Jahon | 18:55 / 01.10.2021
9951
1 daqiqa o‘qiladi

Ukraina Rossiya va Belarus chegaralari bo‘ylab devor quradi 

Ukraina ichki ishlar vaziri Denis Monastirskiyning qayd etishicha, chegaralarni to‘liq mustahkamlash uchun 17 milliard griven (637 million dollar) talab qilinadi.

Foto: mvs.gov.ua

Ukraina hukumati Rossiya va Belarus chegaralari bo‘ylab devor qurishga va'da berdi. Bu haqda mamlakat IIV saytida ma'lum qilindi.

Xabar berilishicha, 1 oktyabr kuni ichki ishlar vaziri Denis Monastirskiy Rossiya bilan chegaradagi Lugansk oblastidagi yaqinda qayta jihozlangan chegara uchastkasini ko‘zdan kechirdi.

Monastirskiyning so‘zlariga ko‘ra, bu tizim mamlakatni harbiy tajovuz, diversiya, noqonuniy migratsiya va kontrabandadan muhofaza qiladi. Davlat Rossiya va Belarus bilan chegarani mustahkamlash uchun barcha sa'y-harakatlarni amalga oshiradi, dedi u.

Uning qayd etishicha, chegaralarni to‘liq mustahkamlash uchun 17 milliard griven (637 million dollar) talab qilinadi.

«Devor» loyihasini amalga oshirish tashabbusi 2014 yilda Ukrainaning o‘sha vaqtdagi bosh vaziri Arseniy Yatsenyuk tomonidan ilgari surilgandi.

Улуғбек Акбаров
Tayyorlagan Улуғбек Акбаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid