22:19 / 03.10.2021
11496

Saakashvilini Gruziyaga treyler haydovchisi yashirin tarzda olib kelgan - OAV

Gruziyaning sobiq prezidenti Mixail Saakashvili Ukrainadan o‘z vataniga yuk mashinasida yashirincha tarzda yetkazilgan. Bu haqda Cnews portali yuk mashinasi haydovchisi qarindoshiga tayanib xabar berdi.

Ta'kidlanishicha, siyosatchini Gruziyaga Elguja Tsomaya ismli haydovchi o‘z treylerida olib kelgan. U o‘z mashinasida Gruziyadan Ukrainaga ko‘kat tashish bilan shug‘ullanadi. Manbaning aytishicha, Saakashvili butun yo‘l davomida mashinaning shamollatish bo‘lmasida o‘tirgan.

1 oktabr ertalab Saakashvili ijtimoiy tarmoqlarda Gruziyaga kelganini va Batumida ekanini ma'lum qilgan. Kechga yaqin esa Gruziya bosh vaziri Irakliy Garibashvili siyosatchi hibsga olingani haqida xabar bergan. Uning ta'kidlashicha, Gruziya huquq-tartibot idoralari Saakashvilining Ukrainadan Gruziyagacha harakatlanishi haqida ma'lumotga ega bo‘lgan.

Gruziyada Saakashvili bir nechta jinoiy ish bo‘yicha aybdor deb topilgan va ularning ikkitasi bo‘yicha sirtdan jazo hukmiga tortilgan. Jumladan, u prezident bo‘lgan vaqtda o‘z vakolatlarini suiiste'mol qilganlikda ayblanadi.

Avvalroq Saakashvili “Gruziyani qutqarish uchun vataniga qaytishini”, shu sababli mamlakatda o‘tadigan saylovlar kuni - 2 oktyabrga Tbilisiga aviachipta sotib olganini ma'lum qilgandi. O‘z navbatida, respublika rahbariyati siyosatchi Gruziyaga qaytgudek bo‘lsa, uni turma kutayotganini aytgan.

Mavzuga oid
Top