Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Amerikalik kongressmenlar Rossiyaga qarshi sanksiyalarni ma'qulladi
AQSh rossiyalik 35 nafar shaxsga sanksiyalar joriy qilishi mumkin. Ular orasida Alisher Usmonov va Roman Abramovich kabi tadbirkorlar, shuningdek, mamlakat bosh vaziri Mixail Mishustin ham bor.
AQSh Kongressining Vakillik palatasi siyosatchi Aleksey Navalniyning sheriklari tomonidan taqdim etilgan ro‘yxatdagi 35 kishiga qarshi sanksiyalarni qo‘llashni taklif etuvchi qonun loyihasini ma'qulladi. Bu haqda AQShning Yevropada xavfsizlik va hamkorlik bo‘yicha Helsinki komissiyasi a'zosi Pol Massaro Twitter’da yozgan.
Ro‘yxatdagi nomlar orasida tadbirkorlar Alisher Usmonov, Roman Abramovich, Gennadiy Timchenko va Oleg Deripaska, «Rosneft» raisi Igor Sechin, «Gazprom» rahbari Aleksey Miller, Rossiyan tijorat banki prezidenti Andrey Kostin, «Pervyy kanal» bosh direktori Konstantin Ernst, shuningdek, bosh vazir Mixail Mishustin, qishloq xo‘jaligi vaziri Dmitriy Patrushev, sog‘liqni saqlash vaziri Mixail Murashko, tergov qo‘mitasi raisi Aleksandr Bastrikin, FXX direktori Aleksandr Bortnikov va prezident matbuot kotibi Dmitriy Peskov bor.
Bundan tashqari, ro‘yxatdan Markaziy saylov komissiyasi a'zosi Ella Pamfilova, Moskva meri Sergey Sobyanin, Moskva oblasti gubernatori Andrey Vorobyov va Sankt-Peterburg gubernatori Aleksandr Beglov ham joy olishgan.
Ushbu qonun loyihasi Kongressning to‘liq tarkibi tomonidan ma'qullansa, sanksiyalar joriy qilish bo‘yicha yakuniy qaror Jo Bayden administratsiyasi tomonidan qabul qilinadi.
Qo‘shma Shtatlarda bu borada «Magnitskiy qonuni» mavjud. Bu qonun AQShning inson huquqlari buzilishi sabab sanksiyalar joriy qilishini nazarda tutadi.
Federal Kengashning tashqi ishlar bo‘yicha qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Vladimir Jabarov RIA Novosti nashriga bergan intervyusida AQSh yangi sanksiyalar qo‘llasa, Rossiya javob berishini ta'kidlagan. «Javob Vashington uchun sezilarli bo‘lishi mumkin», degan senator.
Rossiya hukumati bir necha bor inson huquqlarining buzilishi haqidagi ayblovlarni rad etib, AQSh tomonidan qabul qilingan «Magnitskiy qonuni»ni tanqid qilib keladi. Qo‘shma Shtatlardan keyin shunga o‘xshagan qonunlar Buyuk Britaniya va Yevropa Ittifoqi qonunchiligida ham paydo bo‘ldi.
Ma'lumot uchun, rossiyalik muxolif siyosatchi, Korrupsiyaga qarshi kurash fondi asoschisi Aleksey Navalniy ayni paytda qamoqda. «Iv Roshe» ishi doirasida 2014 yilda Aleksey va uning ukasi Oleg firibgarlikda ayblanib hibsga olingandi. Ular firibgarlik va pul yuvishda ayblangan. Navalniy o‘shanda shartli ravishda 3,5 yilga ozodlikdan mahrum etilgan va uning sinov muddati 2020 yil 30 dekabrda o‘z nihoyasiga yetdi. 2017 yil Inson huquqlari bo‘yicha Yevropa sudi Navalniyning ishida Yevropa konvensiyasi talablari buzilganini e'lon qilgandi. Agar Simonovskiy sudi chiqargan hukm kuchida qoladigan bo‘lsa, Navalniy 2023 yilning oktyabrida ozodlikka chiqishi mumkin.
Avvalroq ham «Navalniy ishi» doirasida Rossiya hukumatining bir qancha vakillariga sanksiyalar joriy qilingandi. Xususan, 2 mart kuni AQSh Rossiya rasmiy shaxslariga nisbatan sanksiyalar kiritgandi. AQSh Rossiyaning kimyoviy va biologik moddalar ishlab chiqarilishiga aloqador 14ta tashkilotiga qarshi cheklovlar kiritgan.
Bundan tashqari, 2 mart kuni Navalniy bilan bog‘liq vaziyat sababli Yevropa Ittifoqining Rossiya mansabdor shaxslariga nisbatan sanksiyalari ham kuchga kirgan. Rasmiy Bryussel Rossiya tergov qo‘mitasi rahbari Aleksandr Bastrikin, bosh prokuror Igor Krasnov, Rosgvardiya direktori Viktor Zolotov va FSIN rahbari Aleksandr Kalashnikovga qarshi sanksiyalar joriy qilgan.
Mavzuga oid
08:22
Yevroittifoq Rossiyaga qarshi sanksiyalarni ilk bor bir yilga uzaytirdi
09:45 / 17.06.2026
Braziliya sobiq prezidentining o‘g‘li qamoq jazosiga hukm qilindi
09:20 / 17.06.2026
G7 sammiti: Rossiya nefti va gaziga qarshi yangi sanksiyalar tayyorlanmoqda
08:33 / 05.06.2026