O‘zbekiston | 13:55 / 21.09.2021
6236
4 daqiqa o‘qiladi

Prezident Allaniyaz O‘teniyazov xotirasini abadiylashtirishni taklif etdi

Allaniyaz O‘teniyazov hayotlik chog‘ida halol peshona teri bilan to‘plagan shaxsiy mablag‘i hisobidan ehtiyojmand odamlarga 42ta uy-joy, 4ta maktab, 4ta bog‘cha va 4ta tibbiyot punktini qurib bergan.

“O‘zingiz bilasiz, Qoraqalpog‘istonning ulkan hududi bor, shahar va tumanlar, ovullar orasidagi masofa ham ancha uzoq. Lekin men qachon bu yurtga kelsam, charchash nimaligini bilmayman. Nega? Chunki, xosiyatli qoraqalpoq diyorining qir-adirlari, dala va bog‘lari, oqko‘ngil odamlari menga ko‘tarinki ruh beradi, samimiy muloqotlar kuchimga-kuch qo‘shadi. 

Shuning uchun doimo yuragim qoraqalpoq eliga talpinib turadi, siz azizlarni hamisha sog‘inib yashayman. Shu paytga qadar qoraqalpog‘istonlik minglab insonlar vatanimizning yuksak orden va medallari, faxriy unvonlari bilan taqdirlangani ham shundan dalolat beradi.

Ularning sharafli hayoti va faoliyati yoshlarimiz uchun chinakam ibrat maktabi bo‘lib xizmat qilmoqda. Misol uchun, Allaniyaz O‘teniyazov hayotlik chog‘ida halol peshona teri bilan to‘plagan shaxsiy mablag‘i hisobidan ehtiyojmand odamlarga 42 ta uy-joy, 4 ta maktab, 4 ta bog‘cha va 4 ta tibbiyot punktini qurib bergan.

Xorijiy mamlakatlardagi ko‘plab insonlar ham bunday ulkan saxovat va bag‘rikenglikka qoyil qolib, Allaniyaz O‘teniyazovga xatlar yozishgan. Masalan, argentinalik millioner X.Sapun Allaniyaz og‘aga yo‘llagan maktubida uning ezgu ishlaridan saboq olib, o‘zi ham bundan buyon oddiy insonlarga ko‘mak berishga qaror qilganini qayd etadi.

Hech shubhasiz, Allaniyaz O‘teniyazov o‘z eliga sadoqati va saxovati bilan qoraqalpoq xalqiga xos eng yaxshi qadriyatlarni butun dunyoga namoyon etdi.

Shuning uchun, Nukus shahrining ko‘rkam mavzelaridan biriga bu ulug‘ insonning nomini bersak, nima deysizlar? Bu – barchamiz, ayniqsa, yoshlarimiz uchun katta tarbiyaviy ahamiyatga ega ish bo‘lar edi. 

Qoraqalpoq elining yana bir fidoyi farzandi – muhtaram Qallibek Kamolovdir. Qallibek og‘aning chorak asrdan ziyod Qoraqalpog‘istonga rahbarlik qilib, el-yurt ravnaqi yo‘lida qanday ulkan ishlarni amalga oshirganini aytmasam ham, barchangiz yaxshi bilasiz. Og‘a menga ham muntazam takliflarini jo‘natib turadi.

Hurmatli oqsoqolimiz hozirgi nuroniy yoshida ham jamoat ishlaridagi, yoshlar tarbiyasidagi faolligi bilan ko‘pchilikka o‘rnak bo‘lib kelmoqda.   

Men yaqinda Qallibek Kamolovichning “El xizmatida” deb nomlangan chuqur siyosiy-falsafiy tafakkur bilan yozilgan kitobini o‘qib chiqib, muhim ma'lumotlardan xabardor bo‘ldim.

Muhtaram oqsoqol o‘z asarida o‘zbek va qoraqalpoq xalqlarining azaliy do‘stligiga alohida e'tibor qaratib, ularning o‘tmishi ham, buguni ham, kelajagi ham birligini hayotiy misollar bilan ko‘rsatib bergan.

Bu kitob nafaqat Qoraqalpog‘iston, balki O‘zbekiston tarixini ham haqqoniy yoritib bergan muhim manba bo‘lib, barcha rahbarlarning ish stolida turishga arziydigan asardir. Xalqimizning, yoshlarimizning baxtiga Qallibek og‘a doimo sog‘-omon bo‘lsinlar”, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

Аброр Зоҳидов
Tayyorlagan Аброр Зоҳидов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid