olmasligi mumkin.

Mamlakatlar, odatda, amalda CPI (Perception Corruption Index)dan foydalanadi. Transparency International tomonidan 1995 yildan beri korrupsiyani o‘lchash uchun foydalaniladigan indeks – CPI yordamida korrupsiyaning miqdoriy o‘lchovi o‘tkaziladi va uning mamlakatlar o‘rtasidagi taqsimoti ko‘rib chiqiladi.

2012 yilgacha bo‘lgan tadqiqotlarda indeks ko‘rsatkichi noldan o‘ngacha bo‘lgan qiymatlarga ega edi. Unga ko‘ra, agar indeks raqami nolga teng bo‘lsa, o‘sha mamlakatda korrupsiya juda yuqori, 10ga teng bo‘lsa, aksincha, o‘sha mamlakatda korrupsiya darajasi juda past hisoblangan va muayyan mamlakatning boshqa davlat-mintaqalarga ko‘ra reytingda nechanchi o‘rinda ekani ko‘rsatilgan.

2012 yildan keyin o‘tkazilgan tadqiqotlarda esa mamlakatlar CPI’da noldan 100gacha bo‘lgan tizimda baholab kelinmoqda. Nol ball mamlakatning o‘ta korrupsiyalashganidan dalolat beradi, 100 ball esa uning juda toza ekanini ko‘rsatadi. To‘g‘ri, ayrim mamlakatlar yaxshi natijaga erishadi, lekin hech bir davlat 100 ball to‘play olmaydi.

Qayd etish joiz, CPI reytingida 2020 yil yakunlariga ko‘ra, O‘zbekiston 26 ball bilan 180 davlat orasida 146-o‘rinni egallab turibdi. Taqqoslash uchun, qo‘shni mamlakatlar – Qozog‘iston 94-, Qirg‘iziston 124-, Tojikiston 149-, Turkmaniston va Afg‘oniston esa 165-o‘rindan joy olgan.

O‘zbekistonning so‘nggi besh yillikdagi korrupsiya darajasi ko‘rsatkichlari

(2016-2020 yillar)

Manba: www.transparency.org

Xulosa o‘rnida aytish mumkinki, O‘zbekistonda institutsiyaviy, individual, iqtisodiy, ijtimoiy, huquqiy kabi bir qancha omillar korrupsiyaga sabab bo‘lmoqda. Shu bois barcha ma'muriy, huquqiy va iqtisodiy sohalarda korrupsiyaga qarshi chora-tadbirlar ko‘rilishi va mamlakat tuzilishiga mos yechimlar taklif qilinishi zarur. Chunki CPI ballari va reytingida mamlakatning yuqori o‘rinlarga ega bo‘lishi davlatimizning ishonchliligi va xalqaro nufuzi oshishida muhim omil bo‘lib xizmat qiladi.

Otabek Tillayev,
Kun.uz muxbiri.

Mavzuga oid