O‘zbekiston | 14:54 / 21.09.2021
9682
3 daqiqa o‘qiladi

Qoraqalpog‘istonda «Nukus siti» quriladi

Qoraqalpog‘istonni rivojlantirish uchun 43 trillion so‘m ajratiladi, “Nukus siti” quriladi. Bu haqda Shavkat Mirziyoyev ma'lum qildi. 

Bildirilishicha, bu mablag‘ manbai - budjetdan 10 trillion so‘m, xalqaro moliya tashkilotlaridan 19 trillion so‘m, bank kreditlari 14 trillion so‘m hisoblanadi.

“Nukus shahrida tun-u kun ishlaydigan savdo, turizm, madaniyat, ta'lim, tibbiyot, injiniring va Ay-Ti sohalaridagi xizmatlarni rivojlantirish orqali, 6 mingta yangi ish o‘rni yaratiladi.

Bunga, kelgusi besh yilda qo‘shimcha 100 million dollar mablag‘ ajratiladi. Shuningdek, Nukus shahrida investorlarga biznes qilish va yashashi uchun eng qulay sharoitlar yaratilgan “Nukus siti” quriladi.

Umuman olganda, kelgusi besh yilda Qoraqalpog‘istonni rivojlantirish uchun 43 trillion so‘m yo‘naltiriladi. Jumladan, budjetdan – 10 trillion so‘m, xalqaro moliya tashkilotlaridan – 19 trillion so‘m, bank kreditlari – 14 trillion so‘m.

Ushbu mablag‘lardan samarali foydalanish, iqtisodiyot va investitsiya sohasida olingan marralarga erishish uchun, Hukumat, markaziy iqtisodiy idoralar va Vazirlar Kengashining ish uslubi to‘liq o‘zgaradi.

Bunda, Toshkentdagi vazirlar va tarmoqlar rahbarlari Vazirlar Kengashi bilan birga, ish natijalari bo‘yicha har chorakda Jo‘qorg‘i Kengesda hisobot berishadi. Bu masala Senatning alohida nazoratida bo‘ladi va muntazam ravishda joyiga chiqqan holda, muhokama qilib boriladi.

Ikkinchi yo‘nalish – qishloq va suv xo‘jaligini rivojlantirish orqali, 70 mingta ish o‘rni yaratiladi va mahsulotlar hajmi 2 barobarga oshiriladi. 

Birinchidan, Qoraqalpog‘istonning chorvachilikdagi imkoniyatlari go‘sht-sut mahsulotlari bilan nafaqat o‘zini, balki qo‘shni hududlarni ham ta'minlay oladi. Shuning uchun, chorvachilik bo‘yicha 3 ta yo‘nalishdan iborat alohida dastur qabul qilinadi. Eng avvalo, Bo‘zatov, Nukus, Taxiatosh, Taxtako‘pir, Qorao‘zak va Qo‘ng‘irot tumanlarida 30 ming gektar paxta va g‘alla maydonlari to‘liq ozuqa va boshqa ekinlar yetishtirish uchun ajratiladi. 

Shuningdek, kelgusi besh yilda 200 ming gektar yaylovlarni qayta tiklash va hosildorligini oshirish choralari ko‘riladi. Bundan tashqari, qoramollar sonini 500 boshdan kam bo‘lmagan xo‘jaliklarni tashkil etish uchun, Qoraqalpog‘istonda chorvachilikni rivojlantirish jamg‘armasi tashkil etiladi. Ushbu jamg‘armaga dastlab 100 milliard so‘m ajratilib, subsidiyalar hajmi ko‘paytiriladi va 5 foizli kredit ajratish tizimi yo‘lga qo‘yiladi.

Shu bilan birga, har bir tumanda 200 ming boshli parranda va 100 gektardan baliq xo‘jaliklari tashkil etiladi. Shu tariqa, kelgusi besh yilda go‘sht, sut, tuxum va baliq yetishtirish hajmi 2 barobarga oshadi”, – dedi prezident respublika faollariga qarata.

Аброр Зоҳидов
Tayyorlagan Аброр Зоҳидов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid